27-modda. Standartlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin standartlashtirish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin standartlashtirish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Standartning standartlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy talablariga mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi tomonidan rioya etilmagan taqdirda, ularga nisbatan:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — standartlarning majburiy talablariga mos boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi;
xuddi shunday huquqbuzarlik ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida takroran sodir etilganda — standartlarning majburiy talablariga mos boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining yuz foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlagan hollar mustasno.
Undirilgan jarima summasining ellik foizi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
Standartlarning majburiy talablariga mos boʻlmagan mahsulotning kamida yetmish foizini qonunchilikda belgilangan tartibda chaqirib olgan yuridik shaxslar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.
