Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida (2457-IV-son)
06.09.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, qayd etadiki, Davlat budjetining ijrosi “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan budjet parametrlari doirasida, belgilangan ijtimoiy, iqtisodiy investitsiya va rivojlantirish dasturlarining ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
Hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YIM) hajmi 389,6 trln. soʻmni tashkil etib, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 5,4 foizga oʻsgan. Tashqi savdo aylanmasi 24,5 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, 2021-yilning mos davriga nisbatan 32,4 foizga oʻsgan. Bunda eksport 40,5 foizga ortib 9,9 mlrd. AQSh dollarini, import esa 27,4 foizga koʻpayib 14,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan.
2022-yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) daromadlari 92,6 trln. soʻmni tashkil etgan. Bunda prognoz qilingan 87,3 trln. soʻmga nisbatan 106,0 foizga yoki 5,2 trln. soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 17,8 trln. soʻmga oʻsgan.
Davlat budjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 103,0 trln. soʻmni yoki YIMga nisbatan 26,4 foizni hamda aniqlangan xarajatlar rejasiga nisbatan 94,9 foizni tashkil etgan. Shuningdek mahalliy budjetlar ixtiyorida jami 4 trln. soʻm mablagʻ qoldirilgan.
Hisobot davrida Davlat budjetining ijtimoiy yoʻnaltirilganlik tamoyili saqlab qolingan holda, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun 54,0 trln. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 52,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflangan. Shuningdek “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida birinchi yarim yillik yakuniga koʻra 3 557 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarning hajmidan kelib chiqib 1 112,7 mlrd. soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar bilan birga, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan tasdiqlangan sogʻliqni saqlash sohasiga doir davlat rivojlantirish dasturlari uchun 339,3 mlrd. soʻm ajratilib, shundan 299,9 mlrd. soʻm sarflangan holda reja 12 foizga bajarilmay qolgan. Xususan, buyrak va jigar transplantatsiyasi boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlashga doir xarajatlar uchun hisobot davrida 2,9 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan 1,9 mlrd. soʻmi sarflangan, yaʼni 35 foizi ishlatilmagan. Bundan tashqari, endokrinologik kasalliklarga chalingan bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlashga doir xarajatlarning 22 foizigina oʻzlashtirilgan.
Xalq taʼlimi muassasalarini keng polosali Internet tarmogʻiga ulash uchun zarur boʻlgan xarajatlarga ajratilgan budjet mablagʻlarining 13 foizigina oʻzlashtirilgan. Tut parvonasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan umuman ishlatilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining joriy xarajatlari 51,9 foizga, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining joriy xarajatlari 73,5 foizga bajarilgan.
Mahallalarda madaniy-maʼrifiy tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasiga Davlat budjetidan qoʻshimcha 5,0 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, haqiqatda 3,1 mlrd. soʻm ishlatilgan yoki reja 38 foizga bajarilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan uy hayvonlarini vaksinatsiya qilish xarajatlari rejasi 63 foizga bajarilmagan, shuningdek lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun ajratilgan budjet mablagʻlari umuman ishlatilmasdan qolgan.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot qonunda belgilangan tartibda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini, ular tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning olti oyidagi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 111,2 trln. soʻmni, xarajatlari esa 123,1 trln. soʻmni tashkil etib, 11,9 trln. soʻm taqchillik bilan bajarilganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
iqtisodiyot sohalarining barqaror faoliyat koʻrsatishi, makroiqtisodiy oʻsishni va narxlar, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash va ishlab chiqarishni koʻpaytirish orqali aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish;
davlat dasturlarida budjet mablagʻlari hamda boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan ijtimoiy sohaga, jumladan 2022 — 2024-yillar uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari ijrosi, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga oid loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda oqilona foydalanilishi ustidan taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning toʻgʻri va oʻz vaqtida sarflanishi hamda ulardan maqsadli hamda oqilona foydalanilishini, shuningdek ushbu mablagʻlarning natijadorligini taʼminlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini takomillashtirish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarning oʻz vaqtida hamda qatʼiy ravishda tasdiqlangan meʼyorlar doirasida yil yakunigacha amalga oshirilishini taʼminlash, ortiqcha budjet xarajatlariga yoʻl qoʻymaslik, samarasiz va past samarali xarajatlarni maqbullashtirishga oid chora-tadbirlarni birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar bilan birgalikda amalga oshirish;
tegishli vazirlik va idoralarning budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq 2022 — 2024-yillar uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari boʻyicha doimiy monitoringni olib borish hamda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan amaldagi qonunchilik talablariga koʻra nazoratni taʼminlash;
budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet intizomini buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlarni amalga oshirish holatlarining kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilgan holda, qonun buzilishlarining oldini olishga qaratilgan taʼsirchan nazorat mexanizmini oʻrnatish ishlarini tashkil etish hamda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarda doimiy aks ettirib borish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda budjet daromadlari tushumlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va undirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosini koʻrib chiqayotganda 2022 — 2024-yillar uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining ijrosini nazorat qilish, tadbirkorlik faolligini oshirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalarda budjet mablagʻlaridan samarali hamda maqsadli foydalanish, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq va amaliy takliflarni kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib, tegishli davlat organlari rahbarlarining 2022 — 2024-yillar uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari ijrosi yuzasidan axborotini eshitish choralarini koʻrsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-sentabr,
2457-IV-son
