18-modda. Milliy standartlar
Standartlashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-800-son) · Sana: 03.11.2022 · Amalda
Milliy standartlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun standartlashtirish rejasi asosida ishlab chiqiladi va OʻzMSt (Oʻzbekiston Milliy Standarti) belgisiga ega boʻladi.
Milliy standartlarning mazmuni va belgisi boʻyicha rasmiylashtirilishini, tuzilishini belgilash qabul qilingan milliy standartlar talablariga koʻra amalga oshiriladi.
Milliy standartlar quyidagilar inobatga olingan holda ishlab chiqiladi:
ilmiy tadqiqotlarning (sinashning) va oʻlchashning natijalari;
ilm-fan va texnika yutuqlari;
mahsulotning yangi turlarini, jarayonlarni va xizmatlarni qoʻllash orqali orttirilgan amaliy tajriba;
xalqaro (mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning standartlari hamda standartlashtirish obyektiga doir talablarni belgilaydigan boshqa hujjatlar.
Milliy standartlarni ishlab chiqish ushbu Qonunning 11, 12 va 13-moddalarida nazarda tutilgan manfaatdor taraflar tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy standartlarni ishlab chiqishning boshlanishi va yakunlanishi toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek milliy standartlar loyihalari Standartlashtirish boʻyicha milliy organning rasmiy veb-saytiga va elektron portaliga joylashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida milliy standart loyihasini kelishish majburiyligi nazarda tutilgan hollarda, ushbu loyiha tasdiqlanguniga qadar manfaatdor taraflar bilan kelishilishi lozim.
Jamoatchilik muhokamasi davrida milliy standartlar loyihalari standartlashtirish boʻyicha sohaga daxldor texnik qoʻmitada, u mavjud boʻlmagan taqdirda esa Standartlashtirish boʻyicha milliy organda texnik muhokamadan oʻtadi.
Standartlashtirish boʻyicha milliy organning rasmiy veb-saytiga va elektron portaliga joylashtirilgan milliy standartlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi oltmish kalendar kun ichida amalga oshiriladi.
Ishlab chiquvchi milliy standart tasdiqlanishidan oldin standart loyihasini oʻn kalendar kundan oshmagan muddatda ekspertizaga yuboradi.
Milliy standart davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin, biroq ushbu standart davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi axborot Standartlashtirish boʻyicha milliy organning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oltmish kundan keyin amalga kiritiladi.
Milliy standartlar mamlakatimiz ilm-fani va xorijiy ilm-fan yutuqlariga asoslanishi hamda ushbu Qonunning, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokidagi xalqaro shartnomalarning talablariga zid boʻlmasligi kerak.
