Oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
21.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1951-yildagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (keyingi oʻrinlarda — OʻKHXK) doirasida qabul qilingan Fitosanitar choralari boʻyicha xalqaro standartlarga (keyingi oʻrinlarda — FChXS) muvofiq fitosanitariya choralarini samarali implementatsiya qilish uchun oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga intilib,
Tomonlar davlatlarining hududlarini tartibga solinadigan zararli organizmlar olib kirish va tarqalishidan himoya qilish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosidagi fitosanitar xavfni kamaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma choralarni koʻrish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining hududlarini tartibga solinadigan zararli organizmlarning kirib kelishidan himoya qilish, shuningdek, Tomonlar davlatlari oʻrtasida savdo hajmining koʻpayishiga koʻmaklashish maqsadida oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik qiladilar.
Mazkur Bitimda qoʻllanilgan atamalar, OʻKHXK va FChXSlarda nazarda tutilgan atamalar bilan bir xil maʼnoga ega.
Mazkur Bitimdagi “oʻsimliklar karantini obyektlarini tashuvchilar”, “karantin ostidagi mahsulot”, “karantin ostidagi yuklar”, “karantin ostidagi materiallar”, “karantin ostidagi tovarlar” va “tartibga solish obyektlari” atamalari bir xil maʼnoni bildirib, mazkur Bitim maqsadlari uchun “tartibga solish obyektlari” atamasidan foydalaniladi.
2-modda
Tomonlarning mazkur Bitimni muvofiqlashtirish va uning qoidalarini amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati nomidan — Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi.
3-modda
Tomonlar bir-birlarini oʻz davlatlaridagi zararli organizmlardan xoli hududlar hamda zararli organizmlar soni kam boʻlgan ishlab chiqarish joylari, uchastkalar va hududlar toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
Tomonlar zararli organizmlardan xoli hududlarni belgilash, shuningdek, uni saqlab qolish uchun samarali fitosanitariya choralarini qoʻllash boʻyicha oʻzaro tajriba almashadilar.
4-modda
Tomonlar tartibga solinadigan obyektlarni, ularni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish hamda saqlash jarayonlarida zarar yetkazishi mumkin boʻlgan Tomonlar davlatlari uchun tartibga solinadigan zararli organizmlar mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida karantin tekshiruvidan oʻtkazadilar.
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tasdiqlangan, bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga olib oʻtiladigan tartibga solish obyektlarini import, eksport, reeksport va tranzit qilish boʻyicha fitosanitariya qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5-modda
Tomonlar fitosanitar xavf tahlili tizimi sohasida hamkorlik qiladilar hamda yakunlangan fitosanitar xavf tahlili natijalari bilan tanishish maqsadida soʻrov asosida ularni oʻzaro almashishlari mumkin.
6-modda
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga eksport qilinadigan yoki bir Tomon davlatining hududi orqali boshqa Tomon davlatining hududiga tranzit bilan olib oʻtiladigan tartibga solinadigan obyektlar yoki uchinchi mamlakatda kelib chiqqan hamda Tomonlardan biri davlatining hududida qayta qadoqlangan, qayta yuklangan yoki qismlarga ajratilgan tartibga solinadigan obyektlar import qiluvchi Tomon davlatining fitosanitariya talablariga muvofiq uning milliy qonunchiligida nazarda tutilgan boʻlsa, fitosanitariya sertifikati asl nusxasi yoki reeksporg fitosanitariya sertifikati va karantin ruxsatnomasi (import yoki tranzit uchun) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Tartibga solinadigan obyektlar partiyalarini identifikatsiya qilish maqsadida fitosanitariya sertifikatlarida mazkur partiyani tashuvchi transport vositasining raqami (nomi) koʻrsatiladi. Fitosanitariya sertifikatlari 12-sonli FChXSga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Fitosanitariya sertifikatining mavjudligi Tomonlarning oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadigan obyektlarni karantin tekshiruvidan oʻtkazish huquqini istisno etmaydi.
Basharti tartibga solish obyektlari zararsizlantirilishi bir Tomon davlatining hududida amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu obyektlarni boshqa Tomon davlati hududiga olib kirishga, ularning gazsizlantirilishidan (karantin ostidagi mahsulotdan gazni sunʼiy ravishda bartaraf qilish) yoki boshqa Tomon bilan dastlabki kelishuv boʻyicha karantin ostidagi mahsulotni qabul qilayotgan Tomon davlatining hududida gazsizlantirilishidan soʻng ruxsat beriladi.
Tartibga solinadigan obyektlarning reeksporti va tranziti 12-sonli FChXSga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga tartibga solinadigan obyektlar eksport qilinganda qadoqlash mahsuloti sifatida 15-sonli FChXSga muvofiq maxsus ishlov berilgan yogʻoch qadoqlash mahsulotidan foydalaniladi. Oʻsimlik materiallari (pichan, somon, barglar) import qiluvchi Tomonning oldindan roziligisiz qoʻshimcha qadoqlash materiali sifatida ishlatilmaydi. Boshqa qadoqlash materiallari tuproqdan xoli boʻlishi lozim.
Tomonlar oʻz davlatlari uchun tartibga solinadigan zararli organizmlar tashuvchisi boʻlishi mumkin hisoblangan tirik ildizli oʻsimliklarni tuproq bilan olib kirilishini taqiqlaydilar.
Tartibga solinadigan obyektlarni bir Tomon davlatidan boshqa Tomon davlatining hududiga olib oʻtish uchun foydalaniladigan transport vositalari toʻliq tozalangan, zarur hollarda, zararsizlantirilgan boʻlishi lozim.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra urugʻ va ekish materiallari import qilingan holatda, import qiluvchi Tomon davlatining fitosanitariya talablariga muvofiq, eksport qiluvchi mamlakatning ushbu mahsulotlarni yetishtirish joylarida (koʻchatzorlar, plantatsiyalar) monitoring oʻtkazish ishlari tashkillashtirilishi mumkin.
8-modda
Chegara punktlarida karantin tekshiruvi paytida import qilinayotgan tartibga solinadigan obyektlarni fitosanitariya qoidalari va talablariga nomuvofiqligi boʻyicha jiddiy holatlar aniqlansa, import qilayotgan Tomon ushbu mahsulotlarni yoʻq qilish yoki qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Fitosanitariya qoidalari va talablariga jiddiy nomuvofiqliklar quyidagi holatlar hisoblanadi:
tartibga solinadigan zararli organizmlarning aniqlanishi;
fitosanitariya sertifikatlarining mavjud emasligi;
fitosanitariya sertifikatlarida tasdiqlanmagan oʻzgarishlar yoki oʻchirishlar boʻlganda;
soxta fitosanitariya sertifikatlari aniqlanganda;
olib kirish uchun taqiqlangan yuklar kirib kelganda.
Fitosanitariya talablari buzilishining boshqa holatlarida Tomonlar import qilayotgan shaxslarga aniqlangan nomuvofiqlikni bartaraf etishga imkoniyat beradilar. Shaxslar tomonidan qoidabuzarliklar belgilab berilgan muddat ichida bartaraf etilmagan hollarda, import qiluvchi Tomon tartibga solish obyektlarini qaytarish yoki yoʻq qilish huquqiga ega.
9-modda
Import qilinadigan tartibga solinadigan obyektlarning fitosanitariya qoidalari va talablariga nisbatan nomuvofiqlik holatlari aniqlangan hollarda, import qiluvchi Tomon boshqa Tomonga 13-sonli FChXSga muvofiq qoidabuzarlik turi va koʻrilgan choralarni oʻzida aks ettirgan notifikatsiya yuboradi.
Notifikatsiya qoidabuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir oy davomida yuboriladi. Notifikatsiya sababini tasdiqlashda (masalan, organizmni identifikatsiyalashda) sezilarli kechikish yuz bergan holda, Tomonlar dastlabki notifikatsiyani yuborishlari mumkin.
Notifikatsiya olgandan soʻng eksport qiluvchi Tomon aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha choralarni koʻradi va natijalari toʻgʻrisida import qiluvchi Tomonni oʻz vaqtida xabardor qiladi.
10-modda
Eksport qiluvchi Tomonning soʻroviga binoan va ijobiy baho berilgan taqdirda, boshqa Tomon eksport qiluvchi Tomondan qabul qilinadigan fitosanitariya choralarini 24-sonli FChXSga muvofiq ekvivalent sifatida tan olishi mumkin.
Tomonlar fitosanitariya choralari ekvivalentligini tan olish tartibini alohida kelishib olishlari mumkin.
11-modda
Tomonlar fitosanitariya sertifikatlarini elektron almashish tizimini joriy etish imkoniyatlarini koʻradilar. Mazkur tizimni amalga oshirish mexanizmini oʻzaro kelishish maqsadida Tomonlar alohida chora-tadbirlar rejasini kelishishlari mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq amaliy masalalarni hal qilish maqsadida Tomonlar boʻlib oʻtadigan qoʻshma majlislarni navbatma-navbat oʻzlarining davlatlari hududida yoki zarur hollarda, videokonferensiya rejimida tashkil etadilar.
Yigʻilishlarning tashkiliy xarajatlari qabul qiluvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
Bunday majlislarning joyi, sanasi va kun tartibi Tomonlar tarafidan oldindan belgilanadi.
13-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlar davlatlarining ular ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
14-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Bitimning 16-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
16-modda
Mazkur Bitim Tomonlar tarafidan Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi haqida yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi. Basharti Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab olti (6) oy oʻtgandan keyin tugatiladi.
Mazkur Bitim kuchga kirgandan keyin 2003-yil 13-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2022-yil 21-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
