20-modda. Milliy standartlarga oʻzgartishlar kiritish va ularni bekor qilish
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Milliy standartlarga oʻzgartishlar kiritish, milliy standartlarni almashtirish, alohida talablarga qoʻshimchalar kiritish yoki ularni chiqarib tashlash, milliy standartlarning amal qilish muddatlarini uzaytirish yoki tiklash, ularga yangi talablar kiritish va ularni xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uygʻunlashtirish amaldagi qonunchilikning buzilishiga olib kelmaydigan hollarda amalga oshiriladi.
Milliy standartlarga oʻzgartishlar kiritish mazkur standartni ishlab chiquvchi yoki Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy standartlarni bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
mazkur standartlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga zid ekanligi;
mazkur standartlar oʻrniga yangi milliy, xalqaro (mintaqaviy) standart amalga kiritilganligi;
mazkur standartni qoʻllashning dolzarbligi yoʻqolganligi.
Milliy standartni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan shaxslar uni bekor qilish uchun Standartlashtirish boʻyicha milliy organga standartni bekor qilish maqsadga muvofiq ekanligini asoslantirgan holda oʻz takliflarini yuboradi.
Milliy standartlarga oʻzgartishlar kiritish va ularni bekor qilish toʻgʻrisidagi axborot Standartlashtirish boʻyicha milliy organning rasmiy veb-saytiga hamda elektron portaliga joylashtiriladi, shuningdek jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish oltmish kalendar kuni ichida amalga oshiriladi.
