Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
21.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida tarixan shakllangan doʻstona munosabatlarni eʼtiborga olgan holda,
savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish istagida,
bunday hamkorlikni rivojlantirish uchun sanoat mulkini samarali va munosib muhofaza qilish zaruratini tan olgan holda,
oʻzaro foyda va tenglik prinsiplaridan kelib chiqib,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “sanoat mulki” tushunchasi 1883 yil 20-martda imzolangan, 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda qayta koʻrilgan, 1979-yil 2-oktabrda oʻzgartirishlar kiritilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Parij konvensiyasining (keyingi oʻrinlarda — “Parij konvensiyasi”) 1-moddasida koʻrsatilgan mazmunda tushuniladi.
2-modda
Sanoat mulkini muhofaza qilish borasida Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik mazkur Bitim, Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalar va Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
3-modda
Tomonlar quyida koʻrsatilgan yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻlik masalalarni hal etish;
Tomonlarning sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida xalqaro konvensiyalar normalari va qoidalarini Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligiga implementatsiya qilish boʻyicha oʻzaro hamkorligi;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida maʼlumotlar, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, tajriba almashinuvi.
Tomonlar, shuningdek, hamkorlikning oʻzaro kelishilgan boshqa yoʻnalishlari boʻyicha ham hamkorlikni amalga oshirishlari mumkin.
4-modda
Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida bir Tomon davlatining jismoniy va yuridik shaxslari boshqa Tomon davlati hududida mazkur Tomon davlatining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq uning jismoniy va yuridik shaxslari uchun taqdim etiladigan huquq va huquqiy himoya vositalaridan foydalanadilar.
Mazkur Bitim bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha Tomonlar Parij konvensiyasining qoidalarini qoʻllaydilar.
5-modda
Tomonlar, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Ozarbayjon Respublikasining istalgan jismoniy yoki yuridik shaxsi quyidagi hollarda litsenziyaviy shartnoma tuzmasdan turib ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish huquqini saqlab qolishini tan oladilar:
a) basharti muayyan ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish boshqa shaxslar tomonidan SSSR mualliflik guvohnomasi berilgan ushbu ixtiro yoki sanoat namunasiga milliy patent berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma topshirilgan sanaga qadar qonuniy tarzda boshlangan boʻlsa;
b) basharti jismoniy va yuridik shaxsning ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanishga doir huquqi mazkur davlat qonunchiligida belgilangan normalarga zid boʻlmasa.
Bu oʻrinda mualliflarga mukofot puli toʻlanishi koʻrsatilgan ixtiro yoki sanoat namunasi hududida foydalanilayotgan yoxud foydalanilmoqchi boʻlgan Tomon davlatining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda
Bir Tomon davlatining jismoniy va yuridik shaxslari boshqa Tomon davlati hududida ushbu Tomon davlatining sanoat mulki obyektlariga taalluqli patent fondlari, kutubxonalar, maʼlumotlar majmuasidan jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan sharoitlarda foydalanadilar.
7-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilardir (keyingi oʻrinlarda — “Vakolatli organlar”):
Ozarbayjon Respublikasida — Ozarbayjon Respublikasi Intellektual mulk agentligi.
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.
8-modda
Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi mazkur Bitimni amalga oshirishga doir yozishmalar rus tilida olib boriladi.
Muhofaza hujjatlarini berish, muhofaza hujjatlarini olish va ularni oʻz kuchida saqlab turish uchun soʻrovnomalarni topshirishda har ikki davlatning patent vakillari oʻzarolik prinsipi asosida bevosita har ikkala Tomon davlatlarining sanoat mulki obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organlari bilan, faqatgina milliy soʻrovnoma topshirgan soʻrovnoma beruvchilarning manfaatlarini ifoda qilgan holda ish yuritishlari mumkin. Bir Tomon davlatining soʻrovnoma beruvchilariga va ularning qonuniy vakillariga oʻz davlati milliy qonunchiligida belgilangan tartibda muhofaza hujjatlarini berish, muhofaza hujjatlarini olish va ularni oʻz kuchida saqlab turish uchun soʻrovnomalarni topshirishga doir ishlarni bevosita boshqa Tomon davlatining sanoat mulki obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organi bilan oʻzarolik prinsipi asosida ish yuritish huquqi ham taqdim etiladi.
Bir Tomon davlatining soʻrovnoma beruvchilari tarafidan boshqa Tomon davlatining sanoat mulki obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha vakolatli organiga topshiriladigan patent berish uchun soʻrovnoma sanoat mulki obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha milliy vakolatli organga soʻrovnoma topshirilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, ikkinchi Tomon tarafidan qabul qilinadi.
9-modda
Har bir Tomon milliy qonunchilikka muvofiq mazkur Bitim doirasida almashiladigan maxfiy axborotni himoyalash boʻyicha, shuningdek, ushbu maʼlumotlarni mazkur moddada koʻrsatilgan axborotni taqdim etgan Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tomonga oshkor qilinishiga yoki tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻradi.
10-modda
Mazkur Bitimni koʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan har qanday nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar tarafidan maslahatlashuvlar va (yoki) muzokaralar orqali hal etiladi.
11-modda
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikni moliyalashtirish vakolatli organlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq holda olingan mablagʻlar asosida amalga oshiriladi.
12-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda mazkur Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 (besh) yil muddatga tuziladi, basharti Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugashiga 6 (olti) oy qolgunga kadar boshqa Tomonni mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma xabardor qilmasa, keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi Tomonlar davlatlarining jismoniy va yuridik shaxslariga soʻrovnomalarga binoan berilgan yoki berilishi mumkin boʻlgan muhofaza hujjatlarining amal qilishiga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2022-yil 21-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchilik yuzaga kelgan hollarda, Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)
