3-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida investorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida (262-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Investorlar qimmatli qogʻozlar bozorida quyidagi huquqlarga ega:
emitentdan qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi, emitentning joriy moliyaviy holati va uning rivojlanish istiqbollari haqidagi axborotni taqdim etishni talab qilish;
qimmatli qogʻozlar bozorida ularga oʻz xizmatlarini taklif etuvchi investitsiya institutlaridan ushbu Qonunning 6-moddasiga muvofiq ular toʻgʻrisidagi, shuningdek qimmatli qogʻozlarning fond birjasidagi savdolarini va birjadan tashqari savdosini oʻtkazish qoidalari haqidagi axborotni talab qilish;
pul va boshqa toʻlov mablagʻlari, mol-mulki bilan, shuningdek pul qiymatiga ega boʻlgan huquqlari (shu jumladan, mulkiy huquqlar) asosida qonun hujjatlarida va emitentning taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlarga investitsiyalar qoʻyish;
qimmatli qogʻozlar bozoridagi oʻz tavakkallarini sugʻurtalash;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organidan investitsiya institutlari va ularning birlashmalari toʻgʻrisida, qimmatli qogʻozlar emissiyasini toʻxtatib qoʻyishga, qimmatli qogʻozlar bozoridagi kasbiy faoliyatga doir litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish, tugatish va bekor qilishga doir barcha holatlar, investitsiya institutlari va emitentlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining daʼvo arizalari boʻyicha emitentlar yoki investitsiya institutlariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari haqida axborot olish;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga emitentlar yoki investitsiya institutlari tomonidan ularning huquqlari buzilayotganligi toʻgʻrisidagi shikoyatlar bilan murojaat qilish;
fond birjasi aʼzolari, uning mansabdor shaxslari va mutaxassislari tomonidan huquqlari buzilgan taqdirda fond birjasiga shikoyatlar bilan murojaat qilish;
qimmatli qogʻozlar bozorida huquqlari buzilganligi va yetkazilgan zararlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilish;
investorlarning birlashmalari orqali oʻz huquqlarini himoya qilish.
Investorlar qimmatli qogʻozlar bozorida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
