5-modda. Emitentlarning investorlarga axborot taqdim etishga doir majburiyatlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida (262-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Emitent qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi toʻgʻrisidagi (qimmatli qogʻozlar chiqarilgani davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani, investorlarni qimmatli qogʻozlar emissiyasi prospekti bilan tanishtirish joyi va tartibi toʻgʻrisidagi) maʼlumotlarni ushbu qimmatli qogʻozlarning emissiyasi boshlanishiga kamida ikki hafta qolganida eʼlon qiladi, shuningdek qimmatli qogʻozlar emissiyasi shartlaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi axborotni bu oʻzgarishlar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin eʼlon qiladi.
Oʻz qimmatli qogʻozlari qimmatli qogʻozlar bozorida muomalada boʻlgan emitentlar investorlarga qimmatli qogʻozlarning emissiyasi prospekti bilan, oʻzlarining oʻtgan ikki yildagi moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi (agar bunday faoliyat amalga oshirilgan boʻlsa) yillik hisobotlari bilan, ilgari oʻzlari chiqargan qimmatli qogʻozlar haqidagi axborot bilan tanishish imkoniyatini taʼminlashlari shart.
Emitent qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda investorlarga boshqa axborotni ham taqdim etishi shart.
Emitent ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni yozma shaklda investorga taqdim etganlik uchun undan nusxa koʻchirishga sarflanadigan xarajatlardan oshmaydigan miqdorda haq olishi mumkin.
