22-modda. Standartlarni qoʻllash
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Standartlar ixtiyoriy ravishda qoʻllaniladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlaridagi standart talablariga majburiy ravishda rioya etilishiga oid havolalar koʻrsatilgan hollar mustasno (standartning majburiy talabi).
Standartlar mahsulotni ishlab chiqish, loyihalashtirish, ishlab chiqarish, saqlash, sinash, tekshirish va oʻlchash, mahsulotning namunalarini olish bosqichlarida, atamalarga, ramzlarga, oʻrovlarga, tamgʻalashga yoki etiketkalarga hamda ularni tushirishga, mahsulotning ishlashiga (uni qoʻllashga, undan foydalanishga), uni tashishga, realizatsiya va utilizatsiya qilishga (qayta ishlashga) nisbatan, boshqa standartlashtirish obyektlariga nisbatan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish chogʻida qoʻllanilishi mumkin.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasining standartlashtirish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga aʼzoligida;
standartlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari mavjud boʻlganda;
Standartlashtirish boʻyicha milliy organ va xalqaro, mintaqaviy, chet el tashkiloti oʻrtasida standartlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim mavjud boʻlganda;
xalqaro (mintaqaviy) standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qoʻllash chogʻida standartlashtirish organlari bilan tuzilgan shartnomalarga rioya etilganda.
Standartlardan Oʻzbekiston Respublikasining texnik reglamentlarini ishlab chiqish uchun asos sifatida foydalanilishi mumkin. Texnik reglamentlarning talablarini bajarish va mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini tanlovga oid qism boʻyicha ixtiyoriy ravishda baholash uchun oʻzaro aloqador boʻlgan standartlar qoʻllaniladi.
Ishlab chiqaruvchi va (yoki) ijrochi uchun u mahsulotning mazkur standartga muvofiqligini eʼlon qilganda standart talablari bajarilishi shart, shu jumladan mahsulot belgisi tamgʻalashda, foydalanishga oid hujjatlarda yoki boshqa hujjatlarda, shartnomalarda, reklamada, axborot resurslarida va axborot taqdim etishning boshqa shakllarida qoʻllanilgan taqdirda ushbu talablar bajarilishi shart.
Standartlarda mahsulotga oid takrorlanuvchi talablarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyidagi standartlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi:
umummajburiy xususiyatga ega boʻlgan normalarni oʻz ichiga olgan, fuqarolarning huquqlariga, erkinliklariga va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan standartlarni;
