Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (592-son)
13.10.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash boʻyicha davlat xizmati sifatini oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari manzilliligini va samaradorligini oshirib borish, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2021-yil 29-oktabrdagi OʻRQ-726-son, “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 9-fevraldagi OʻRQ-752-son, “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-son hamda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida” 2022-yil 19-sentabrdagi OʻRQ-791-son Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2021-yil 29-oktabrdagi OʻRQ-726-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq pensiya hisoblashda 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning faqat mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanishi, pensiya shaxsning tanloviga koʻra uning yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi tomonidan toʻlanishi, tekshirish (oʻrganish) oʻtkazish boshlangan sanadan avvalgi uch yil va undan ortiq davrda tayinlangan va (yoki) qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlarga binoan qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga (oʻrganilishiga) hamda ular boʻyicha toʻlangan ortiqcha summalarning ushlab qolinishiga (undirilishiga) yoʻl qoʻyilmasligi;
“Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 9-fevraldagi OʻRQ-752-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq vafot etgan boquvchining mehnatga layoqatsiz farzandlari uchun 18 yoshga qadar, agar ushbu farzandlar taʼlim tashkilotlarining oʻquvchisi yoki talabasi boʻlib hisoblansa, oʻqishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga toʻlguniga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi toʻlanishi, shaxsning bolani parvarishlash bilan band boʻlgan 6 yillik taʼtil vaqti pensiya hisoblashda ish staji sifatida inobatga olinishi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida inson uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi munosabati karantin joriy etilgan vaqtda shaxsga pensiya tayinlash muddati shaxsning karantin davrida pensiya olish huquqi paydo boʻlgan vaqtdan boshlab tayinlanishi;
“Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq shaxsni nogironligi boʻlgan shaxs deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan aniqlanishi;
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida” 2022-yil 19-sentabrdagi OʻRQ-791-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalarni hisob-kitob qilish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn ikki baravaridan kelib chiqib hisoblanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat pensiyalarini tayinlash uchun murojaat qilish, pensiyalar tayinlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim qilish tartibi;
davlat pensiyalarini tayinlashda mehnat staji, shu jumladan, ayrim toifa fuqarolar uchun imtiyozli asoslardagi mehnat stajini hisoblash tartibi;
davlat pensiyalarini tayinlashda ustama haqlarni hisoblab chiqish tartibi;
tayinlangan davlat pensiyalari turini oʻzgartirish, qayta hisoblash va tiklash tartibi;
tayinlangan davlat pensiyalarini toʻlash va chegirmalarni amalga oshirish tartibi.
21. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqini ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarini qoʻllagan holda qayta hisoblab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarini qoʻllagan holda pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqini qayta hisoblab chiqish tartibi;
ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyenti formulasi.
22. Belgilansinki, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab pensiya oluvchilarga oʻz xohishiga koʻra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-oktabr,
592-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun) muvofiq davlat pensiyalarini tayinlash, pensiya imtiyozlarini qoʻllash, qayta hisoblash, tiklash, toʻlash, pensiyadan chegirma qilish, fuqarolarni pensiya va boshqa toʻlovlar bilan taʼminlashga doir masalalarni hal qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlarida quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
band shaxs — oʻzini ish bilan mustaqil taʼminlaydigan va ish vaqtini hisobga olish mumkin boʻlmagan jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar, 2021-yil 1-iyundan keyingi davr uchun turmush oʻrtogʻining mehnatga haq toʻlash tarzidagi oʻz daromadidan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq toʻlangan jismoniy shaxs, jazoni ijro etish muassasasi tomonidan har qanday bajargan ishi uchun ijtimoiy soliq toʻlangan shaxs, qonunchilik hujjatlariga asosan oʻzini oʻzi band qilgan shaxs, shu jumladan, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi, bevosita qoramol oʻstiradigan hamda chorvachilik mahsulotlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotadigan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaligida band boʻlgan shaxs, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik subyekti;
ish staji — mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) va ish joyidan, xizmatdan, oʻqishdan yoki arxivdan berilgan boshqa hujjatlar boʻyicha aniqlangan, ishdagi tanaffuslardan qatʼi nazar, qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqini beradigan mehnat faoliyati va boshqa faoliyatning umumiy davomiyligi;
ish haqi — shaxsning pensiyani hisoblash (qayta hisoblash) uchun qabul qilinadigan ish haqi;
maxsus ish staji — xalq xoʻjaligining muayyan tarmoqlarida, kasblar va lavozimlarda qonunchilikka muvofiq imtiyozli pensiya taʼminoti huquqini beradigan mehnat faoliyatining davomiyligi;
nafaqa — Qonunda belgilangan shartlarga va meʼyorlarga muvofiq davlat pensiyasini olish huquqiga ega boʻlmagan shaxslarga nafaqa yoshiga toʻlishi, nogironlik yoki boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul toʻlovi;
pensiya — uni olish huquqi Qonunda belgilangan shartlarga va meʼyorlarga muvofiq aniqlanadigan hamda shaxslarga pensiya yoshiga toʻlish, nogironlik yoki boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul toʻlovi;
pensiya va boshqa toʻlovlar — davlat pensiyalari, shuningdek, faxriy unvonga sazovor boʻlgan pensionerlarga qoʻshimcha haq, belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam miqdorda pensiya oluvchi shaxslarga va 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga har oylik qoʻshimcha toʻlovlar, uy-joy kommunal xizmatlari toʻlovlari hamda avtobenzin sotib olish xarajatlari uchun har oylik pul kompensatsiya toʻlovlari, 1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, oylik qoʻshimcha toʻlov, Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga va 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga har yili sanatoriylarda sogʻlomlashtirish kursini olish oʻrniga yoʻllanmaning oʻrtacha qiymatiga teng kompensatsiya toʻlovlari, Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga va yadro poligonlari hamda boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga yillik bir yoʻla moddiy yordam pullari, 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironligi boʻlgan shaxslarga yillik bir martalik pul mukofotlari, 1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar oʻrniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida toʻlanadigan kompensatsiya puli, pensiyalardan aliment toʻlovlari, oʻrnatilgan tartibda tugatilgan tashkilotlar xodimlariga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zarar summalari;
pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildi turadigan joy — pensioner yashash joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi) tuman (shahar) boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi);
pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildi (pensiya ishi) — pensiya va/yoki kompensatsiya pul toʻlovini soʻrab murojaat qilgan shaxsga pensiya yoki kompensatsiya tayinlangan hujjatlarning tikilgan turkumi va/yoki Pensiya jamgʻarmasining “Pensiya” axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) saqlanadigan pensiya va/yoki kompensatsiya pul toʻlovini soʻrab murojaat qilgan shaxsning elektron koʻrinishdagi pensiyaga va/yoki kompensatsiya pul toʻloviga oid hujjatlari va/yoki maʼlumotlari;
axborot tizimi — Pensiya jamgʻarmasi axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etish — Qonunning 7, 8 va 15-moddalarida belgilangan pensiyalardan tashqari shaxsning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga bevosita tashrif buyurgan holda ariza berishi, shaxsning yashash joyidan qatʼi nazar eksterritorial tamoyil asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali (keyingi oʻrinlarda — Davlat xizmatlari markazi) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) roʻyxatdan oʻtib soʻrovnomani toʻldirgan holda pensiya tayinlash uchun murojaat qilishi;
pensiyani qayta hisoblashni soʻrab murojaat etish — pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish, pensiyaning bir turidan boshqa turiga oʻtkazish, ilgari toʻxtatib qoʻyilgan (toʻxtatilgan) pensiya toʻlashni belgilangan tartibda tiklash (qayta tiklash) toʻgʻrisida yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ariza berish;
shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan va belgilangan tartibda istiqomat uchun berilgan guvohnoma olgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
yashash joyi — turar joy, kvartira, xizmat turar joyi, ixtisoslashtirilgan uylar (yotoqxona, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar uchun Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari va boshqalar), shuningdek, pensiya uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs ijaraga olish shartnomasi (ikkilamchi ijara), ijara shartnomasi yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha mulkdor sifatida doimiy yashaydigan (yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan) boshqa turar joy, doimiy yashash joyi mavjud boʻlmagan (yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmagan) taqdirda — vaqtincha yashash (turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish) joyi;
qonuniy vakil — qonunchilikda belgilangan tartibda shunday deb eʼtirof etilgan ota-onalar, farzandlikka oluvchi, yetim bola va/yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani oilaga tarbiyaga (patronat) oluvchi, vasiy yoki homiylik qiluvchi;
qaydnoma — pensioner familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi, pasport (identifikatsiya ID-karta) maʼlumotlari, pensiya toʻlov muddati, miqdoriga doir maʼlumotlar aks ettirilgan, pensiya toʻlovi uchun pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filialiga taqdim etiladigan elektron shakldagi hujjat;
pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) davri — pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) amalga oshiriladigan joriy toʻlov oyining toʻrtinchidan yigirma yettinchi sanasigacha boʻlgan davr;
pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish uchastkasi — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolari, pensiya oluvchilar tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlarni olishi uchun qulay boʻlgan boshqa maʼmuriy binolar;
sayyor kassa — kassa tarmogʻidan tashqarida, pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat bankining maxsus avtomashinasi yordamida aholi yashash joyiga chiqqan holda pensiya va boshqa toʻlovlarni tarqatish hamda kommunal va boshqa turdagi toʻlovlarni qabul qilish uchun tashkil qilingan yetkazib berish yuklatilgan tijorat bank kassasi;
kompensatsiya pul toʻlovi — ushbu Nizomda belgilangan shartlar va meʼyorlarga muvofiq olish huquqi aniqlanadigan hamda uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga har oyda toʻlanadigan oylik pul toʻlovi;
kompensatsiya pul toʻlovini proaktiv shaklda tayinlash — qonunchilik hujjatlariga muvofiq kompensatsiya pul toʻlovini olish huquqi paydo boʻlgan shaxsga uning biror — bir shakldagi murojaati talab etilmaydigan, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda axborot tizimlari orqali inson omilisiz koʻrsatiladigan davlat xizmati;
proaktiv shaklda pensiya tayinlash — shaxsga Qonunning 7 va 8-moddalarida belgilangan pensiya yoshiga toʻlishi va/yoki Qonunning 15-moddasiga muvofiq nogironlik guruhi belgilanishi munosabati bilan Pensiya jamgʻarmasi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, axborot tizimlari orqali inson omilisiz koʻrsatiladigan davlat xizmati;
proaktiv shaklda pensiyani qayta hisoblash — Qonunning 49-moddasi ikkinchi qismida belgilangan shartlar asosida nogironlik pensiyasini qayta hisoblash boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, axborot tizimlari orqali inson omilisiz koʻrsatiladigan davlat xizmati.
3. Bir vaqtning oʻzida Qonun boʻyicha va Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan alohida toifadagi fuqarolarning pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq pensiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxsga pensiyaning bir turi uning tanlashi boʻyicha tayinlanadi. Bunda aynan bir qonunda belgilangan pensiyaga oid imtiyozlar boshqa qonun talablari asosida pensiya tayinlanishi munosabati bilan qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Fuqarolarning pensiya tayinlash va toʻlash, shuningdek, pensiya taʼminoti bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqish qonunchilik hujjatlari va/yoki ushbu Nizomda nazarda tutilgan shartlar va meʼyorlar asosida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etish tartibi
5. Tashkilot maʼmuriyati pensiya olish huquqiga ega boʻladigan xodimlarga pensiya tayinlash uchun hujjatlarni oldindan tayyorlashi va zarurat boʻlganda yetishmayotgan hujjatlarni tashkilotlardan soʻrab olish choralarini koʻrishi lozim.
Tashkilot maʼmuriyati toʻplangan barcha hujjatlar asosida Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi oʻrinlarda — “YAMMT” IDAK) orqali pensioner yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboradi.
6. Tashkilot maʼmuriyati xodim pensiya yoshiga yetgan kundan kechiktirmay uning pensiya olish huquqiga ega boʻlganini bildirishga majbur.
Tashkilot maʼmuriyati qonunchilikka muvofiq xodimning pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (mehnat staji, ish haqi va boshqalar) “YAMMT” IDAKga kiritishi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishi lozim.
Shaxs pensiya tayinlashni soʻrab yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ushbu Nizomga 22-ilovaga muvofiq shakldagi arizani toʻldirgan holda, shuningdek, Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YIDXPdan roʻyxatdan oʻtib ushbu Nizomga 28-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha soʻrovnoma toʻldirgan holda murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YIDXPdan roʻyxatdan oʻtgan holda pensiya tayinlashni soʻrab ushbu Nizomga 29 — 31-ilovalarga muvofiq sxemalar asosida murojaat qilinadi.
7. Pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza qonunchilikka muvofiq pensiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan uning yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Pensiya tayinlanadigan shaxs balogʻatga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz boʻlgan taqdirda, ariza yoki soʻrovnoma uning qonuniy vakili tomonidan beriladi.
Shaxs yoki qonuniy vakil pensiya tayinlashni soʻrab Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga bevosita tashrif buyurgan holda ariza berish, pochta orqali ariza berish, yashash joyidan qatʼi nazar, Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YIDXPdan roʻyxatdan oʻtgan holda soʻrovnomani toʻldirib, murojaat qilish huquqiga ega.
Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YIDXPdan roʻyxatdan oʻtgan holda pensiya tayinlash, shuningdek, proaktiv shaklda pensiya tayinlash shaxsning pensiya olish huquqini beradigan maʼlumotlari “YAMMT” IDAKda raqamlashtirilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Bunda shaxs yoki qonuniy vakil tomonidan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim qilingan ish staji, ish haqi va ustamaga oid raqamlashtirilmagan maʼlumotlar yoki hujjatlar orqali pensiya tayinlanishi yoki qayta hisoblanishi mumkin.
8. Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiyani tayinlash yoki qayta hisoblashni soʻrab manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ushbu Nizomga 22-ilovaga muvofiq shakldagi arizani toʻldirib yoki Davlat xizmatlari markazining davlat xizmatini koʻrsatish xizmatidan foydalangan holda, ushbu Nizomga 28-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani toʻldirish orqali pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilish huquqiga ega.
Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar ushbu Nizomda belgilangan umumiy tartibda proaktiv shaklda tayinlanadi, shu jumladan, Qonunning 49-moddasi ikkinchi qismida belgilangan nogironlik pensiyasi proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.
Shaxsning pensiyani tayinlash va/yoki qayta hisoblash toʻgʻrisidagi arizasi manzil-koloniya maʼmuriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi. Bunda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsga manzil-koloniya maʼmuriyati tomonidan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim qilingan ish staji, ish haqi va ustamaga oid raqamlashtirilmagan maʼlumotlar yoki hujjatlar asosida pensiya tayinlanadi va/yoki pensiya miqdori qayta hisoblanadi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi:
shaxsning ish stajiga oid maʼlumotlar asosida pensiyani tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur boʻlgan va ushbu Nizomning 12 — 14-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻplashda amaliy yordam koʻrsatadi;
pensiya toʻlanishini tiklash yoki davom ettirish toʻgʻrisidagi arizaga asosan pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildini Pensiya jamgʻarmasining tegishli boʻlimidan talab qilib oladi.
9. Fuqaro pensiya tayinlashni soʻrab pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish huquqiga ega.
10. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi shaxs tegishli ariza yoki soʻrovnoma orqali murojaat qilgan taqdirda, pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
Qonunning 7, 8 va 15-moddalarida belgilangan pensiyalarni tayinlash, Qonunning 49-moddasi ikkinchi qismida belgilangan shartlar asosida nogironlik pensiyasini qayta hisoblash fuqaroning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda amalga oshiriladi, kompensatsiya pul toʻlovini olish huquqini beruvchi maʼlumotlar axborot tizimida mavjud boʻlganda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi Qonun hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan shartlar va meʼyorlarga muvofiq pensiyani tayinlash (qayta hisoblash) yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash masalasini koʻrib chiqadi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan pensiya va kompensatsiya toʻlovini proaktiv shaklda tayinlashning (qayta hisoblash) texnik kamchiliklar sababli imkoni boʻlmaganda, ushbu jarayon mazkur Nizomda belgilangan umumiy asoslarda murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilish Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali amalga oshirilganida Qonun va ushbu Nizom qoidalariga muvofiq axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlar asosida pensiya hisoblab chiqiladi.
Pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan mehnat staji, ish haqi yoki pensiya miqdoriga taʼsir etuvchi boshqa maʼlumotlar raqamlashtirilmagan hollarda shaxs yoki qonuniy vakil yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga pensiya tayinlashni soʻrab ariza berish huquqiga ega.
Shaxsning yoki qonuniy vakilning pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi arizasi yoki soʻrovnomasi, Qonunning 7, 8 va 15-moddalarida belgilangan pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash va Qonunning 49-moddasi ikkinchi qismida belgilangan nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda qayta hisoblash, shuningdek, kompensatsiya pul toʻlovini proaktiv shaklda tayinlash axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari pensiya va kompensatsiyalar keyingi birinchi ish kunida proaktiv shaklida tayinlanadi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan ariza beruvchiga ariza qabul qilingan sana koʻrsatilgan holda tilxat, shuningdek, olingan va yetishmayotgan hujjatlar roʻyxati beriladi.
Pensiya tayinlashni soʻrab Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali murojaat qilinganida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi murojaat qiluvchining soʻrovnomada keltirilgan mobil telefon raqamiga yoki shaxsiy kabinetiga uning murojaati qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Agar ariza pochta orqali yuborilsa va bunda barcha zarur hujjatlar ham ilova qilingan boʻlsa, ushbu arizani joʻnatishning pochta shtempelida koʻrsatilgan sanasi pensiya soʻrab murojaat etilgan kun hisoblanadi.
Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi qoʻshimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligi toʻgʻrisida 5 kunlik muddatda yozma ravishda va ariza beruvchining mobil telefon raqamiga “SMS” xabarnomani yuborgan holda maʼlum qiladi. Agar ular qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilishi lozimligi toʻgʻrisida xabarnoma olingan kundan boshlab uch oydan kechikmay taqdim etilsa, pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi shaxsga pensiya tayinlash (qayta hisoblash) masalalari boʻyicha tushuntirishlar hamda maʼlumotlar berishi shart.
11. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligi yuzasidan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish toʻgʻrisida qaror chiqarish huquqiga ega. Tekshirish tasdiqlovchi hujjatlarni bergan tashkilotda yoki arxivda amalga oshiriladi. Tekshirish natijalari boʻyicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvchining va tashkilot yoki arxiv mansabdor shaxsining imzosi, shuningdek, tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi.
Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot yoki arxivda, ikkinchi nusxasi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimida qoladi. Dalolatnomada tasdiqlovchi hujjatlarning kim tomonidan berilganligi va tekshirish vaqtida hujjatlarning joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumot majburiy tartibda koʻrsatiladi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish toʻgʻrisida qaror chiqargan hollarda, tekshirish tamom boʻlish muddatidan qatʼi nazar, pensiya tayinlash uchun dastlab murojaat qilingan sana pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi.
Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar:
jamgʻarib boriladigan pensiya tizimidan,
Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan;
fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridan, “YAMMT” IDAK va boshqa vazirlik idoralarning axborot tizimlaridan olinganida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya tayinlash uchun mavjud maʼlumotlarni tekshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan “YAMMT” IDAKda mavjud boʻlib, ushbu bandning beshinchi va oltinchi xatboshilarida keltirilgan axborot tizimlarida fuqaroning 2005-yildan keyingi davrlar uchun ish staji va ish haqiga oid maʼlumotlar boʻlmagan holatlar mustasno.
12. Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi:
a) tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatni, partizan otryadlari va qoʻshilmalarda boʻlganlikni, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilganlikni tasdiqlaydigan maʼlumotnoma;
b) oliy taʼlim tashkilotlarida (shu jumladan, oʻqish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, partiya maktablarida), aspiranturada (stajyorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida) kunduzgi oʻqishni, shu jumladan, chet elda oʻqishni tasdiqlaydigan diplom yoki maʼlumotnoma;
v) bolani parvarish qilish boʻyicha taʼtil berilganligi va taʼtildan qaytilganligi toʻgʻrisidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda ayol kishi bola tugʻilgandan boshlab u uch yoshga toʻlgungacha boʻlgan davrda mehnat munosabatlarida boʻlgan tashkilot (tashkilotlar) tomonidan berilgan bola uch yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan maʼlumotnoma;
g) ofitserlar tarkibidan boʻlgan shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va muddatdan tashqari xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqtni tasdiqlaydigan maʼlumotnoma;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda boʻlgan vaqtini tasdiqlaydigan maʼlumotnoma;
e) ariza beruvchi urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs hisoblanishini tasdiqlaydigan hujjat;
z) familiya, ism, ota ismi oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi hujjat;
i) oqlov hukmi yoki ish toʻxtatilganligi toʻgʻrisida sudning ajrimi (qarori) yoki prokuror (tergovchi)ning ish toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek, oldini olish chorasi sifatida shaxsni tergov izolyatoriyada (turmada) qamoqda saqlash, qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish shaklida jazoni oʻtash davri toʻgʻrisida tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining maʼlumotnomasi, shuningdek, reabilitatsiya toʻgʻrisidagi hujjatlar (sud organlari, prokuratura organlari, surishtiruv va tergov organlarining oqlov hukmi chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar boʻyicha jinoyat ishi toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi qarori (ajrimi);
l) oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasining asli yoki dublikati.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining shaxsni ishsiz deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimidan elektron soʻrov yuborish orqali olinadi va pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsdan ushbu hujjat talab etilmaydi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlar hamda maʼlumotlar vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida mavjud boʻlgan hollarda pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga ilova qilinmaydi.
13. Nogironlik pensiyasini tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
Bundan tashqari, zarur hollarda ushbu Nizomning 12-bandi “a” — “i” va “l” kichik bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etiladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan maʼlumotlar “YAMMT” IDAKda mavjud boʻlgan hollarda maʼlumotnomalar ilova qilinmaydi.
14. Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
sud organlari, FHDY organlari va/yoki xorijiy davlatlar mansabdor shaxslari tomonidan oila aʼzosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar va/yoki maʼlumotnomalar;
boquvchining bedarak yoʻqolganligi toʻgʻrisida sudning qarori nusxasi;
vafot etgan boquvchining ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
vafot etgan boquvchining ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi:
vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi mehnatga layoqatsiz oila aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasining tashqarisidagi taʼlim tashkilotining oʻquvchisi yoki talabasi hisoblanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
baxtsiz hodisa va sogʻliqning ishlab chiqarishda boshqa shikastlanishi toʻgʻrisidagi hujjat yoki agar boquvchining vafoti mehnatda mayiblanish oqibatida sodir boʻlgan boʻlsa — boshqa rasmiy hujjat;
ushbu Nizomning 12-bandi “a” — “i” va “l” kichik bandlarida koʻrsatilgan, vafot etgan boquvchining nomiga rasmiylashtirilgan (yozilgan) hujjatlar.
Boquvchi-pensioner vafot etgan taqdirda, ushbu bandda koʻrsatilgan zarur hujjatlar taqdim etilishi kerak, vafot etganning pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildida mavjud boʻlgan hujjatlar bundan mustasno.
Shaxsni vafot etganligi toʻgʻrisidagi, pensiya tayinlanayotgan shaxsni vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlari toʻgʻrisidagi (nikohda ekanligi, nikoh bekor qilinganligi), pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan elektron soʻrov yuborish orqali olinadi va pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsdan ushbu faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar yoki maʼlumotnomalar qabul qilinmaydi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) “YAMMT” IDAKda hamda vafot etgan boquvchi pensionerning pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildida mavjud boʻlgan hollarda pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga ilova qilinmaydi.
Vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi oila aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼlim tashkilotining oʻquvchisi yoki talabasi ekanligi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining axborot tizimidan olingan elektron soʻrovi orqali aniqlanadi.
15. Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxs tomonidan pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi ushbu hujjatlarni tegishli tashkilotlardan talab qilish yuzasidan yordam koʻrsatadi.
Bunda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi ushbu Nizomda belgilangan qoidalarga muvofiq shaxsga pensiya tayinlash (qayta hisoblash), shuningdek, kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash uchun quyidagi:
a) pensiya tayinlanayotgan shaxsning va yoki qonuniy vakilning fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) va oila aʼzolari (yaqin qarindoshlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “FHDYning yagona elektron arxivi” va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentining (keyingi oʻrinlarda — Migratsiya va personallashtirish departamenti) axborot tizimiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Nogironligi boʻlgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi hududiy boʻlimlarining tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — TIEK) tomonidan beriladigan:
shaxsning farzandi 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaligini tasdiqlaydigan yoki parvarish ostidagi I guruh nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganligi toʻgʻrisidagi;
shaxsning farzandi 8 yoshgacha nogironligi boʻlgan bola deb topilganligi toʻgʻrisidagi;
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqini beradigan oilaning katta yoshdagi aʼzosi nogironligi boʻlgan shaxsligi toʻgʻrisidagi;
shaxs gipofizar nanizm (liliput) yoxud disproporsional pakana ekani toʻgʻrisidagi;
ariza beruvchi I yoki II guruh urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxs ekanligi toʻgʻrisidagi;
I, II yoki III guruh nogironligi boʻlgan shaxs deb topilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni;
b) band shaxs uchun Soliq qoʻmitasi tomonidan taqdim etiladigan:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mustaqil ravishda Soliq qoʻmitasining markazlashtirilgan elektron reyestri bazasidan elektron soʻrov yuborish orqali oladi.
16. Pensiyaga ustama (qoʻshimcha) haq belgilash huquqi mavjud boʻlgan taqdirda, pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
a) ariza beruvchining urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydigan hujjat;
b) ariza beruvchining 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front ortida ishlaganligini va harbiy majburiyatlarni bajarganligini tasdiqlaydigan hujjat;
v) tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatchining, ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining oʻlimi harbiy xizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xizmatni bajarish bilan bogʻliq ekanligini tasdiqlaydigan maʼlumotnoma;
g) “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi;
d) faxriy unvon berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlar “YAMMT” IDAKda mavjud boʻlgan hollarda ilova qilinmaydi.
17. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilishda pensiya tayinlanayotgan shaxsning pasporti yoki xorijga chiqish biometrik pasporti yoxud identifikatsiyalovchi ID-karta, istiqomat uchun berilgan guvohnoma taqdim etilishi kerak.
Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning pasporti (identifikatsiya ID-karta) nusxasi (istiqomat uchun berilgan guvohnoma) nusxasi manzil-koloniya maʼmuriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan yerdagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Qonuniy vakil ariza bilan birga pasport, xorijga chiqish biometrik pasporti yoxud identifikatsiyalovchi ID-kartani taqdim etadi.
Qonuniy vakil shaxsning vasiysi yoki homiysi ekanligi holati Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan Agentlikning “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga yuborilgan elektron soʻroviga asosan olingan maʼlumot asosida aniqlanadi.
18. Ariza beruvchining urush ishtirokchisi ekanligini tasdiqlovchi hujjat sifatida 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchisining guvohnomasi, baynalmilalchi jangchilarga beriladigan imtiyoz olish huquqi haqidagi guvohnoma, shuningdek, ularning urush ishtirokchisiga tenglashtirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qabul qilinadi.
Urush qatnashchilariga tenglashtiriladigan shaxslar doirasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan.
Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi), tashkilotlar va arxiv maʼlumotnomalari, shuningdek, mudofaa ishlari boʻyicha organlarning maʼlumotnomalari ariza beruvchining 1941 — 1945-yillardagi urush davrida ishlaganligi va harbiy majburiyatlarni bajarganligini tasdiqlaydigan hujjat sifatida qabul qilinadi.
Ariza beruvchining urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat sifatida harbiy gospital tomonidan beriladigan kasallik tarixidan koʻchirma qabul qilinadi.
Urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslarga tenglashtiriladigan shaxslar doirasi ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan.
19. Familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar sifatida quyidagilar taqdim etiladi: familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, fuqarolik holati dalolatnomasining tegishli yozuvidan koʻchirma, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari (mansabdor shaxslari) maʼlumotnomasi.
Qaramogʻida mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari borligini tasdiqlash masalasi sud qarori bilan hal etiladi.
20. II guruh nogironligi boʻlgan shaxsning yakka-yolgʻiz shaxs va/yoki yolgʻiz yashovchi shaxs ekani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Agentlikdan olinadi. Qonunning 28-moddasi “e” bandida belgilangan ustama Agentlik tomonidan axborot tizimi orqali har oyda II guruh nogironligi boʻlgan shaxsning Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga taqdim etilgan yakka-yolgʻiz shaxs va/yoki yolgʻiz yashovchi shaxs ekani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida tayinlanadi.
21. Qonunning 12-moddasi “z” bandiga muvofiq pensiya tayinlanayotganda Agentlikning “TIEK” axborot tizimidan olinadigan shaxsning farzandi 8 yoshgacha nogironligi boʻlgan bola deb topilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot asosida belgilanadi.
22. Axborot tizimida raqamlashtirilmagan maʼlumotlar yoki hujjatlar Pensiyani tayinlash va/yoki qayta hisoblash uchun asl nusxalarda taqdim etiladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini, yoshini, jinsini, yashash joyini tasdiqlaydigan maʼlumot sifatida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan maʼlumotlar qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolarning shaxsini, yoshini, yashash joyini, fuqarolikka mansubligini tasdiqlaydigan maʼlumot sifatida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan maʼlumotlar qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini, yoshini, yashash joyini tasdiqlaydigan hujjat sifatida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan maʼlumotlar qabul qilinadi.
24. Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashish mudofaa ishlari boʻyicha organ tomonidan berilgan belgilangan namunadagi maʼlumotnoma, shuningdek, tugatishda qatnashish uchun oʻz xodimlarini yuborgan tashkilotlarning maʼlumotnomalari bilan tasdiqlanadi.
Ishchi va xizmatchilarning harbiy harakatlar ketayotgan mamlakatlarga xizmat safariga yuborilganligi xizmat safariga yuborilgan xodimning mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasi) qaydlar hamda tashkilot yoki arxiv idoralaridan berilgan maʼlumotnomalar asosida aniqlanadi.
25. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi hujjatlarni qabul qilishda taqdim etilgan hujjatlarning mazmuni va rasmiylashtirilishining toʻgʻriligini, ularning nusxalari hujjatlarning asl nusxasiga muvofiqligini tekshirishi kerak.
Bunda shaxsning pensiya olishga boʻlgan huquqi, talab etiladigan ish staji mavjudligi, shuningdek, pensiya tayinlash uchun asos hisoblanadigan hujjatlarning mavjudligi koʻrib chiqiladi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi shaxsdan qabul qilingan hujjatlarni rasmiylashtirishni oxiriga yetkazishni va qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etishni talab qilish, shuningdek, zarur hollarda ushbu hujjatlarning toʻgʻri berilganligini tekshirib koʻrish huquqiga ega.
26. Agar hujjatda (elektron maʼlumotda) tugʻilgan vaqt toʻgʻrisida aniq sana koʻrsatilmagan holda oy koʻrsatilgan boʻlsa, u holda tegishli oyning 15-kuni tugʻilgan sana hisoblanadi.
Agar taqdim etilgan hujjatda (elektron maʼlumotda) oy koʻrsatilmasdan faqat tugʻilgan yil koʻrsatilgan boʻlsa, ushbu yilning birinchi iyul kuni tugʻilgan kun sifatida qabul qilinadi.
Barcha taqdim etilgan hujjatlar bilan birga pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza, shuningdek, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining pensiya tayinlash va/yoki tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi va/yoki axborot tizimida elektron koʻrinishda saqlanadi.
3-bob. Pensiyalar tayinlash uchun ish stajini hisoblab chiqish va tasdiqlash tartibi
27. Pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagilar qoʻshib hisoblanadi:
a) faoliyat turi, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllaridan qatʼi nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan boʻlsa, shuningdek jismoniy shaxsning 2021-yil 1-iyundan keyingi ishlamagan davri uchun uning eri (xotini) mehnatga haq toʻlash tarzidagi oʻz daromadlaridan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq toʻlagan davr.
1965-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, ushbu yildagi mehnat bilan qatnashish kunlari sonidan qatʼi nazar, har bir ishlab berilgan yil ish stajiga bir kalendar yil sifatida qabul qilinadi.
1965-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi. Agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi jamoa xoʻjaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini jamoa xoʻjaligi aʼzolari tarkibiga qabul qilish (chiqish) yilida bajargan boʻlsa, u holda uning ish staji jamoa xoʻjaligi aʼzolari tarkibiga qabul qilingan sanadan boshlab (chiqish sanasigacha) qabul qilinadi.
Jamoa xoʻjaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi boʻyicha ish vaqti olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib hisobga olinadi.
Ijodiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan ijodiy uyushmalar aʼzolariga 1991-yil 1-yanvargacha ish staji agar ana shu muallifning asari birinchi marta eʼlon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish etilgan) kundan eʼtiboran Pensiya jamgʻarmasiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlagan boʻlsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari tomonidan belgilanadi.
Ish stajiga, oʻtgan davr uchun bir yoʻla qoʻshib hisoblash (toʻlash)dan qatʼi nazar, uning uchun:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlangan oylar qabul qilinadi, dehqon xoʻjaliklari aʼzolari hamda qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish, shuningdek, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarining boshqa turlarini (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlarini) yetishtirish bilan band boʻlgan shaxslar bundan mustasno;
b) harbiy xizmat (shu jumladan, safarbarlik chaqirigʻi rezervidagi harbiy xizmat) va partizanlar otryadlari va qoʻshilmalarida boʻlish, davlat xavfsizligi organlaridagi va ichki ishlar organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmat;
v) harbiylashtirilgan soqchilikda, maxsus aloqa organlarida va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
g) Pensiya jamgʻarmasiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun ijtimoiy soliq toʻlagan boʻlsa, yakka tartibdagi mehnat faoliyati yoki qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish boʻyicha faoliyat;
d) qarab turish vaqti:
I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga qarab turish;
oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan qariyalarga qarab turilgan vaqt — 80 yoshga toʻlgan qariya oʻzganing parvarishiga muhtoj boʻlgan davr.
Bunda I guruh nogironligi boʻlgan shaxsni yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolani, shuningdek, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj boʻlgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qoʻshib hisoblanadi;
e) oliy taʼlim tashkilotlarida (shu jumladan, ularda oʻqish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy taʼlim tashkilotlarida), aspiranturada (stajyorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida) kunduzgi oʻqish, shu jumladan, chet elda oʻqish;
j) bola 3 yoshga toʻlgunga qadar, bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqti, biroq jami koʻpi bilan 6 yil.
Misol: Agar 30 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan ishlayotgan ayol ish stajining 8 yili mobaynida jami 3 bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlgan boʻlsa, u holda pensiya tayinlash uchun ish stajini hisoblashda unga jami 28 yil ish staji hisoblanadi (30 yil — 8 yil + 6 yil = 28 yil).
Bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish davri (shu jumladan, puli toʻlanadigan taʼtilda boʻlish) yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qoʻshilmaydi;
z) ofitserlar tarkibidan boʻlgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, biroq koʻpi bilan 10 yil;
i) Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda boʻlgan, lekin 10 yildan oshmagan davr;
k) ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq toʻlangan boʻlsa.
28. Agar ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar bir vaqtning oʻzida bir davrga toʻgʻri kelsa, u holda pensiyani hisoblab chiqish uchun ish stajiga pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga koʻra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan faqat bir davr qoʻshib hisoblanadi. Ish stajini hisobga olishning shunday tartibi ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlari uchun ham qoʻllaniladi.
Ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “d” — “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar bir vaqtning oʻzida bir davrga toʻgʻri kelsa, u holda pensiyani hisoblab chiqish uchun ish stajiga pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga koʻra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “d” — “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlardan biri qoʻshib hisoblanadi.
Bunda pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga koʻra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar “d” — “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlardan biriga almashtirilgan taqdirda, murojaat qilgan shaxsning ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davridan chiqarib tashlanmagan xolda “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar boʻyicha aniqlanadi.
29. Ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida nazarda tutilgan davrlar ish stajiga ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan kamida 7 yil umumiy ish staji mavjud boʻlganda qoʻshib hisoblanadi.
Nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini tayinlashda ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan ish staji mavjud boʻlganda, uning qancha davom etganligidan qatʼi nazar, qoʻshib hisoblanadi.
Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida I va II guruh nogironlikda boʻlish vaqti yoshga doir va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashda stajga qoʻshib hisoblanadi.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ishlangan vaqt pensiya tayinlash uchun stajga qoʻshib hisoblanmaydi. Ertaroq muddatdan boshlab yoshga doir pensiya tayinlashda staj pensiya tayinlangan kungacha hisobga olinadi.
30. Nogironligi boʻlgan bolani sakkiz yoshgacha tarbiya qilgan nogironligi boʻlgan bolaning onasiga pensiya tayinlashda talab qilinadigan 20 yillik ish stajiga ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “d” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar qoʻshib hisoblanadi.
Ushbu Nizomning 27-bandi “d” kichik bandida nazarda tutilgan davr Qonunning 8-moddasi talablariga rioya etilgan holda ish stajiga kiritiladi.
31. Qonunning 12-moddasi “a” bandiga muvofiq urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslarga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga pensiya tayinlashda pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan talab etiladigan ish staji Qonunning 7-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
32. Stajga quyidagilar imtiyozli tarzda qoʻshib hisoblanadi:
a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qoʻshilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish — uch hissa barobarida;
b) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan, harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xizmatdan tashqari, harbiy xizmat — ikki hissa barobarida;
v) Qonunning 10-moddasi “a” va “b” bandlariga hamda 11-moddasining “a” bandiga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan — erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir toʻliq yil — ikki hissa barobarida;
g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunitet tanqisligi virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash — ikki hissa barobarida;
d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq — bir yarim hissa barobarida;
e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatagʻon qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda boʻlish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti — bir yarim hissa barobarida.
Ushbu bandda nazarda tutilgan ish stajini imtiyozli hisoblash tartibi Qonun boʻyicha tayinlanadigan pensiyalarning barcha turlari uchun qoʻllanadi.
33. Pensiyaga boʻlgan huquqni belgilashda pensiya olish huquqini beradigan ish staji ushbu Nizomning 32-bandida belgilangan qoidalar qoʻllanmasdan aniqlanadi.
34. Talab qilinadigan ish stajidan ortiq staj mavjud boʻlgan taqdirda, umumiy ish staji yaxlitlanishi kerak. Bunda ish stajining umumiy 15 kalendar kundan (15-kalendar kunning oʻzi ham) ortiq davri toʻliq oygacha yaxlitlanadi, 15 kalendar kungacha boʻlgan davr esa hisobga olinmaydi.
35. Uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarga pensiyalar tayinlash uchun belgilangan xizmat muddatlarini hisoblab chiqish tartibi ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan.
36. Sanoatning mavsumiy tarmoqlari tashkilotlarida band boʻlgan xodimlarga ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq toʻliq mavsum mobaynidagi ish bir yildagi ish uchun, toʻliq boʻlmagan mavsum mobaynidagi ish — amalda band boʻlgan davr boʻyicha hisobga olinadi.
Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yer osti ishlaridagi stajni hisoblab chiqishda (Qonunning 10-moddasi “a”, “b” bandlari va 11-moddasi “a” bandi) mehnatda mayiblanish yoki ushbu ishda olingan kasb kasalligi oqibatida nogironlikda boʻlish vaqti ushbu Nizomning 32-bandi “v” bandida belgilangan qoidalar qoʻllanmasdan koʻrsatib oʻtilgan stajga kiritiladi.
37. Agar dehqon xoʻjaligi aʼzosi yoki sovxoz xodimi ushbu yilda 12 oy ishlagan va kamida 9 oy mobaynida:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlagan;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan boʻlsa, ish stajiga bir kalendar yil qoʻshib hisoblanadi.
Boshqa hollarda ish staji:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari toʻlangan;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan oylar soniga mutanosib ravishda hisobga olinadi.
38. Fermer xoʻjaligi aʼzosi va qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkati) xodimining ish staji:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlanishining;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblanishining amaldagi davri boʻyicha aniqlanadi.
39. Qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish‚ shuningdek, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining boshqa turlarini (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlarini) yetishtirish bilan band boʻlgan shaxslar, maydoni toʻrt sotixdan kam boʻlmagan dehqon xoʻjaligida, tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda yetishtirish bilan band boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartiblar asosida ijtimoiy soliq toʻlangan davrlar pensiya tayinlash uchun mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Ushbu shaxslar oʻzi uchun oʻzidagi mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan taʼminlanishning miqdoridan kelib chiqib ijtimoiy soliqni toʻlash huquqiga ega.
Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha toʻlangan taqdirda, ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatida koʻrsatilgan sana ijtimoiy soliq toʻlangan kun hisoblanadi. Toʻlov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda — JSHSHIR) va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart. Bunda oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzolari boʻyicha toʻlov hujjati har bir oila aʼzosi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Ijtimoiy soliq faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolarining yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻlanadi.
Toʻlangan ijtimoiy soliq hisobi soliq xizmati organida yuritiladi.
Ushbu Nizomning ushbu bandida, shuningdek, 37-bandida nazarda tutilgan ish stajini hisoblash tartibi Qonunga muvofiq pensiyalar tayinlashda qoʻllaniladi.
40. Diniy tashkilotlarda band boʻlgan shaxslarning, shu jumladan, mehnat shartnomasi va/yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma boʻyicha ishlovchi shaxslarning ish stajiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlash;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblash sharti bilan ularning ish davri qoʻshib hisoblanadi.
41. Chet elda ishlash davrlari:
mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy ravishda 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliqlar toʻlangan davr ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi oʻzi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan taʼminlanishning miqdoridan kelib chiqib ijtimoiy soliqni toʻlashni quyidagi tartibda amalga oshirish huquqiga ega:
har oyda yoki har chorakda;
bir yoʻla — Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida. Bunda shaxsning Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelganlik fakti shaxsning pasporti, shu jumladan, xorijga chiqish biometrik pasportidagi va yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Manzil” axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Bunda mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan oʻtgan davr uchun ijtimoiy soliq (sugʻurta badali, yagona ijtimoiy toʻlov) quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun har bir oyga bazaviy hisoblash miqdorida;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun bir yilga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yarim baravari miqdorida;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorida.
Toʻlangan ijtimoiy soliq (sugʻurta badali, yagona ijtimoiy toʻlov) mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga pensiya tayinlashda ish staji sifatida va ish haqini hisoblash uchun qabul qilinadi.
Chet elda boʻlish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar yoki ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan mehnat shartnomasiga oid maʼlumotnomalar yoki Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Labor-migration” dasturiy majmuasidagi maʼlumotlar, shaxsning pasportidagi, shu jumladan, xorijga chiqish biometrik pasportidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) asosida tasdiqlanadi.
JSHSHIR mavjud boʻlmaganda chet elga ishlashga ketayotgan shaxs soliq toʻlovchi sifatida unga JSHSHIR rasmiylashtirilishi bilan birgalikda yashash joyi boʻyicha soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilishi shart.
Ijtimoiy soliqning miqdori toʻlov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ijtimoiy soliqni naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha toʻlangan taqdirda, ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatida koʻrsatilgan sana ijtimoiy soliq toʻlangan kun hisoblanadi.
Toʻlov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart.
Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Milliy valyutadagi ijtimoiy soliq mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga uning tomonidan mustaqil ravishda, oila aʼzolari yoki ishonchli vakil tomonidan toʻlanadi.
Ushbu bandning oʻn yettinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Pensiyani hisoblash uchun Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning 2015-yil 1-yanvarga qadar chet elda ishlagan davri mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning 2015-yil 1-yanvarga qadar chet elda ishlagan davri pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davriga kiritilmaydi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar, shuningdek, ularning xotini (eri)ga 2015-yil 1-yanvarga qadar tayinlangan pensiyalar ushbu Nizom va Qonunning 51-moddasi talablari hisobga olingan holda qayta hisoblab chiqilishi lozim.
42. Soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 405 va 409-moddalarida belgilangan tartiblarda ijtimoiy soliq toʻlangan davr ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Soliq xizmati organi soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslarning jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida ijtimoiy soliqni toʻlash boʻyicha oldingi yil uchun majburiyatlarni hisob-kitob qiladi.
Ijtimoiy soliqni toʻlash soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslarning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash muddatlarida amalga oshiriladi.
Toʻlov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart.
Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
43. Yakka tartibdagi tadbirkor va yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq toʻlangan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor oʻzi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan taʼminlanishning miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ixtiyoriy ravishda toʻlash huquqiga ega.
Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha toʻlangan taqdirda, ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatida koʻrsatilgan sana ijtimoiy soliq toʻlangan kun hisoblanadi. Toʻlov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart. Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Ijtimoiy soliq yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻlanadi.
Toʻlangan ijtimoiy soliq hisobi soliq xizmati organlarida yuritiladi.
44. Faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolari va oilaning boshqa aʼzolari tomonidan (bundan oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar mustasno) kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq toʻlangan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi.
Faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolari va oilaning boshqa aʼzolari oʻzi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan taʼminlanishning miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin.
Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha toʻlangan taqdirda, ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatida koʻrsatilgan sana ijtimoiy soliq toʻlangan kun hisoblanadi. Toʻlov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart. Bunda oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzolari boʻyicha toʻlov hujjati har bir oila aʼzosi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Ijtimoiy soliq faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila aʼzolarining yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻlanadi.
Toʻlangan ijtimoiy soliq hisobi soliq xizmati organlarida yuritiladi.
45. Soliq xizmati organi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan shaxs, soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar, oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzosi, band shaxs va dehqon xoʻjaligi aʼzosi) toʻlangan ijtimoiy soliqni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunigacha yakka tartibdagi tadbirkorning (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs, soliq agenti hisoblanmagan ish beruvchidan daromad oluvchi xodim, oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzosi va dehqon xoʻjaligi aʼzosi) yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga toʻlangan ijtimoiy soliq toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
Ushbu shaxslar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga 2019-yil 1-yanvarga qadar toʻlangan sugʻurta badallari, 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov, 2020-yil 1-yanvardan keyingi davrlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytarib berilmaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 103-moddasida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Soliq xizmati organi ijtimoiy soliq tushumlari boʻyicha yakunlarni:
yakka tartibdagi tadbirkordan, dehqon xoʻjaligi rahbaridan va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzolari uchun — har chorakda amalga oshiradi va toʻlanmagan yoki muddati oʻtkazib yuborilgan toʻlovlar aniqlangan taqdirda, koʻrsatilgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 116-moddasiga asosan uning qarzi miqdori haqida ushbu qarz hosil boʻlgan davr, shuningdek, toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun qoʻshilgan penya miqdorini koʻrsatgan holda talabnoma yuboradi;
Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan shaxslardan — har yili amalga oshiradi.
Soliq xizmati organi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan shaxsdan, dehqon xoʻjaligi aʼzosidan va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzosi uchun) ijtimoiy soliq toʻlanishi yuzasidan doimiy nazorat olib boradi.
Agar dehqon xoʻjaligidagi mehnati yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati fuqaro uchun qoʻshimcha hisoblansa uning mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) asosiy ish joyida yuritiladi.
46. Jismoniy shaxs tomonidan mehnatga haq toʻlash tarzidagi oʻz daromadlaridan 2021-yil 1-iyundan keyingi davrda ishlamaydigan eri (xotini) uchun ixtiyoriy asosda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq toʻlangan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi.
Jismoniy shaxs mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib turmush oʻrtogʻi uchun Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ravishda toʻlash huquqiga ega.
Jismoniy shaxs tomonidan toʻlangan toʻlov hujjatida uning ishlamaydigan eri (xotini)ning familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR va toʻlov amalga oshirilayotgan davr albatta koʻrsatilishi shart.
Agar toʻlov hujjatida davr koʻrsatilmagan boʻlsa, toʻlov u amalga oshirilayotgan oy uchun toʻlangan deb hisoblanadi.
Ijtimoiy soliq jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yagona gʻazna hisobvaragʻida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻlanadi.
Toʻlangan ijtimoiy soliq hisobi davlat soliq xizmati organlarida yuritiladi.
47. Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtib yashaydigan xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga chet eldagi ish stajiga, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasidagi ishga toʻgʻri keladigan stajning uchdan biridan ortiq boʻlmagan doirada kiritiladi.
Misol. Chet el fuqarosining umumiy ish staji 40 yilni tashkil etadi, shundan 21 yili Oʻzbekiston Respublikasi hududiga, 19 yili esa xorijiy davlat hududiga toʻgʻri keladi. Ushbu holatda chet el fuqarosining xorijiy davlatdagi ish staji pensiyani hisoblash uchun 7 yil (21 yil/3) doirasida qabul qilinadi va umumiy ish staji 28 yilni (21 + 7) tashkil etadi.
48. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasi, ish stajidan qatʼi nazar, tayinlanadi.
Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasidan umumiy kasallik oqibatida nogironlik pensiyasiga oʻtkazishda zarur staj nogironlikning dastlabki belgilanishi vaqtiga nisbatan yosh boʻyicha belgilanadi.
49. Umumiy kasallik oqibatida nogironlik pensiyasi nogironlik boshlangan vaqtda nisbatan quyidagi ish staji mavjud boʻlganda tayinlanadi:
50. Ish davrida yoki ish toʻxtatilgandan keyin 20 yoshga toʻlgungacha umumiy kasallik oqibatida nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya, ish staji davridan qatʼi nazar, tayinlanadi.
Agar umumiy kasallik oqibatida nogironlik boshlangan vaqtga nisbatan ushbu Nizomning 49-bandida belgilangan yoshga nisbatan talab qilinadigan ish staji mavjud boʻlmagan taqdirda va ish stajiga qoʻshimcha ravishda erishish sharti bilan talab qilinadigan ish staji pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kundagi yoshga nisbatan belgilanishi mumkin.
51. Nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki vafot etgan nogironligi boʻlgan shaxs uchun boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini hisoblab chiqish uchun ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
52. Ish staji ish, xizmat, oʻqish yoki ish stajiga hisoblanadigan boshqa faoliyat amalga oshirilishi joyidan, shuningdek, arxiv muassasalaridan beriladigan hujjatlar boʻyicha belgilanadi.
Band shaxslarga ish staji soliq xizmati organlari tomonidan beriladigan:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar boʻyicha belgilanadi.
53. Ish staji toʻgʻrisida hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlari sudning qarori bilan belgilanadi.
Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda, sudlarga daʼvolar tayyorlashda koʻmaklashadi.
54. Ish staji toʻgʻrisidagi taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligini aniqlash maqsadida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi:
ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarning mazmunini va zarur tarzda rasmiylashtirilganligini baholaydi hamda zarurat boʻlganda ular berilishining asoslanganligini tekshirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
ish staji va oylik ish haqi toʻgʻrisida taqdim etilgan hujjatlarda tuzatishlar, noaniqliklar, tafovutlar, oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilganligi aniqlangan hollarda mehnat faoliyatining ayrim davrlarini ish staji davriga hisobga olish yoki hisobdan chiqarib tashlash toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshlarida nazarda tutilgan qoidalar shaxsning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar yoki elektron mehnat daftarchasida tegishli maʼlumotlar boʻlgan taqdirda va ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu Nizomning 11-bandi beshinchi — yettinchi xatboshlarida nazarda tutilgan axborot tizimlaridan olingan hollarda qoʻllanilmaydi. Bundan “YAMMT” IDAKda mavjud boʻlib, ushbu Nizomning 11-bandi beshinchi va oltinchi xatboshilarida keltirilgan axborot tizimlarida boʻlmagan, fuqaroning 2005-yildan keyingi davrlarga oid ish staji va ish haqiga oid maʼlumotlar kelib tushgan holatlar mustasno.
55. Ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida toʻliq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hokimliklar) tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash boʻyicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Qisman saqlanib qolgan hujjatlar va guvohlarning koʻrsatmalari asosida koʻrsatib oʻtilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari ish stajiga, shuningdek, hujjatlar bilan tasdiqlangan ish vaqti sifatida imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga kiritiladi.
56. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) ish stajini tasdiqlaydigan asosiy hujjat hisoblanadi.
2021-yil 1-iyundan boshlab pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida qoʻshimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanadi.
Ish staji “YAMMT” IDAKdagi mavjud maʼlumotlar asosida ham tasdiqlanadi.
Mehnat daftarchasi mavjud boʻlmaganda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar boʻlmagan yoki mehnat faoliyati davrlari toʻgʻrisida notoʻgʻri va noaniq yozuvlar mavjud boʻlgan hollarda ish stajini tasdiqlash uchun (band shaxsning ish stajidan tashqari) maʼlumotnomalar, buyruqlardan koʻchirmalar, shaxsiy hisobvaraqlar va ish haqi berish uchun qaydnomalar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv maʼlumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar qabul qilinadi.
Bunda maʼlumotnomada ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, ish (lavozim) boʻyicha oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi va asoslari koʻrsatilgan holda mehnat shartnomasining toʻxtatilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak. Maʼlumotnoma tashkilot yoki arxiv rahbari, shuningdek, maʼlumotnomani tayyorlagan xodim tomonidan imzolanadi va maʼlumotnomani bergan tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi.
57. 1991-yil 1-yanvargacha ijodiy uyushmalar aʼzolari hisoblangan ijodiy xodimlarning ish staji ushbu muallifning asari birinchi marta eʼlon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish qilingan) kunni tasdiqlaydigan ijodiy uyushmalar boshqaruvlari tomonidan berilgan maʼlumotnomalar bilan belgilanadi.
1991-yil 1-yanvardan keyin ish stajini belgilash uchun Pensiya jamgʻarmasiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlash davri toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar, shuningdek, ijodiy uyushmalardagi mavjud maʼlumotlar asosida ijodiy uyushmalar boshqaruvi tomonidan berilgan ijodiy faoliyat davri toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma qabul qilinadi.
Ijodiy uyushmalar aʼzolari hisoblanmagan boshqa ijodiy xodimlarning ijodiy faoliyatini tasdiqlash uchun Pensiya jamgʻarmasiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlash davri toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar qabul qilinadi.
58. Harbiy xizmatni, davlat xavfsizligi organlaridagi xizmatni, shuningdek, asirda boʻlganlik vaqtini tasdiqlash uchun:
harbiy guvohnomalar (harbiy biletlar);
mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarning, yuqori harbiy qismlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmatining shtablari va muassasalarining maʼlumotnomalari;
arxiv maʼlumotnomalari va harbiy-davolash muassasalarining maʼlumotnomalari qabul qilinadi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar asosida mehnat daftarchasiga kiritilgan harbiy xizmat toʻgʻrisidagi yozuvlar ham tasdiqlash uchun qabul qilinadi.
Jangovar harakatlar davrida harakatdagi armiya tarkibidagi harbiy xizmat, shu jumladan, baynalmilal burchni bajarishdagi harbiy xizmat ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda beriladigan mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlarning maʼlumotnomalari asosida imtiyozli hisoblab chiqilgan holda mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlaridagi xizmatni tasdiqlash uchun mehnat daftarchasiga kiritilgan bunday xizmat toʻgʻrisidagi yozuvlar, yozuvlar boʻlmagan taqdirda esa — ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda beriladigan maʼlumotnomalar qabul qilinadi.
59. Oliy taʼlim tashkilotlarida (shu jumladan, ularda oʻqish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy-taʼlim muassasalarida) aspiranturada (stajyorlar — tadqiqotchilar izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida) kunduzgi oʻqish vaqtlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan axborot tizimi orqali Pensiya jamgʻarmasining elektron soʻrovi asosida taqdim etilgan maʼlumotlar boʻyicha aniqlanadi va fuqaroga pensiya hisoblashda ish staji sifatida inobatga olish uchun asos hisoblanadi. Axborot tizimida shaxsning oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish vaqtiga oid maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda, oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish vaqti diplomlar, shuningdek, maʼlumotnomalar va arxiv maʼlumotlari asosida berilgan va oʻqish davrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Hujjatlarda bunday maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda, oʻqish davrining isboti sifatida, hujjatlarda toʻliq oʻquv yilini tamomlaganlikka koʻrsatma mavjud boʻlishi sharti bilan, tegishli yillarda mazkur taʼlim tashkilotida oʻqish davri davomiyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar taqdim qilinadi.
60. Ish davrida boshlangan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri davomiyligi ushbu ish joyi boʻyicha beriladigan maʼlumotnomalar boʻyicha belgilanadi.
Bunda koʻrsatib oʻtilgan (tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalari bilan tasdiqlangan) davr ish stajiga faqat:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlangan;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar hisoblangan taqdirda kiritiladi.
61. I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turish vaqti Agentlik tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga axborot tizimi orqali yuborilgan elektron maʼlumotlar asosida aniqlanadi.
Agentlik avtomatik tarzda fuqaroning I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga yuboradi.
Agentlik tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan fuqaroning I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turganligi toʻgʻrisidagi elektron koʻrinishdagi maʼlumotlar fuqaroga pensiya hisoblashda ish staj sifatida inobatga olish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
62. Bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqti mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarcha)dagi mavjud mehnat staji toʻgʻrisidagi yozuvlar (maʼlumotlar) asosida ushbu bandning 5 — 7-xatboshlarida belgilangan davrlarga muvofiq hisoblanadi.
Shaxs mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarcha) boʻlmagan yoki ushbu bandning 5 — 7-xatboshlarida belgilangan muddatlar asosida hisoblangan bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqti davomiyligidan norozi boʻlgan hollarda uning bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqti Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining soʻrovi asosida olinadigan yoki fuqaro tomonidan taqdim qilinadigan tashkilot yoki arxiv tomonidan beriladigan uning bolani parvarishlash taʼtilida boʻlishi va qaytishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar asosida belgilanadi.
Bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqti bolani parvarishlash taʼtili berilishi va undan qaytish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar yoki buyruqlar mavjud boʻlmaganda, shuningdek, buyruqlarda zarur yozuvlar boʻlmaganda yoki bolani parvarishlash taʼtilida boʻlganlik davrlari toʻgʻrisida notoʻgʻri va noaniq yozuvlar boʻlganda, ushbu davr uchun oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bolani parvarishlash taʼtilida boʻlganlik davrining tasdigʻi sifatida qabul qilinadi.
Arxiv va/yoki tashkilot tomonidan tasdiqlangan yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlmaganda bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish davri quyidagi davrlarni tashkil etadi:
1 yil — 1971-yil 1-yanvardan 1983-yil 1-noyabrgacha tugʻilgan bola uchun;
1,5 yil — 1983-yil 1-noyabrdan 1990-yil 1-iyulgacha tugʻilgan bola uchun;
3 yil — 1990-yil 1-iyuldan keyin tugʻilgan bola uchun.
Koʻrsatib oʻtilgan hollarda bolani parvarishlash taʼtili boshlangan sana sifatida homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan sana qabul qilinadi. Bunda mazkur bandning yettinchi xatboshida koʻrsatilgan muddatdan keyin tugʻilgan bola uchun, parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtining davomiyligi homiladorlik va tugʻish taʼtilini hisobga olgan holda bola uch yoshga toʻladigan kunga qadar inobatga olinishi lozim.
1965-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligi aʼzosining bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtini aniqlashda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi boʻlgan, bola tuqqan ayol jamoa xoʻjaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini bajarmagan boʻlsa, bola tugʻilgan yil (pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilganning tanlovi boʻyicha) mehnat stajining toʻliq yili, biroq ushbu Nizomning 27-bandi muvofiq jami koʻpi bilan 6 yil sifatida hisobga olinadi.
63. Oldini olish chorasi sifatida qamoqda boʻlish vaqti, jazoni oʻtash vaqti, shaxs lavozimdan noqonuniy chetlatilganligi munosabati bilan ishlamagan vaqt, tibbiyot muassasasida boʻlish vaqti tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining maʼlumotnomalari bilan tasdiqlanadi va reabilitatsiya (oqlov hukmi, reabilitatsiyalovchi asoslar boʻyicha ish toʻxtatilishi toʻgʻrisidagi ajrim (qaror) haqidagi hujjatlar mavjud boʻlganda ish stajiga hisoblanadi.
64. Ofitserlar tarkibidan boʻlgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqti maʼlumotnomalar bilan tasdiqlanadi.
Xizmat Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtalgan hollarda ushbu maʼlumotnoma mazkur Nizomga 8-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy organi tomonidan beriladi, xizmat chet elda oʻtalgan taqdirda esa — ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha harbiy xizmat oʻtalgan joy boʻyicha yuqori harbiy qismlar, muassasalar, harbiy-oʻquv (oʻquv) muassasalari komandirlari (boshliqlari) tomonidan beriladi.
65. Harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qoʻshilmalarida xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda qatnashish mudofaa ishlari boʻlimlari va tegishli organlar tomonidan berilgan maʼlumotnomalar bilan tasdiqlanadi.
66. Xodimlarning ayrim toifalari uchun belgilangan imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini tasdiqlash uchun (masalan: ishlarning qizgʻin uchastkalarida yoki qizgʻin ishlarda bandlik toʻgʻrisida, muayyan moddalar yoki xavflilikning muayyan darajalariga kiradigan zararli moddalar bilan ishlash toʻgʻrisida, yer osti ishlarida bandlik toʻgʻrisida, ishlarni muayyan usulda bajarganlik toʻgʻrisida, muayyan joyda ishlarni bajarganlik toʻgʻrisida va shu kabilar) maxsus stajni tasdiqlash maqsadida ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha tashkilotning (soliq toʻlovchi tashkilotning identifikatsiya raqamini koʻrsatgan holda) aniqlashtiruvchi maʼlumotnomalari qabul qilinadi.
67. Uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarning ayrim toifalariga imtiyozli pensiya taʼminoti huquqini beradigan maxsus ish staji:
uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlar uchun — tegishli tashkilot tomonidan berilgan uchilgan soatlarni tasdiqlaydigan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanadi. Uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiradigan ayrim xodimlarning sinov texnikasini sinashda bandligi tashkilotlar tomonidan berilgan maʼlumotnomalar bilan tasdiqlanadi;i
havo harakatini boshqargan xodimlar uchun — mehnat daftarchasi bilan, shuningdek: havo harakatini bevosita boshqarishga qoʻyish toʻgʻrisidagi belgilar bilan birga harakat xizmati dispetcheri (parvozlar rahbarining) guvohligi; mutaxassisni havo harakatini bevosita boshqarish bilan bogʻliq lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda tashkilotning maʼlumotnomalari asosida tasdiqlanadi.
68. Teatrlar va boshqa teatr-tomosha korxonalari va jamoalarining artistlari ayrim toifalarining imtiyozli pensiya taʼminoti olish huquqini beradigan maxsus ish staji mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) bilan tasdiqlanadi.
Kasb (lavozim)ning nomi, bajariladigan ishning janrga mansubligi, xususiyati yoki ish kechgan tashkilotning maqomi toʻgʻrisida mehnat daftarchasida (elektron mehnat daftarchasida) zarur maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda maxsus ish staji ushbu shaxsga nisbatan maʼlumotlar mavjud boʻlgan ish joyidan berilgan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanadi.
69. Avariyalar va mahalliy koʻlamdagi boshqa favqulodda vaziyatlar (yongʻin, suv bosishi), tashkilotning toʻliq tugatilishi yoxud ushbu Nizomning 55-bandida nazarda tutilgandan boshqa sabablar boʻyicha arxiv maʼlumotlarining mavjud emasligi munosabati bilan mavjud ish staji toʻgʻrisidagi hujjatlar mavjud boʻlmaganda va ularni olish imkoni boʻlmaganda ish staji sud tartibida belgilanadi.
Sudning qarori bilan jamoa xoʻjaligi aʼzosining ish staji tasdiqlangan taqdirda, ushbu stajni belgilash 16 yoshdan boshlab amalga oshiriladi, agar ish staji boshlanishi 1941 — 1945-yillardagi urush davriga toʻgʻri kelsa — 14 yoshdan belgilanadi.
70. Ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etiladigan hujjatlar mansabdor shaxs tomonidan imzolanishi va tashkilotning asosiy muhri bilan tasdiqlanishi kerak.
Mehnat daftarchasidagi yozuvlar ushbu daftarchani toʻldirish va yuritish paytida amalda boʻlgan mehnat daftarchalarini yuritishni tartibga soladigan qonunchilik talabiga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak.
71. Ish stajini tasdiqlash uchun faqat mehnat daftarchalariga kiritilgan va tasdiqlaydigan hujjatlar asosidagi maʼlumotnomalarda koʻrsatilgan ish davrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qabul qilinadi.
Keyinchalik oʻz faoliyatini toʻxtatgan jamoa xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlar) va fermer xoʻjaliklari tomonidan berilgan maʼlumotnomalar, agar ularda maʼlumotnoma berish uchun asoslar mavjud boʻlsa, eʼtiborga olinadi.
Hujjatlar asosida mehnat daftarchasiga kiritilgan ish staji toʻgʻrisidagi jami yozuvlar quyidagi ish davrlariga nisbatan:
1962-yil 14-dekabrdan keyin, agar mehnat daftarchasiga ariza beruvchi mehnat daftarchasini bergan tashkilotga kirguniga qadar qaysi tashkilotda, qaysi vaqtda va qanday lavozimlarda ishlaganligi toʻgʻrisida aniq yozuvlar kiritilgan boʻlsa;
1962-yil 14-dekabrgacha, mehnat daftarchasida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlar bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, ish stajining isboti hisoblanadi.
Agar ariza beruvchi mehnat daftarchasidan tashqari jami yozuvlar tegishli boʻlgan mehnat daftarchasi toʻldirilguniga qadar davr uchun ish toʻgʻrisida ayrim hujjatlarni taqdim etsa, u holda umumiy yakun sifatida yozilgan butun ish staji hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. Bu amaldagi qoidalarga muvofiq ular toʻgʻrisidagi yozuvlar mehnat daftarchasiga alohida satrda yozilishi kerak boʻlgan mehnat faoliyati davrlari toʻgʻrisidagi hujjatlar taqdim etilishi hollariga tegishli emas.
Jami yozuvlarda hisobga olinishi mumkin boʻlgan 1941 — 1945-yillardagi urush davridagi ish davrlari toʻgʻrisida hujjatlar taqdim etilganda ushbu hujjatlar boʻyicha ish staji ikki hissa baravar miqdorga muvofiq hisoblab chiqiladi. Ushbu holatda mehnat daftarchasiga umumiy yakun bilan yozilgan jami ish stajini tasdiqlash talab etilmaydi.
72. Oʻqish davrida akademik taʼtillarda boʻlish, shuningdek, tayyorlov kurslarida oʻqish davri vaqti ish stajiga qoʻshib hisoblanmaydi.
73. Agar ish stajini tasdiqlaydigan hujjatda koʻrsatilgan ismi, otasining ismi yoki familiyasi pasport, xorijga chiqish biometrik pasporti (identifikatsiya ID-karta) yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma boʻyicha ismi, otasining ismi yoki familiyasi bilan mos boʻlmasa ushbu hujjatning mazkur shaxsga tegishliligi holati faqat mehnat daftarchasini yoki ish staji toʻgʻrisidagi boshqa hujjatni birinchi marta bergan tashkilot tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Boshqa barcha hollarda hujjatlarning taalluqliligi sud tomonidan belgilanishi shart.
Ish staji toʻgʻrisida taqdim etilgan hujjatda aniq sanalar belgilanmasdan faqat yillar koʻrsatilgan hollarda tegishli yilning 1-iyuli sana sifatida qabul qilinadi, agar oyning sanasi koʻrsatilmagan boʻlsa, tegishli oyning 15-kuni ana shunday sana hisoblanadi.
74. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi yoki ish stajini belgilash boʻyicha maxsus komissiya tomonidan chiqarilgan ish stajini qabul qilish yoki qabul qilmaslik toʻgʻrisidagi qaror bilan rozi boʻlinmagan taqdirda, ushbu masala sud tomonidan hal etiladi.
4-bob. Pensiyani hisoblash tartibi
75. Ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma shaxs murojaat qilgandan keyin uning talabi boʻyicha ushbu Nizomga 11 va 12-ilovalarga muvofiq shakl boʻyicha qonunchilikda belgilangan muddatlarda tashkilot, shuningdek, arxiv tomonidan beriladi.
Shaxsning ish staji va ish haqi “YAMMT” IDAK va ushbu Nizomning 11-bandi beshinchi — yettinchi xatboshlarida nazarda tutilgan axborot tizimlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida ham tasdiqlanadi.
76. Ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma shaxsiy hisob raqamlari va hisoblangan ish haqi toʻgʻrisidagi boshqa hujjatlar asosida pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan yoki vafot etgan boquvchi ishlagan tashkilot tomonidan beriladi. Agar tashkilot tugatilgan yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz faoliyatini toʻxtatgan boʻlsa, ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tashkilotning huquqiy vorisi yoki davlat arxivi tomonidan beriladi.
Arxiv saqlanayotgan hujjatlar asosida ish haqi turlari boʻyicha hisoblangan summalarni yoyib koʻrsatgan holda belgilangan shakl boʻyicha ish haqi turlari boʻyicha maʼlumotnoma berish imkoniga ega boʻlmagan hollarda arxiv fondidagi mavjud hujjatlarga muvofiq maʼlumotnoma yoki maʼlumotlar berish huquqiga ega.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda pensiyani hisoblash uchun:
a) Oʻzbekiston Respublikasida tegishli kasb va malaka xodimining ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma — Oʻzbekiston Respublikasida ishlamagan boshqa mamlakatlardan koʻchib kelgan fuqarolar uchun.
Respublikada bunday kasb va malaka boʻlmagan taqdirda, ish haqi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi;
b) mualliflik gonorari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar — ijodiy uyushmalar aʼzolari va ijodiy uyushmalarning aʼzolari hisoblanmagan boshqa ijodiy xodimlar uchun.
1991-yil 1-yanvardan soʻng koʻrsatib oʻtilgan shaxslar, shuningdek, band boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq organlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida Pensiya jamgʻarmasiga:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar (maʼlumotnomalar) qabul qilinadi.
77. Ish haqi hisoblangan ish haqi summasidan olinadi.
Ish haqini guvohlar koʻrsatmasi asosida aniqlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Shtat jadvalidan koʻchirmalar va jamoat tashkilotlarining aʼzolik biletlari haqiqiy ish haqini tasdiqlaydigan hujjat oʻrnini bosa olmaydi.
Arxiv maʼlumotlarini taqdim etmasdan ish stajini aniqlash:
2005 — 2016-yillar davri uchun — jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan, bunda har bir yil uchun jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallarning umumiy miqdorini ushbu yildagi ishlagan oylar soniga boʻlinganda har bir oy uchun eng kam oylik ish haqining bir foizidan kam boʻlmagan taqdirda mehnat daftacharsida (elektron mehnat daftarchasida) mavjud yozuvlar asosida inobatga olinadi;
2016 — 2018-yillar davri uchun — fuqarolarning Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan;
2019-yil uchun — fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — “YAMMT” IDAKda mavjud maʼlumotlardan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Arxiv maʼlumotlarini taqdim etmasdan ish haqini aniqlashda:
2005 — 2016-yillar davri uchun — jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
2016 — 2018-yillar davri uchun — fuqarolarning Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan foydalaniladi.
Ushbu bandning toʻrtinchi — yettinchi va toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilarida koʻrsatilgan davrlar uchun arxiv maʼlumotlaridan faqat tizimlarda zarur maʼlumotlar qisman mavjud boʻlganida yoki noaniq maʼlumotlar mavjud boʻlganida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining soʻrovi yoki fuqaroning murojaati asosida foydalaniladi.
Ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qisman mavjud boʻlmagan hollarda mavjud boʻlmagan davrlar uchun ish haqini aniqlash uchun mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olinmasdan, qonunchilikda tegishli davrlar uchun belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari qabul qilinadi.
78. Ishdagi tanaffuslar mavjudligidan qatʼi nazar, oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun (pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etgan kishining tanlovi boʻyicha) oylik ish haqi olinadi.
Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxs tomonidan pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan ariza yoki soʻrovnomada ushbu bandning birinchi xatboshi talablaridan kelib chiqqan holda u tanlagan besh yillik davr koʻrsatiladi.
79. Ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni oʻtash vaqti, asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatagʻon qilingan va keyinchalik oqlangan (reabilitatsiya) fuqarolarning qamoqda boʻlish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti, shaxs mehnat, faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironi boʻlib qolgan vaqt ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davriga kiritilmaydi.
Mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davrida ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni oʻtash vaqti, shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib qolgan vaqt mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu davrlar mazkur Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida koʻrsatilgan davrlarga almashtirilishi kerak, muddatli harbiy xizmatni oʻtash vaqti, shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib qolgan vaqt bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan Pensiya jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun sugʻurta badallari, 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun yagona ijtimoiy toʻlov, 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq toʻlash huquqi berilgan shaxslar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq (yagona ijtimoiy toʻlov, sugʻurta badallari) toʻlanmaganligi sababli ish stajiga qoʻshib hisoblanmagan davrlar mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davriga kiritilmaydi.
Pensionerning yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi orttirilgan ish staji va ish haqi, nogironlik pensiyasini tayinlashda (qayta hisoblashda) ish staji va ish haqi sifatida inobatga olinmaydi hamda oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyati davriga kiritilmaydi.
80. Ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etilmaganligi yoki ularning ishonchliligi va asosliligini tekshirish mumkin emasligi munosabati bilan ish stajiga kiritilmagan davrlar, shuningdek, ish haqi saqlanmagan holda taʼtilda boʻlish davrlari mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davri uchun ish haqini hisoblab chiqishdan chiqarib tashlanmaydi.
Mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yillik davriga kiritilmaydi.
81. I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxsning, shuningdek, vafot etgan, nogironlik boshlangan yoki vafot etgan vaqtida bir oydan kam ish stajiga ega boʻlgan boquvchining ish haqi ishlangan kunlar uchun ish haqi summasini ishlangan kunlar soniga boʻlish va olingan natijani ushbu oyning ish kunlari soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
82. Ish haqi tarkibiga, shuningdek, ish haqining natural qismiga 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun qonunchilikka muvofiq sugʻurta badallari, 2019-yildan keyingi davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasida koʻrsatilgan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun sugʻurta badallarining soliq solish obyekti ularning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilguniga qadar oxirgi ish joyi boʻyicha olingan, Oʻzbekiston Respublikasida budjet tashkilotlari xodimlari uchun ish haqi oshirilishi hisobga olingan holda qayta hisoblanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
83. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari va xodimlarining, ichki ishlar organlari va bojxona organlari oddiy va boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarining, shuningdek, oʻquv yoki yoʻqlama qilish yigʻinlariga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlarning ish haqi tarkibiga qonunchilikka muvofiq:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari;
2019-yildan keyingi davr uchun — hisoblanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar bilan boʻlgani singari pul taʼminotining barcha turlari kiritiladi.
84. Pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxsning xohishiga koʻra oʻqish davrida toʻlangan stipendiya ish haqiga tenglashtiriladi.
85. Band boʻlgan shaxsning ish haqi miqdori:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
86. Band boʻlgan shaxsning pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan ish haqi miqdori hisobga olinadigan maʼlum bir oy (yil) uchun Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan maʼlum bir oylik yoki yillik:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari summasini Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlash davrida amalda boʻlgan yagona ijtimoiy toʻlov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xoʻjaliklari uchun) va fuqarolarning sugʻurta badallarining umumiy stavkasiga;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov toʻlash davrida amalda boʻlgan yagona ijtimoiy toʻlov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer xoʻjaliklari uchun) umumiy stavkasiga;
2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 405-moddasida qayd etilgan soliq stavkalarining 1-pozitsiyasida belgilangan miqdorida — ijtimoiy soliq summasini toʻlash davrida amalda boʻlgan ijtimoiy soliq stavkasiga boʻlish hamda olingan natijani 100 ga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
Misol: fuqaro oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida ixtiyoriy ravishda 2023-yil uchun Pensiya jamgʻarmasiga bir million soʻm miqdorda ijtimoiy soliq toʻladi. Ushbu fuqaroga pensiya hisoblashda uning 2023-yil uchun 8 333 333,33 soʻm miqdorda ish haqi aniqlanadi:
yillik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:
toʻlangan ijtimoiy soliq (bir million) ÷ ijtimoiy soliq stavkasi (12 foiz 2023-yil uchun ijtimoiy soliq stavkasi) × 100 = 8 333 333,33 soʻm.
Bir oylik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:
yillik ish haqi miqdori (8 333 333,33 soʻm) ÷ ish haqi hisoblanishi lozim boʻlgan davr (12 oy) = bir oylik ish haqi miqdori (694 444,44 soʻm).
Aniqlangan bir oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblanayotgan shaxsga bir oylik ish haqi sifatida inobatga olinadi.
Agar band shaxs tomonidan ijtimoiy soliq hisobot yilida maʼlum oylar uchun toʻlangan boʻlsa, aniqlangan bir yillik ish haqi miqdori oʻn ikkiga boʻlish va hosil boʻlgan natijani ish haqi hisoblanishi lozim boʻlgan oylar uchun bir oylik ish haqi sifatida hisoblash orqali aniqlanadi.
Misol: fuqaro oʻzini oʻzi ish band qilgan shaxs sifatida ixtiyoriy ravishda 2023-yil yanvar — may oylari uchun Pensiya jamgʻarmasiga bir million soʻm miqdorda ijtimoiy soliq toʻladi. Ushbu fuqaroga pensiya hisoblashda uning 2023-yilning yanvar — may oylari uchun 8 333 333,33 soʻm miqdorda ish haqi aniqlanadi.
2023-yilning yanvar — may oylari uchun ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:
toʻlangan ijtimoiy soliq (bir million) ÷ ijtimoiy soliq stavkasi (12 foiz 2023-yil uchun ijtimoiy soliq stavkasi) × 100 = 8 333 333,33 soʻm.
2023-yilning yanvar — may oylari uchun oylik ish haqi miqdori quyidagi tartibda aniqlanadi:
yillik ish haqi miqdori (8 333 333,33 soʻm) ÷ bir yil (12 oy) = bir oylik ish haqi miqdori (694 444,44 soʻm).
Aniqlangan bir oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblanayotgan shaxsga 2023-yilning yanvar — may oylarining har bir oyi uchun bir oylik ish haqi sifatida (694 444,44 soʻm) inobatga olinadi.
87. Ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyentlar belgilangan tumanlarda ishlagan shaxsga pensiya tayinlashda mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan:
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar qoʻshib hisoblangan ish haqi hisobga olinadi.
88. Vafot etgan pensionerning oila aʼzosiga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi miqdori vafot etgan pensioner (boquvchi)ning pensiyasini hisoblash uchun qabul qilingan ish haqidan hisoblab chiqiladi.
Boquvchi nogironlik pensiyasi oluvchi hisoblangan va pensiya tayinlangandan keyin mehnat faoliyatini amalga oshirgan hollarda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashni soʻrab murojaat qilgan vafot etgan boquvchi oila aʼzosining xohishiga koʻra nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin ega boʻlingan ish staji boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini hisoblab chiqishda hisobga olinadi. Talab qilinadigan ish staji boquvchi vafot etgan kunda uning yoshi boʻyicha aniqlanadi.
Bunda koʻrsatib oʻtilgan ish staji uchun olingan ish haqi ish haqi tarkibiga kiritiladi, agar boquvchi yoshga doir pensiya olsa va pensiya tayinlangandan keyin ishni davom ettirsa pensiya tayinlangandan keyin ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi.
89. Oy, yil choragi, yarim yillik, yil yakunlari boʻyicha mukofotlar, shuningdek, davr yakunlari boʻyicha toʻlanadigan taqdirlash puli, davlat bayramlari va ishlarning ayrim turlarini bajarganlik uchun bir martalik mukofotlar, shuningdek, shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar (shu jumladan, jamoa xoʻjaliklari aʼzolariga pilla yetishtirish boʻyicha toʻlovlar hamda yillik ish yakunlari boʻyicha qoʻshimcha toʻlovlar):
2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — sugʻurta badallari toʻlanishi;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarni hisoblash sharti bilan, ular hisoblangan oy uchun ish haqi tarkibiga kiritiladi.
Xodimga ishdan boʻshaganidan keyin toʻlangan mukofotlar (davr yakunlari boʻyicha taqdirlash puli va yillik ish yakunlari boʻyicha qoʻshimcha toʻlovlar) mehnat shartnomasi toʻxtatilgan oy uchun ish haqi tarkibiga kiritiladi.
90. Ish kunlari soni toʻliq boʻlmagan oylar uchun (ish staj pensiya olish huquqi paydo boʻlgan kunga qadar hisoblanayotganida, ishga kirish yoki ishdan boʻshash munosabati bilan) ish haqi pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilganning xohishiga koʻra ish haqi tarkibiga kiritiladi. Bunda ish kunlari soni toʻliq boʻlmagan oylar toʻliq kalendar oylar sifatida hisobga olinadi.
Tashkilotning ustav sarmoyasida (fondida) qatnashish munosabati bilan olingan daromadlar va dividendlarni taqsimlash tarzidagi toʻlovlar ish haqi tarkibiga kiritilmaydi.
91. Pensiyani hisoblab chiqish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oydagi ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentini qoʻllagan holda qayta hisoblab chiqilgan umumiy miqdorini oltmishga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
Agar nogironlik yoki boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashda pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish staji besh yildan kam boʻlsa, pensiyani hisoblash uchun oʻrtacha oylik ish haqi kalendar ish oylari uchun qayta hisoblangan ish haqi umumiy summasini ushbu oylar soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
92. Ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentini qoʻllagan holda pensiyalarni hisoblab chiqish uchun ish haqini qayta hisoblab chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
93. Mavsumiy ishlarda band boʻlgan xodimlarga pensiya tayinlashda pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqi oxirgi oʻn yildan istalgan ketma-ket besh mavsum uchun qayta hisoblab chiqilgan ish haqini oltmishga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
94. Pensiyani hisoblash uchun qonunchilikda pensiya tayinlanadigan sanaga belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining oʻn ikki baravari miqdoridan ortiq boʻlmagan summadagi oʻrtacha oylik ish haqi qabul qilinadi.
95. Pensiya tayinlash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kam boʻlgan yoki ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq mavjud boʻlmagan hollarda pensiya miqdori qonunchilikda pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilingan kunda belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqib mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olinmasdan hisoblab chiqiladi.
96. Pensiya miqdori ish staji davriga bogʻliq boʻladi va:
pensiyaning bazaviy miqdoridan;
ish staji uchun pensiya oshirilishidan;
pensiyaga ustama haqlardan shakllanadi.
97. Pensiyani hisoblash uchun pensiyalarning quyidagi bazaviy miqdorlari belgilanadi:
a) yoshga doir pensiyalar uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 55 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas;
b) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik pensiyasi uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 55 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas;
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz aʼzosiga — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida, biroq qonunchilik hujjatlarda belgilangan miqdorlardan kam emas;
g) har ikkala ota-onasini yoʻqotgan bolalarga (chin yetimlarga) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi uchun yoki vafot etgan yolgʻiz onaning bolalariga har bir bola uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas.
Pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas.
98. Pensiya tayinlash uchun talab qilinadigandan ortiq ish stajining har bir toʻliq yili uchun pensiyalarning bazaviy miqdorlari:
a) yoshga doir pensiyalar — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foiziga;
b) I va II guruhlar nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik pensiyalari — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 1 foiziga;
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari oilaning mehnatga qobiliyatsiz har bir aʼzosi uchun — vafot etgan boquvchining pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqining 0,5 foiziga oshiriladi.
99. Har ikkala ota-onasini yoʻqotgan bolalarga (chin yetimlarga) tayinlanadigan boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha pensiyalarni oshirish pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining oʻn baravari, 2023-yil 1-yanvardan oʻn ikki baravari miqdori doirasida har ikkala ota-onaning ish haqi umumiy miqdoridan amalga oshiriladi.
Bunda har ikkala ota-onasini yoʻqotgan bolalarga (chin yetimlarga) tayinlanadigan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi miqdori har ikkala ota-onaning umumiy ish staji miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi, yaʼni pensiya tayinlash va talab etiladigandan ortiq staj uchun pensiyani oshirish har ikkala ota-onaning umumiy ish staji miqdori boʻyicha amalga oshiriladi.
Agar ota-onadan birining ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi miqdori har ikkala ota-onaning umumiy ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi miqdoridan koʻp boʻlsa, u holda, chin yetim maqomini saqlab qolgan holda, murojaat etganning xohishi boʻyicha ota-onadan birining ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan pensiyaning eng koʻp miqdori tayinlanadi.
100. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik pensiyasining bazaviy miqdori nogironlik boʻyicha pensiya tayinlangan kunda ushbu Nizomning 49-bandida nazarda tutilgan ish staji mavjud boʻlganda oshiriladi.
101. Qonunning 28-moddasiga muvofiq shaxslarning ayrim toifalari pensiyaga ustama haq olish huquqiga ega.
Pensiyaga ustama haqlar quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
a) I guruh urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 150 foizi;
b) II guruh urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 125 foizi;
v) koʻrish boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi;
g) I guruh nogironligi boʻlgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi;
d) II guruh yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi;
e) urush qatnashchilariga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi;
j) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front orqasida ishlagan va harbiy majburiyatlarni bajargan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 30 foizi;
z) vafoti harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish yoki ichki ishlar organlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xizmat qilish bilan bogʻliq boʻlgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlarining ota-onalariga va yangi nikohga kirmagan beva xotinlariga (beva erlariga) — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 30 foizi;
i) Oʻzbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlarga ega boʻlgan shaxslarga — xizmatlarga qarab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha;
k) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda teatr va musiqa sanʼatini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qaroriga 1-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlarda ishlagan imtiyozli pensiya olish huquqiga ega boʻlgan artistlarga, Qonunning 10-moddasi “g” bandiga muvofiq, yoshidan qatʼi nazar — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi;
l) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda teatr va musiqa sanʼatini yanada rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qaroriga 2-ilovada koʻrsatilgan lavozimlarda va tashkilotlarda ishlagan (erkaklar uchun kamida 25 yil va ayollar uchun kamida 20 yil) teatr, konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga, teatr va musiqa sanʼatining ijodiy xodimlarini tayyorlash bilan band boʻlgan taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilar tarkibiga va konsertmeysterlariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi.
102. Ustamalar tayinlanadigan pensiyalar turidan qatʼi nazar, tayinlanadi. Agar pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan bir necha ustama haqni bir vaqtda olish huquqiga ega boʻlsa, u holda ustama haqlar quyidagi hollarda bir vaqtning oʻzida tayinlanadi:
a) pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxsga ushbu Nizomning 101-bandi “a” yoki “b”-bandlarida nazarda tutilgan ustama haq bilan bir vaqtda ushbu Nizomning 101-bandi “z” — “l” kichik bandlarida koʻrsatilgan ustama haqlardan biri qoʻshib hisoblanishi mumkin;
b) pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilgan shaxsning tanlovi boʻyicha ushbu Nizomning 101-bandi “v”, “g” yoki “d” bandlarida nazarda tutilgan ustama haq bilan bir vaqtda ushbu Nizomning 101-bandi “e” — “l” kichik bandlarida koʻrsatilgan ustama haqlardan biri qoʻshib hisoblanadi.
103. Ushbu Nizomning 101-bandi “i” kichik bandiga asosan pensiyaga ustama Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini belgilash va oliy nishon — “Oltin Yulduz” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoki farmoyishlarida belgilangan miqdorlarda ushbu Nizom qoidalari asosida tayinlanadi va toʻlanadi.
104. Faxriy unvon uchun belgilangan toʻlov faxriy unvon egasining vafoti munosabati bilan uning oila aʼzolari uchun tayinlanadigan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi miqdorini hisoblashda inobatga olinmaydi.
105. Ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan ustama haqlardan tashqari pensionerlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida” 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-son Farmoniga ilovaga muvofiq faxriy unvonlar uchun qoʻshimcha haq, 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga esa har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son Farmoniga muvofiq pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 4-iyundagi PF-6241-son Farmoniga muvofiq belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchi vafot etgan boquvchining har bir oila aʼzosi uchun pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov qoʻshib hisoblanadi.
Ilgari amal qilgan qonunchilikka asosan berilgan faxriy unvonlarga ega boʻlgan shaxslarga toʻlovlar amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
Faxriy unvon uchun, shuningdek, 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan pensionerlarga qoʻshimcha toʻlov, pensiyaga ustama haqlarning soni va miqdorlaridan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
100 yoshga toʻlgan va undan oshgan pensiya oluvchilarga qoʻshimcha toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻlanayotgan pensiyasiga qoʻshib belgilanadi.
Qoʻshimcha toʻlov 2015-yilning 1-mayiga qadar 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan pensionerlarning 2015-yilning may oyidan boshlab pensioner 100 yoshga toʻlgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab har oyda pensionerning murojaatisiz axborot tizimidagi maʼlumotlar asosida “proaktiv” shaklda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan tayinlanadi;
Belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oʻzgarganda, qoʻshimcha toʻlov pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoriga mutanosib ravishda oʻzgartiriladi.
Qoʻshimcha toʻlovni toʻlash fuqaroga toʻlanayotgan pensiya toʻlash toʻxtatilganda yoki toʻxtatib turilganda ushbu Nizomda belgilangan qoidalar asosida toʻxtatiladi yoki toʻxtatib turiladi.
Fuqaro tomonidan oʻz vaqtida talab qilib olinmagan qoʻshimcha toʻlovning hisoblangan summasi oʻtgan vaqt uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga muvofiq pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari oshirilishi hisobga olingan holda bir yoʻla Qonunning 59-moddasi talablari asosida toʻlanadi.
1051. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son Farmoni bilan tasdiqlangan Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha har oyda kompensatsiya pul toʻlovlari beriladigan shaxslarning imtiyozli toifalari roʻyxatida nazarda tutilgan quyidagi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har oylik kompensatsiya pul toʻlovi tayinlanadi va toʻlanadi:
a) 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogironligi boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari;
b) 1941 — 1945-yillardagi urushning mehnat fronti qatnashchilari;
v) 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
g) Sovet Ittifoqi Qahramonlari;
d) Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va “Slava” ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar;
e) Fashist konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan mahbuslari;
j) Leningrad shahri qamali davrida ishlagan shaxslar;
z) koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
i) Chernobil halokati oqibatida jabrlangan shaxslar;
k) yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslar.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq kompensatsiya pul toʻlovlari jami daromad tarkibiga kiritilmaydi hamda pensiyalar toʻlanadigan tartib va muddatlarda toʻlanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan shaxslar toifasiga kiruvchi faoliyat yuritayotgan va yuritmayotgan shaxslarga, shuningdek, Pensiya jamgʻarmasida pensiya oluvchi sifatida hisobda turuvchi shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovlari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan tayinlanadi.
Respublika budjeti hisobidan pensiya tayinlaydigan organda pensiya oluvchi sifatida hisobda turadigan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovlari respublika budjeti hisobidan pensiya tayinlaydigan organ tomonidan tayinlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandida belgilangan nafaqalardan birini oluvchi shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovi Agentlik tomonidan tayinlanadi.
Mehnat taʼtilida, taʼlim olish munosabati bilan taʼtilda, homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtilda boʻlish vaqti, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri, bola ikki yoshga yetishiga qadar uni parvarish qilish boʻyicha xodimlar taʼtilda boʻlgan davr uchun ham kompensatsiya pul toʻlovlari tayinlanadi va toʻlanadi.
1052. Kompensatsiya pul toʻlovlari pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining tabaqalashgan foizlardan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda tayinlanadi:
ushbu Nizomning 1051-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan shaxslarga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi miqdorida;
ushbu Nizomning 1051-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan shaxslarga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 25 foizi miqdorida;
ushbu Nizomning 1051-bandi “v” — “k” kichik bandlarida nazarda tutilgan shaxslarga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida.
Bir necha asosga koʻra kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga ularning tanlashi boʻyicha eng koʻp miqdordagi bitta kompensatsiya tayinlanadi.
Kompensatsiya pul toʻlovi shaxs yoki uning qonuniy vakili tomonidan kompensatsiya pul toʻlovi tayinlashni soʻrab murojaat etilgan sanadan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab tayinlanadi.
Kompensatsiya pul toʻlovi proaktiv shaklda axborot tizimiga kompensatsiya pul toʻlovini olish huquqini beruvchi maʼlumotlar kelib tushgan sanadan keyingi oyning birinchi sanasida boshlab tayinlanadi.
1053. Ushbu Nizomning 1051-bandi “a” — “j” va “i” kichik bandlaridagi shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tashrif buyurib, ushbu Nizomga 24-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qilinganda tayinlanadi.
Ushbu Nizomning 1051-bandi “z” va “k” kichik bandlarida nazarda tutilgan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovlari proaktiv shaklda 1054-1055-bandlarda belgilangan tartibda tayinlanadi.
1054. Agentlik TIEK koʻrigiga kelgan shaxsni qonunchilik hujjatlariga muvofiq koʻrikdan oʻtkazadi va koʻrik natijalariga koʻra shaxsga koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironlik belgilangan taqdirda, nogironligi boʻlgan shaxsga (respublika budjeti hisobidan pensiya tayinlovchi tashkilotlarning xodimlaridan tashqari) proaktiv shaklda kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash uchun ushbu Nizomga 34-ilovada nazarda tutilgan shaxsga doir elektron maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali axborot tizimiga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi Raqamli texnologiyalar vazirligining “Raqamli hukumat” doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari toʻgʻrisida elektron xabardor qilish axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi) koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi belgilangan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga (mavjud boʻlsa) kompensatsiya pul toʻlovi tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi bir ish kunida axborot tizimidagi mavjud kompensatsiya pul toʻlovini olish huquqini beradigan elektron maʼlumotlar asosida kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Qaror qabul qilinganidan soʻng avtomatik tarzda Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisida xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironlik belgilangan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi. Agar koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironlik belgilangan shaxsning nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan boʻlsa, bu haqida Pensiya jamgʻarmasini xabardor qiladi.
Pensiya jamgʻarmasi xabar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi belgilangan shaxsga kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisida xabarni yetkazish uchun yashash joyi boʻyicha “Oʻzbekiston pochtasi” AJning elektron pochta joʻnatmalarining yagona milliy tizimiga yuboradi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng besh kun ichida kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisidagi xabarnomani fuqaroning yashash joyiga yetkazib beradi hamda xabarnoma yetkazilganini tasdiqlovchi maʼlumotni Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboradi.
1055. Pensiya jamgʻarmasi Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari roʻyxatiga oʻzgartirish kiritilganda besh ish kunida yangilangan roʻyxatni axborot tizimida shakllantiradi. Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxslarning JSHSHIR maʼlumotlarini va kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi avtomatik tarzda axborot tizimi orqali yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxslarning JSHSHIR maʼlumotlari asosida ularning mobil telefon raqamiga (mavjud boʻlsa) kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi bir ish kunida yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxsga kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash haqida qaror qabul qiladi. Qaror qabul qilinganidan soʻng avtomatik tarzda Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali avtomatik tarzda yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi. Agar yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxsning nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan boʻlsa, bu haqida Pensiya jamgʻarmasini axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
Pensiya jamgʻarmasi yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida xizmatni oʻtagan shaxsning nomiga mobil telefon raqami rasmiylashtirilmagani toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushganidan soʻng kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisida xabarni yetkazish uchun yashash joyi boʻyicha “Oʻzbekiston pochtasi” AJni elektron pochta joʻnatmalarining yagona milliy tizimi orqali xabardor qiladi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng besh kun ichida kompensatsiya pul toʻlovi tayinlangani toʻgʻrisidagi xabarnomani pensionerning yashash joyiga yetkazib beradi hamda xabarnoma yetkazilgani haqidagi maʼlumotni Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboradi.
106. Boshqa davlatdan kelgan shaxsning, shu jumladan ilgari Oʻzbekiston Respublikasidan doimiy yashash uchun ketgan shaxsning pensiya hujjatlari yigʻmajildini hisobga qabul qilib olishda, uning boshqa davlatda pensiya olganligidan qatʼi nazar, pensiya miqdori hisobga qabul qilish toʻgʻrisida murojaat qilingan vaqtda amalda boʻlgan qonunchilik talablariga muvofiq hisoblanadi.
Pensiya Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasidan doimiy yashash uchun ketgan fuqaroga yoshga doir pensiya, unga ilgari yoshga doir pensiya tayinlangandan keyingi orttirilgan ish stajlari inobatga olinmasdan hisoblanadi.
5-bob. Pensiya tayinlash tartibi
107. Pensiya tayinlash masalalarini koʻrib chiqish uchun pensiya jamgʻarmasi boʻlimida pensiyalarni tayinlash boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tuziladi. Komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
Komissiya kompensatsiya pul toʻlovi va boshqa toʻlovlarni tayinlash uchun ham vakolatli hisoblanadi.
1071. Qonunning 7 va 8-moddalarida belgilangan yoshga doir pensiyalar shaxsdan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda quyidagi tartibda tayinlanadi.
Migratsiya va personallashtirish departamenti shaxs Qonunning 7-moddasida belgilangan pensiya yoshiga toʻlgan sanada uning pasport (identifikatsiya ID-karta) maʼlumotlarini Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga elektron shaklda yuboradi. Pensiya jamgʻarmasi elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda pensiya tayinlash vakolatiga ega organlarga ushbu shaxsga pensiya tayinlangan yoki tayinlanmagani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun elektron soʻrov yuboradi.
Pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali shaxsga pensiya tayinlangan yoki tayinlanmagani toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar tomonidan shaxsga pensiya tayinlangani toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar kelib tushganida avtomatik tarzda proaktiv shaklda pensiya tayinlash jarayonini toʻxtatadi.
Pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar tomonidan shaxsga pensiya tayinlanmagani toʻgʻrisida maʼlumotlar kelib tushganda Pensiya jamgʻarmasi:
shaxsga doir va oila aʼzolari (yaqin qarindoshlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun Adliya vazirligining “FHDYning yagona elektron arxivi” va “Jismoniy shaxslar markaziy maʼlumotlar bazasi”ga;
ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun “YAMMT” IDAKga;
ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun Soliq qoʻmitasining fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestriga, jamgʻarib boriladigan pensiya badali toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun AT “Xalq banki”ning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga;
mahalla fuqarolar yigʻini kesimida yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun Ichki ishlar vazirligining “Manzil” axborot tizimiga elektron soʻrov yuboradi.
Adliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi, AT “Xalq banki”, Ichki ishlar vazirligi elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda shaxsning shaxsiga doir va oila aʼzolari (yaqin qarindoshlari), ish staji, ish haqi, jamgʻarib boriladigan pensiya badali va yashash joyi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni axborot tizimiga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi shu kunning oʻzida shaxsning axborot tizimidagi mavjud ish staji, ish haqi, ustama olish huquqini beradigan elektron maʼlumotlar asosida pensiyaga boʻlgan huquqini aniqlaydi, pensiya miqdorini hisoblaydi va pensiya tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agarda shaxsning Qonun va ushbu Nizom qoidalari asosida pensiyaga boʻlgan huquqi mavjud boʻlmasa, pensiya tayinlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Pensiya jamgʻarmasi qaror qabul qilingan kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimiga shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari va pensiya tayinlanganligi yoki pensiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi avtomatik tarzda JSHSHIR maʼlumotlari asosida shaxsning mobil telefon raqamiga pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlash rad etilgani va qoʻshimcha maʼlumotlar toʻgʻrisidagi SMS-xabarni yuboradi. Agar shaxsning nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan boʻlsa, Raqamli texnologiyalar vazirligi avtomatik tarzda bu haqida axborot tizimi orqali Pensiya jamgʻarmasini xabardor qiladi.
Ushbu holatda Pensiya jamgʻarmasi shaxsga pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi xabarni yashash joyi boʻyicha yetkazish uchun “Oʻzbekiston pochtasi” AJning elektron pochta joʻnatmalarining yagona milliy tizimiga axborot tizimi orqali yuboradi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng besh kun ichida shaxsga pensiya tayinlangani yoki tayinlash rad etilgani va qoʻshimcha maʼlumotlar toʻgʻrisidagi xabarnomani shaxsning yashash joyi boʻyicha yetkazib beradi hamda xabarnoma yetkazilganini tasdiqlovchi maʼlumotni Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboradi.
Pensiya tayinlangan shaxs proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiya miqdoridan norozi boʻlganida yoki mehnat faoliyatini davom ettirib, yoshga doir pensiyaga keyinchalik chiqish xohishini bildirib, SMS-xabar yoki xabarnomani olganidan soʻng oʻn kun ichida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tashrif buyurgan holda ushbu Nizomga 35-ilovaga muvofiq shakldagi arizani berish orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali ushbu Nizomga 36-ilovada belgilangan sxemaga muvofiq 37-ilovada belgilangan soʻrovnomani toʻldirgan holda tayinlangan pensiyani rad qilish huquqiga ega.
Pensiya tayinlangan shaxs oʻn kun ichida proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad qilish boʻyicha murojaat qilmasa, proaktiv shaklda tayinlangan pensiyadan rozi deb qabul qilinadi va pensiya toʻlanishi boshlanadi. Pensiyani rad etgan shaxs keyinchalik yangidan pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilganida, pensiya Qonun va ushbu Nizomda nazarda tutilgan pensiya tayinlash muddatlariga muvofiq tayinlanadi.
1072. Qonunning 15-moddasida belgilangan nogironlik pensiyalari shaxsdan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda quyidagi tartibda tayinlanadi.
Agentlik nogironlik belgilangan shaxsning (respublika budjeti hisobidan pensiya tayinlaydigan tashkilotlarning xodimlaridan tashqari) elektron maʼlumotlarini avtomatik tarzda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda pensiya tayinlash vakolatiga ega organlarga nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya tayinlangan yoki tayinlanmagani toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni olish uchun axborot tizimi orqali soʻrov yuboradi.
Pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya tayinlangan yoki tayinlanmagani toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar tomonidan nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya tayinlangani toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar kelib tushganida avtomatik tarzda proaktiv shaklda nogironlik pensiyasini tayinlash jarayonini toʻxtatadi.
Pensiya tayinlash vakolatiga ega organlar tomonidan nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya tayinlanmagani toʻgʻrisida maʼlumotlar kelib tushganda Pensiya jamgʻarmasi nogironligi boʻlgan shaxsning:
shaxsiga doir va oila aʼzolari (yaqin qarindoshlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun tegishliligi boʻyicha Adliya vazirligining “FHDYning yagona elektron arxivi” va Ichki ishlar vazirligining “Jismoniy shaxslar markaziy maʼlumotlar bazasi”ga;
ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “YAMMT” IDAKga;
ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish uchun Soliq qoʻmitasining Fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestriga va AT “Xalq banki”ning Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga;
yashash joyi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni olish uchun Ichki ishlar vazirligining “Manzil” axborot tizimiga elektron soʻrov yuboradi.
Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va pensiya tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga (mavjud boʻlsa) pensiya tayinlash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi, AT “Xalq banki”, Ichki ishlar vazirligi elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning shaxsiga doir va oila aʼzolari (yaqin qarindoshlari), ish staji, ish haqi, jamgʻarib boriladigan pensiya badali va yashash joyi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasiga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi bir ish kuni ichida nogironligi boʻlgan shaxsning axborot tizimidagi mavjud oila aʼzolari tarkibi, ish staji, ish haqi, ustama olish huquqini beradigan elektron maʼlumotlari asosida pensiyaga boʻlgan huquqini aniqlaydi, pensiya miqdorini hisoblaydi va pensiya tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Agar shaxsning Qonun va ushbu Nizom asosida pensiya olish huquqi mavjud boʻlmasa, pensiya tayinlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qaror qabul qilinganidan soʻng avtomatik tarzda Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari va pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi. Agar nogironligi boʻlgan shaxsning nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan boʻlsa, bu haqida Pensiya jamgʻarmasini xabardor qiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxsning nomiga mobil telefon raqami rasmiylashtirilmagani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kelib tushganda, Pensiya jamgʻarmasi shaxsga pensiya tayinlangani yoki pensiya tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi xabarni yashash joyi boʻyicha yetkazish uchun “Oʻzbekiston pochtasi” AJning elektron pochta joʻnatmalarining yagona milliy tizimiga yuboradi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng besh kun ichida nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya tayinlangani yoki tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi xabarnomani shaxsning yashash joyi boʻyicha yetkazib beradi hamda xabarnoma yetkazilganini tasdiqlovchi maʼlumotni Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboradi.
Nogironlik pensiyasi tayinlangan shaxs proaktiv shaklda tayinlangan nogironlik pensiya miqdoridan norozi boʻlganda yoki mehnat faoliyatini davom ettirib, nogironlik pensiyasiga keyinchalik chiqish yoxud boshqa pensiya va nafaqa tayinlaydigan organlardan pensiya olish istagini bildirganda, xabarnomani olganidan soʻng oʻn kun ichida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tashrif buyurgan holda, ushbu Nizomga 35-ilovaga muvofiq shakldagi arizani berish yoki Davlat xizmatlari markazlari yoxud YIDXP orqali ushbu Nizomga 36-ilovada belgilangan sxemaga muvofiq 37-ilovada belgilangan soʻrovnomani toʻldirgan holda tayinlangan pensiyani rad qilish huquqiga ega.
Nogironlik pensiyasi tayinlangan shaxs oʻn kun ichida ariza bermagan hollarda, proaktiv shaklda tayinlangan nogironlik pensiyasidan rozi deb qabul qilinadi va pensiyani toʻlash ushbu Nizom qoidalari asosida boshlanadi.
Keyinchalik shaxs pensiya tayinlashni soʻrab murojaat qilganda pensiya Qonun va ushbu Nizomda nazarda tutilgan pensiya tayinlash muddatlariga muvofiq tayinlanadi.
108. Komissiya boshqa zarur hujjatlar bilan birgalikda pensiya va/yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisidagi ariza tushgandan keyin oʻn kun ichida tegishli qaror qabul qiladi (pensiya va/yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash, pensiya va/yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlashni rad etish, taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganini tekshirish va boshqalar toʻgʻrisida).
109. Agar pensiya olish huquqiga ega boʻlgan ariza beruvchi pensiya tayinlash uchun murojaat qilishda nazarda tutilgan zarur hujjatlarni taqdim etmasa yoki taqdim etilgan hujjatlar ularning asoslanganligi va ishonchliligi yuzasidan qoʻshimcha tekshirishni talab qilsa, komissiya tomonidan hujjatlarni tekshirish tugaguniga qadar ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlarga asosan qonunchilikda belgilangan miqdorda pensiya tayinlanadi hamda tekshirish yakuniga muvofiq qoʻshimcha hujjatlar asosida pensiyasi qayta hisob-kitob qilinadi.
Agar ariza beruvchi tekshirish yakuniga qadar pensiya tayinlashga rozi boʻlmasa, komissiya ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish tamom boʻlgandan keyin pensiya tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Pensiyalar Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiq tayinlanadi.
110. Pensiya ishi komissiya tomonidan pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kun mobaynida rasmiylashtirilishi kerak.
Bunda pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash (qayta hisoblash, chegirma qilish va boshqalar) yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorni komissiya axborot tizimi orqali elektron shaklda har bir komissiya aʼzosi tomonidan mustaqil tarzda komissiya aʼzosi va uning qabul qilgan qarori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlaydi.
Komissiya tomonidan pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovi turi, pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovi miqdori, pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash muddati, pensiyaning yoki kompensatsiya pul toʻlovining toʻlov shakli va pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini toʻlash sanasi toʻgʻrisida pensionerning pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisidagi arizasida yoki soʻrovnomada, shuningdek, koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga SMS-xabar yoki shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboradi.
111. Pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechiktirmay shaxsga rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatilgan bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda barcha taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olingani toʻgʻrisidagi tilxat bilan shaxsga (qonuniy vakilga) qaytarishi, shuningdek, shaxsning mobil telefon raqamiga rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi toʻgʻrisida SMS-xabar yuborilishi kerak.
Pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash toʻgʻrisidagi murojaat Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali amalga oshirilganda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya yoki kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash rad etilgani, rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi toʻgʻrisida shaxsning soʻrovnomada koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga yoki shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboradi.
Shaxs komissiya qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining bevosita yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
112. Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqiga ega boʻlgan oila aʼzolarining barchasiga bitta umumiy pensiya tayinlanadi. Oila aʼzosining talabiga koʻra uning pensiyadagi ulushi ajratiladi va unga alohida toʻlanadi.
Boshqa tumanda (shaharda) yashaydigan oila aʼzosi oʻziga pensiya ulushini tayinlash yoki ajratish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilganda murojaat qilganning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi rasmiylashtiradigan yoki ushbu oilaning amaldagi pensiya hujjatlar yigʻmajildi turgan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tegishli xabarnomani yuboradi. Xabarnomaga ariza va yangidan murojaat qilgan oila aʼzosining pensiya olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Ushbu holatda pensiya boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasidan ulush ajratib berish toʻgʻrisida murojaat qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab tayinlanadi.
Pensiya ishini rasmiylashtirishning barcha hollarida oila har bir aʼzosining pensiyaga boʻlgan huquqini tasdiqlaydigan barcha hujjatlar tikib qoʻyiladi va/yoki axborot tizimda saqlanadi.
Vafot etgan boquvchining farzandlari, aka-ukalari, opa-singillari va nabiralari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini 18 yoshga toʻlguniga qadar olish huquqiga ega.
Taʼlim tashkilotining oʻquvchisi va/yoki talabasi hisoblangan oilaning mehnatga layoqatsiz aʼzosi boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oʻqishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga toʻlguniga qadar olish huquqiga ega.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqini aniqlashda vafot etgan boquvchi oilasining nogironlikning III guruhiga ega boʻlgan aʼzolari vafot etgan boquvchi oilasining mehnatga layoqatsiz aʼzolari jumlasiga kiritilmaydi (bundan bolalikdan nogironligi boʻlgan III guruh shaxslar mustasno).
Agar vafot etganning bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nevaralari parvarishi bilan ular ikki yoshga toʻlgungacha band boʻlgan oila aʼzolaridan biri pensiya turlaridan bittasini oluvchi boʻlsa, u holda uning xohishi boʻyicha Qonunning 4-moddasiga muvofiq faqat pensiyaning bitta turi tayinlanadi.
Oʻgay oʻgʻil va oʻgay qiz, agar ular ota-onalaridan aliment olmagan boʻlsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga egadirlar.
Oʻgay ota (ona) agar vafot etgan oʻgay oʻgʻil (qiz)ni 18 yoshga toʻlgunga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan yoki boqqan boʻlsalar, haqiqiy otasi yoki onasi singari pensiya olish huquqiga egadirlar. Bunda oʻgay ota (ona)ning vafot etgan oʻgay oʻgʻil (qiz)ni 5 yil tarbiyalaganligi yoki boqqanligi Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq oʻgay ota (ona)ning oʻgay oʻgʻil (qiz)ni haqiqiy onasi (otasi) bilan nikoh tuzilganligi qayd etilgan sanadan boshlab aniqlanadi.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi (shu jumladan, boquvchisining vafotidan keyin tugʻilgan bolaga) ushbu pensiyaga huquqi paydo boʻlgan kundan boshlab, pensiya tayinlash uchun birinchi marta murojaat qilinganda boquvchi vafot etgan kundan boshlab 6 oydan kechikmay tayinlanadi. Qolgan holatlarda pensiya murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi
Misol. Boquvchi vafot etgandan (2010-yil 10-iyun) keyin tugʻilgan bolaning (2010-yil 6-avgust) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasiga huquqi tugʻilgan kunidan boshlab paydo boʻladi. Tegishli ravishda, boquvchining vafotidan keyin tugʻilgan bolaga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlashni soʻrab 2010-yil 10-dekabrga (murojaat qilishning oxirgi kuni 2010-yil 9-dekabr) qadar murojaat etilganda pensiya 2010-yil 6-avgustdan tayinlanadi.
113. Agar oilaning alohida yashaydigan aʼzosining pensiyaga boʻlgan huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar oilaning boshqa aʼzolariga pensiya tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqarilganidan keyin tushsa, u holda alohida yashaydigan oila aʼzosiga pensiya ulushi ajratilgan holda oilaning barcha aʼzolariga pensiya tayinlash toʻgʻrisida yangidan qaror qabul qilinadi.
Oilaning koʻrsatib oʻtilgan aʼzosining tushgan hujjatlari amaldagi pensiya ishiga qoʻshib qoʻyiladi, pensiya ulushini ajratish toʻgʻrisidagi qaror nusxasi esa uning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboriladi. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya ulushini ajratish uchun asos boʻlgan barcha zarur hujjatlarning nusxalari bilan birga pensiya ulushini oluvchiga mustaqil pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildini rasmiylashtirishi kerak.
114. Ulushli pensiyani toʻlaydigan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya ulushini ajratgan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga pensiya miqdorini qayta koʻrib chiqish yoki uni toʻlashni toʻxtatish zarurligiga olib kelgan boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha ulushli pensiya oluvchi oilaning tarkibida yuz bergan barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Pensiya ulushini toʻlash toʻxtatilgan taqdirda, hujjatlar pensiya toʻlash davom etayotgan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboriladi.
115. Shaxslarning ayrim toifalari Qonunga muvofiq imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega.
Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga qonunchilikda nazarda tutilgan ishlarni bajarish bilan band boʻlgan xodimlar ega boʻladilar.
Imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashda hisobga oʻtadigan ishlar ayni shunday yoki nisbatan imtiyozliroq shartlarda pensiya olish huquqini bergan taqdirda, Qonunning 9-moddasida nazarda tutilgan 1, 2 va 3-sonli roʻyxatlardagi ish davrlari oʻzaro hisobga olinadi.
116. Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ish hajmining qisqarishi yoxud korxona tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga yoshga doir muddatidan oldin (keyingi oʻrinlarda — muddatidan oldin yoshga doir pensiya) beriladigan pensiya Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiq tayinlanadi.
Tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi tomonidan fuqaroni ishsiz deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisida berilgan taqdimnoma Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlash uchun asos boʻlib hisoblanadi.
117. Toʻliq boʻlmagan ish staji sharoitida pensiya:
a) yoshga doir pensiya — ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “k” kichik bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlganda pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega boʻlmagan shaxsga;
b) nogironlik pensiyasi — pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega boʻlmagan umumiy kasallik oqibatidagi I va II guruhlar nogironligi boʻlgan shaxslariga (shu jumladan, nogironligi boʻlgan bolalarga);
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi — umumiy kasallik oqibatida vafot etgan va nogironlik pensiyasini tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega boʻlmagan boquvchisini yoʻqotgan oila aʼzolariga tayinlanadi.
Staj toʻliq boʻlmagandagi pensiya miqdori qonunchilikda belgilangan miqdorlardan past boʻlishi mumkin emas.
Staj toʻliq boʻlmagan holda pensiya olgan vafot etgan pensionerning oila aʼzolariga pensiya vafot etgan boquvchiga pensiya undan kelib chiqib tayinlangan ish stajiga mutanosib ravishda tayinlanadi.
118. Toʻliq boʻlmagan ish staji holatida pensiya quyidagi tarzda mavjud stajga mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi: dastlab tegishli toʻliq pensiya aniqlanadi; ushbu pensiya talab etiladigan ish staji oylari soniga boʻlinadi, olingan summa amaldagi ish staji oylari soniga koʻpaytiriladi.
119. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining ish yurituvchisi pensiya oluvchining soʻroviga asosan axborot tizimidagi maʼlumotlar asosida ushbu Nizomning 23-ilovasiga muvofiq shaklda pensiya guvohnomasini rasmiylashtiradi. Bunda guvohnomani rasmiylashtirish uchun pensiya oluvchining tegishli fotosurati axborot tizimi orqali ish yurituvchi tomonidan chop etiladi.
Pensiya guvohnomasi blanki qatʼiy hisobda turuvchi rasmiy hujjat hisoblanadi va Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi boshligʻi tomonidan tayinlangan masʼul xodimda saqlanadi.
Pensiya guvohnomasi berilishining hisobi axborot tizimi orqali ish yurituvchi tomonidan yuritiladi.
Ish yurituvchi lavozimi mavjud boʻlmagan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlarida ushbu vazifalar Fuqarolarga xizmat koʻrsatish shuʼbasi (keyingi oʻrinlarda — shuʼba) mutaxassisi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Pensiyalarni bir turidan boshqa turiga oʻtkazish tartibi
120. Pensiyalarning bir turini olgan pensioner Qonunga muvofiq boshqa pensiya turiga boʻlgan huquq mavjud boʻlgan taqdirda, pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazishda tayinlangan pensiyani toʻlash toʻxtatiladi va qonunchilik bilan qoʻyiladigan ish stajini va oylik ish haqini hisoblash talablarga muvofiq boshqa turdagi pensiya tayinlanadi.
121. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza pensionerning yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Vafot etgan boquvchining voyaga yetmagan oila aʼzosi (boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oʻtkazishda) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxsning nomidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza uning qonuniy vakili yashaydigan joy boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda koʻrib chiqadi.
Shaxsning arizasi Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan ariza beruvchiga ariza qabul qilingan sana koʻrsatilgan tilxat, shuningdek, yetishmaydigan hujjatlar roʻyxati beriladi.
122. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan birga pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan sana pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.
Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish uchun murojaat qilgan pensionerning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
ushbu Nizomning 75-bandi talablari hisobga olingan holda pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza berilgan paytdan mehnat faoliyatining oxirgi oʻn yili mobaynida istalgan ketma-ket besh yildagi ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi, fuqarolarning Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri, fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri, “YAMMT” IDAKda mavjud boʻlganda ish haqi toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinmaydi);
ushbu Nizomning 16-bandi hisobga olingan holda ushbu Nizomning 12 — 14-bandlariga muvofiq uning uchun ariza berilgan pensiya turini tayinlash uchun talab qilinadigan hujjatlar, ushbu hujjatlar pensiyaning olinadigan turi boʻyicha rasmiylashtirilgan pensiya hujjatlar yigʻmajildida mavjud boʻlmagan taqdirda.
Bundan tashqari, zarur hollarda, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchi oila aʼzolari soni oʻzgarishini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etiladi.
123. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan oʻn kun muddatda koʻrib chiqilishi kerak.
Yoshga doir pensiyani nogironlik pensiyasiga oʻtkazishda yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ega boʻlingan ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi hamda nogironlik pensiyasini hisoblash uchun oʻrtacha oylik ish haqi ilgari yoshga doir pensiyani tayinlashdan oldingi ishning oxirgi oʻn yilidan kelib chiqqan holda, nogironlik pensiyasini tayinlash vaqtida amalda boʻlgan qonunchilikda nazarda tutilgan pensiyani hisoblash uchun ish haqi va ish stajini hisoblash shartlari qoʻllangan holda aniqlanadi.
Ilgari shaxsning yoshiga doir tayinlangan pensiyani pensiyalarning boshqa turlaridan bittasi boʻyicha toʻlovning toʻxtatilishi munosabati bilan tiklashda yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ega boʻlingan ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi va pensiyani hisoblash uchun oʻrtacha oylik ish haqi yoshga doir ilgari tayinlangan pensiyadan oldingi ishning oxirgi oʻn yilidan kelib chiqqan holda, tiklash vaqtida amalda boʻlgan qonunchilikda nazarda tutilgan pensiyani hisoblash uchun ish haqi va ish stajini hisoblash shartlari qoʻllangan holda aniqlanadi.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasiga oʻtkazishda pensiya miqdorini hisoblash Qonunning 34-moddasi shartlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi, ish staji esa umumiy tartibda, uchuvchilar va sinovchi uchuvchilar tarkibidagi xodimlarga pensiyalar tayinlash uchun koʻp yillik xizmat muddatlarini hisoblash tartibida nazarda tutilgan shartlar va normalar qoʻllanmasdan hisoblab chiqiladi (ushbu Nizomga 4-ilova).
124. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish rad etilgan taqdirda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatilgan holda rad etish toʻgʻrisida pensionerga xabarnomani berishi yoki yuborishi shart va bir vaqtning oʻzida pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish uchun taqdim etilgan barcha hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olinganligi toʻgʻrisidagi tilxat bilan pensionerning qoʻliga qaytarishi va pensiionerning pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazishni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart.
Komissiya tomonidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensionerning pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya turi, pensiya turi oʻzgartirilgan muddat, pensiya miqdori, ish staji davomiyligi, aniqlangan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori, pensiya toʻlov shakli va pensiya toʻlash sanasi toʻgʻrisidagi “SMS” xabarnoma yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin pensiyaning boshqa turini toʻlash pensioner barcha zarur hujjatlar bilan birga tegishli ariza bilan murojaat qilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlanadi.
Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga oʻtgan pensionerlarga yangi pensiya guvohnomasi yoziladi.
7-bob. Pensiyani qayta hisoblab chiqish tartibi
125. Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo boʻlgan taqdirda pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish toʻgʻrisida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiyani har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblash proaktiv shaklda ushbu Nizomning 1251-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda nogironlik pensiyasini qayta hisoblash axborot tizimda avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Shuʼba mudiri arizani ilova qilingan hujjatlar bilan birgalikda boʻlim boshligʻiga koʻrib chiqish va tegishli koʻrsatma (rezolyutsiya) berish uchun axborot tizimi orqali yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi boshligʻi ariza va boshqa hujjatlar bilan tanishib chiqib, axborot tizimi orqali koʻrsatma (rezolyutsiya) berganidan soʻng axborot tizimida pensiya qayta hisoblash toʻgʻrisida ariza avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtadi va shuʼba inspektoriga ijro uchun yuboriladi.
Shuʼba mudiri pensiya oluvchi arizasining tegishli qismini qirqib olgan holda ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisida tilxat beradi, bunda tilxat nusxasi taqdim etilgan hujjatlar bilan birgalikda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimida saqlanadi.
Ariza kerakli hujjatlar bilan birga qayd etilganidan soʻng, shuʼba inspektori pensiyaning yangi hisob-kitobini (qayta hisoblashni) amalga oshiradi va komissiyaga qaror qabul qilish uchun taqdim qiladi.
Shuʼba mudiri lavozimi mavjud boʻlmagan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlarida ushbu vazifalar shuʼba mutaxassisi tomonidan amalga oshiriladi.
1251. Nogironligi boʻlgan shaxsga nogironlik pensiyasi tayinlanganiga yoki qayta hisoblanganiga ikki yil boʻlganidan soʻng Pensiya jamgʻarmasi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning orttirgan ish staji, ish haqi va jamgʻarib boriladigan pensiya badali toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlash uchun “YAMMT” IDAKga, Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi va Fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestriga tegishliligi boʻyicha elektron soʻrov yuboradi. Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va pensiyani qayta hisoblash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga (mavjud boʻlsa) pensiyani qayta hisoblash masalasi bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, AT “Xalq banki”, Soliq qoʻmitasi elektron soʻrov kelib tushganidan soʻng avtomatik tarzda Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasi elektron maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng bir ish kunida axborot tizimidagi mavjud oila aʼzolari tarkibi, ish staji, ish haqi, jamgʻarib boriladigan pensiya badali va ustama olish huquqini beradigan elektron maʼlumotlar asosida pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Agarda nogironligi boʻlgan shaxsning pensiyasi qayta hisoblangandan soʻng uning orttirilgan ish staji, ish haqi va jamgʻarib boriladigan pensiya badali toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kelib tushmaganda yoki orttirilgan ish staji bir yildan kam davrni tashkil qilganda yoxud pensiya miqdori amaldagi pensiya miqdoridan kam miqdorga qayta hisoblanganda avvalgi pensiya miqdorini oʻzgarishsiz qoldiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimiga nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlarini va pensiya miqdori qayta hisoblangani yoki oʻzgarishsiz qolgani toʻgʻrisidagi xabar matnini yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot tizimi orqali nogironligi boʻlgan shaxsning JSHSHIR maʼlumotlari asosida uning mobil telefon raqamiga (mavjud boʻlsa) pensiya miqdori qayta hisoblangani yoki oʻzgarishsiz qolgani toʻgʻrisida SMS-xabar yuboradi. Agar nogironligi boʻlgan shaxsning nomiga mobil telefon raqam rasmiylashtirilmagan boʻlsa, bu haqida Pensiya jamgʻarmasini xabardor qiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxsning nomiga mobil telefon raqami rasmiylashtirilmagani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kelib tushganda Pensiya jamgʻarmasi pensiya miqdori qayta hisoblangani yoki oʻzgarishsiz qolgani toʻgʻrisidagi xabarni yetkazish uchun nogironligi boʻlgan shaxsning yashash joyi boʻyicha “Oʻzbekiston pochtasi” AJni elektron pochta joʻnatmalari yagona milliy tizimiga yuboradi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ maʼlumotlar kelib tushganidan soʻng besh kun ichida nogironligi boʻlgan shaxsga pensiya miqdori qayta hisoblangani yoki oʻzgarishsiz qolgani toʻgʻrisidagi xabarnomani shaxsning yashash joyi boʻyicha yetkazib beradi hamda xabarnoma yetkazilganini tasdiqlovchi maʼlumotni Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboradi.
Nogironlik pensiyasi qayta hisoblangan shaxs proaktiv shaklda qayta hisoblangan nogironlik pensiya miqdoridan norozi boʻlganda yoki mehnat faoliyatini davom ettirib, nogironlik pensiyasini qayta hisoblashni keyinchalik amalga oshirishni soʻrab, xabarnomani olganidan soʻng oʻn kun ichida Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga tashrif buyurgan holda, ushbu Nizomga 35-ilovaga muvofiq shakldagi arizani berish orqali qayta hisoblangan nogironlik pensiyasini rad qilish huquqiga ega.
Shaxs oʻn kun ichida ariza bermagan hollarda, proaktiv shaklda qayta hisoblangan nogironlik pensiyasidan rozi deb qabul qilinadi va qayta hisoblangan nogironlik pensiyasini toʻlash ushbu Nizom qoidalari asosida boshlanadi.
Keyinchalik shaxs nogironlik pensiyasini qayta hisoblashni soʻrab murojaat qilganda, nogironlik pensiyasi Qonun va ushbu Nizomda nazarda tutilgan qoidalar asosida qayta hisoblanadi.
126. Quyidagi holatlar tayinlangan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi:
a) pensioner tomonidan pensiya hujjatlar yigʻmajildida mavjud boʻlmagan va pensiya miqdoriga taʼsir koʻrsatadigan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilishi (ushbu Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan ish staji va pensiya tayinlangunga qadar ish haqi toʻgʻrisida);
b) nogironlik guruhining oʻzgarishi;
v) boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchi oila aʼzolari sonining oʻzgarishi;
g) ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan ustama haq olish huquqining paydo boʻlishi;
d) qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi oʻzgarganda, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oʻzgarganda, eng kam isteʼmol xarajatlari miqdori oʻzgarganda, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oʻzgarganda va pensiya ishini tekshirish (oʻrganish) natijasida pensiya miqdorining oshishi yoki kamayishi;
e) daromadlarning indeksatsiya qilinishi. Bunda pensiya miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning isteʼmol narxlari (tariflari) indeksi (inflyatsiya) darajasining oʻsish surʼatlarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga asosan indeksatsiya qilinadi (oshiriladi);
j) I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, ish staji va ish haqi inobatga olingan holda, pensiya har ikki yilda bir marotaba proaktiv shaklda qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash proaktiv shaklda qayta hisoblash sanasidagi Qonunning 17-moddasida belgilangan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Mazkur asos bilan pensiyani proaktiv shaklda qayta hisoblash imkoni boʻlmaganida, bu haqida pensionerga SMS-xabar yuborilib, umumiy tartibda murojaat qilish asosida ushbu Nizomning 127 — 137-bandlarida belgilangan tartibda qayta hisoblash amalga oshiriladi.
127. Ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyentlar belgilangan tumanlarda (shaharlarda) ishlagan shaxsga pensiyalarni qayta hisoblashda mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi.
128. Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun qayta hisoblab chiqish huquqi paydo boʻlgandan keyin istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin.
129. Pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi ariza pensioner yashaydigan joy boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga beriladi.
Oilaning voyaga yetmagan aʼzosi (boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxsning nomidan pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi ariza uning qonuniy vakili yashaydigan joy boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga berilishi mumkin.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda koʻrib chiqadi.
Shaxsning arizasi Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan ariza beruvchiga ariza qabul qilingan sana koʻrsatilgan tilxat, shuningdek, olingan va yetishmaydigan hujjatlar roʻyxati beriladi.
130. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan birga pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan sana pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi.
131. Pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan pensionerning arizasiga ushbu Nizomning 126-bandi “a”, “v” va “g” kichik bandlari asosida mazkur Nizomning 12 — 14 va 16-bandlarida koʻrsatilganlaridan zarur hujjatlar ilova qilinishi kerak (bundan pensiyani qayta hisoblash uchun asos boʻladigan hujjatlar va maʼlumotlar axborot tizimida mavjud boʻlgan holatlar mustasno).
132. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi nogironlik guruhi oʻzgarganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblashni Agentlikning axborot tizimidan olingan shaxsning nogironligi boʻlgan shaxsligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (maʼlumot) asosida amalga oshiradi.
133. Quyidagi hollarda pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisida ariza berish talab qilinmaydi:
qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi oʻzgarganda (ish stajini hisoblash tartibi oʻzgargan holatlar bundan mustasno), yoshga doir eng kam pensiya miqdori oʻzgarganda, eng kam isteʼmol xarajatlari miqdori oʻzgarganda, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oʻzgarganda;
tayinlangan pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda;
oilaning 18 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan aʼzolaridan biri taʼlim tashkilotlaridan berilgan uning oʻquvchi yoki talaba ekanligi, oʻquvchi yoki talabalar safidan, shuningdek, akademik taʼtilga chiqarilganligi haqidagi maʼlumot axborot tizimi orqali olinib boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchi oila aʼzolari soni oʻzgarganda;
nogironlik guruhi oʻzgarganda;
I guruh nogironligi belgilanganda.
134. Pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi ariza Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan besh kun muddatda koʻrib chiqiladi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan qayta hisoblangan pensiya miqdori, toʻlanib turgan pensiya miqdoridan kam miqdorda hisoblangan hollarda komissiya pensiya miqdorini qayta hisoblashni rad etish va amalda toʻlanib turgan pensiya toʻlovini davom ettirish boʻyicha qaror qabul qiladi.
Pensiya miqdorini qayta hisoblash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini koʻrsatgan holda pensionerga rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda ayni bir vaqtda taqdim etilgan hujjatlarni hujjatlar olinganligi toʻgʻrisidagi tilxat bilan pensionerning qoʻliga qaytarishi va pensiionerning pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya miqdorini qayta hisoblashni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart.
Komissiya tomonidan pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganida, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya turi, pensiya miqdori qayta hisoblangan muddat, pensiya miqdori, ish staji davomiyligi, aniqlangan oʻrtacha oylik ish haqi miqdori, pensiya toʻlov shakli va pensiya toʻlash sanasi toʻgʻrisidagi “SMS” xabarnoma yuboradi.
135. Pensiya miqdorini qayta hisoblash toʻgʻrisida komissiya tomonidan qaror qabul qilingandan keyin pensiya miqdorini qayta hisoblash pensioner barcha zarur hujjatlar bilan birga tegishli ariza bilan murojaat qilgan sanadan yoki nogironlik pensiyasi proaktiv shaklda qayta hisoblanayotgan sanadan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab amalga oshiriladi. Yoshga doir eng kam pensiya miqdori, eng kam isteʼmol xarajatlari miqdori va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oʻzgargan taqdirda, pensiya miqdorini qayta hisoblash ish haqining miqdori oʻzgarishi uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatda koʻrsatilgan sanadan boshlab amalga oshiriladi.
Pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda (boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchi oila aʼzolari soni oʻzgarishi, nogironlik guruhining oʻzgarishi va boshqa holatlar) qayta hisoblash ushbu holatlar boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.
136. Pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildi turgan joy boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi pensiya miqdorini qayta hisoblash zarurligiga olib kelgan boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha ulushli pensiya oluvchi oila tarkibida yuz bergan barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha ulushli pensiya toʻlaydigan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga xabar qilishga majbur.
Bunday holatda komissiyaning tegishli qarori nusxasi ushbu pensiyaning ulushini toʻlaydigan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboriladi.
137. Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega boʻlingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi. Bundan nogironlik pensiyasi mustasno.
138. Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga toʻlganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqilmaydi.
Ilgari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlangan bolaga ikkinchi ota-onaning vafoti munosabati bilan pensiya miqdorini ikkinchi boquvchining pensiya miqdoriga taʼsir koʻrsatadigan ish staji va ish haqini hisobga olgan holda qayta hisoblab chiqish pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun murojaat qilingan vaqtda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Pensioner tomonidan ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha hujjatlarning taqdim etilishi munosabati bilan pensiyani qayta hisoblab chiqishda qayta hisoblash vaqtida amalda boʻlgan ish staji va ish haqini aniqlash tartibi qoʻllanadi, bunda pensiyani qayta hisoblash uchun oʻrtacha oylik ish haqi toʻlanadigan pensiyani tayinlashdan oldingi ishning oxirgi oʻn yilidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
139. Pensiya miqdorini qayta hisoblash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyenti qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
8-bob. Pensiyalarni toʻlash tartibi
140. Pensiyalar komissiyaning qarorida koʻrsatilgan miqdor hamda muddatlardan kelib chiqib toʻlanadi.
Pensionerlarga pensiya va boshqa toʻlovlar Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati hamda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnoma (kelishuv) asosida pensionerning xohishiga koʻra yashash joyi yoki turgan joyidagi pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat bankning sayyor kassalari tomonidan naqd pulda yetkazib beriladi (topshiriladi) yoki pensionerning xohishiga koʻra pul mablagʻlarini bank kartasiga yoki ijtimoiy kartasiga naqd pulsiz oʻtkazish yoʻli bilan tijorat bankining filiali orqali toʻlanadi.
Shaxs pensiya toʻlovini naqd pul shaklida olish uchun ushbu Nizomga 14-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga, naqd pulsiz shaklda olish uchun tijorat banki filialiga yoki bank mobil ilovalari orqali murojaat qiladi. Bunda ushbu maʼlumotlar tijorat banklari tomonidan oʻzaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron tarzda Pensiya jamgʻarmasiga yuboriladi.
Shaxsning tanlovi boʻyicha unga toʻlanishi lozim boʻlgan pensiya summasi, bir vaqtning oʻzida pensiya toʻlovining bir nechta shaklidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Toʻlov shakli shaxs tegishli ariza taqdim etgan yoki elektron shaklda murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab oʻzgartiriladi yoki tiklanadi.
Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya toʻlovi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari tomonidan manzil-koloniya maʼmuriyati orqali mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Manzil-koloniya maʼmuriyati har oyning 1-kunida joriy oy uchun manzil-koloniyada jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar toʻlovi uchun mablagʻlarni olishga ushbu Nizomga 15-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha talabnomani manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim etadi.
1401. Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot pensiya oluvchi shaxsga naqd pul koʻrinishdagi pensiyani quyidagi tartibda toʻlaydi:
pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot xodimi maxsus planshet orqali pensiya oluvchi shaxsning yuzini biometrik identifikatsiyadan (Face-ID yoki qonunchilikka muvofiq boshqa elektron tasdiqlash usulidan) oʻtkazgan holda elektron maʼlumotlarni oladi;
olingan elektron maʼlumotlarni solishtirish maqsadida “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Migratsiya va personallashtirish departamentining axborot tizimiga elektron soʻrov yuboradi;
Migratsiya va personallashtirish departamenti “Elektron hukumat” axborot tizimi orqali kelib tushgan elektron soʻrovga asosan pensiya oluvchi yuzining biometrik maʼlumotlarini axborot tizimidagi ushbu pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari bilan solishtiradi hamda elektron maʼlumotlar oʻzaro mos kelgani yoki mos kelmagani toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga “Elektron hukumat” axborot tizimi orqali yuboradi;
pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari Migratsiya va personallashtirish departamentining axborot tizimidagi mavjud pensiya oluvchining elektron yuz biometrik maʼlumotlari bilan mos kelganda, pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan pensiya oluvchiga pensiya toʻlanadi.
Migratsiya va personallashtirish departamenti axborot tizimi orqali pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari mos kelmagani toʻgʻrisida elektron maʼlumot kelib tushganda, pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan ushbu fuqaroga pensiya toʻlanmaydi. Bunda pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot xodimi tomonidan pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari takroran olinib, jarayon qayta amalga oshiriladi.
Quyidagi hollarda pensiya toʻlov qaydnoma (vedomost)larga elektron imzo qoʻyish orqali toʻlanadi (bunda toʻlov qaydnomasining qogʻoz shakli talab qilinmaydi):
pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari maxsus planshet orqali olinib, Migratsiya va personallashtirish departamentining axborot tizimidagi mavjud pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlari bilan mos kelmagani toʻgʻrisida elektron maʼlumot kelib tushganda;
toʻlov amalga oshirilayotgan hududda maxsus planshet orqali internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati mavjud boʻlmaganda;
toʻlov amalga oshirilayotgan hududda internet tarmogʻi tezligi tizimdagi pensiya oluvchi yuzining biometrik elektron maʼlumotlarini elektron shaklda solishtirish uchun talab etiladigan tezlikdan kam boʻlganda;
pensiya belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga muvofiq boshqa shaxsga toʻlanganda (bunda ishonchnoma maxsus planshet orqali skaner qilinib, dasturga yuklangan holda elektron imzo qoʻyish orqali tasdiqlanadi);
pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot pensiya toʻlangandan soʻng pensiya pensiya oluvchining yuzini biometrik identifikatsiya qilish orqali olingan elektron maʼlumotlarni solishtirish natijasida yoki toʻlov qaydnomasiga elektron imzo qoʻyish orqali toʻlangani toʻgʻrisida Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimiga elektron shaklda maʼlumot yuboradi.
141. Pensiyalarni bank kartalari va ijtimoiy kartalari orqali toʻlash uchun mablagʻlarni oʻtkazish Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmasi tomonidan axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etilgan toʻlov topshiriqnomasi va Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari tomonidan taqdim etilgan qaydnomalar asosida amalga oshiriladi.
Haqiqatda moliyalashtirilgan mablagʻlar toʻlov topshiriqnomasi va qaydnoma elektron shaklda taqdim etilgan kundan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmasdan xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki filiali tomonidan pensioner uchun ochilgan 22617 — “Pensionerlarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlari” hisobvaragʻiga va ijtimoiy karta boʻyicha uni emissiya qilgan tijorat banki filiali tomonidan jismoniy shaxs uchun ochilgan 22618 — “Jismoniy shaxslarning bank kartalari boʻyicha majburiyatlari” hisobvaragʻiga kirim qilinadi.
142. Toʻliq boʻlmagan oy kunlari uchun pensiya toʻlovi summasi quyidagi tartibda aniqlanadi:
tayinlangan pensiya summasini tegishli oyning kalendar kunlari soniga boʻlish yoʻli bilan bir kun uchun toʻlov summasi aniqlanadi;
bir kun uchun toʻlov summasi pensiya toʻlovi amalga oshirilishi lozim boʻlgan tegishli oyning kalendar kunlari soniga koʻpaytiriladi.
143. Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish yuklatilgan tashkilot yoki tijorat banki filiali tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlar ularni yetkazib berish (topshirish)ning tasdiqlangan jadvaliga asosan har oyning yigirma yettinchi sanasiga qadar uzluksiz yetkazib beriladi (topshiriladi).
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) har oyda mazkur Nizomning 32-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladigan pensiya va boshqa toʻlovlarning toʻlov qaydnomalariga asosan amalga oshiriladi.
Qaydnomalar quyidagi tartibda shakllantiriladi:
asosiy qaydnomalar — pensiya, vafoti munosabati bilan olinmay qolingan pensiya, xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni qoplash, pensiyadan aliment va jarimalar, oylik toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlash boʻyicha toʻlov oyi uchun bir marotaba;
qoʻshimcha qaydnomalar — Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga koʻchib ketish oldidan 6 oy avval beriladigan pensiya toʻlovi tayinlangan kunda, bir martalik moddiy yordam, qonunchilikda nazarda tutilgan yillik toʻlanadigan bir martalik kompensatsiya va mukofot pullari.
Qaydnomalar pensiya oluvchilarning yashash joylari boʻyicha joylashgan sayyor kassalar uchun haqiqiy hisoblanadi.
Naqd pul shaklidagi pensiya va boshqa toʻlovlar qaydnomalarga muvofiq har oyda yetkazib berish (topshirish) davri mobaynida pensiya oluvchining yashash joyi boʻyicha shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda topshiriladi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni qaydnomada koʻrsatilmagan shaxslarga ishonchnomasiz topshirish, shuningdek, pensiya oluvchilarga ular yashash joylaridan roʻyxatdan chiqarilgandan keyin topshirish, pul-buyum lotereyalar va boshqa mahsulotlarni pensiya va boshqa toʻlovlar pullari hisobidan sotish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan pensiya turar joyidan roʻyxatdan chiqqan oyning oxirigacha toʻlanadi.
144. Shuʼba mutaxassisi tomonidan qaydnomalar axborot tizimida pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banklari filiallari boʻyicha alohida har bir mahalla fuqarolar yigʻini va tijorat banki filiali boʻyicha shakllantiriladi.
Qaydnomaning varaqlari har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻyicha raqamlanadi. Qaydnomaning har bir varagʻiga qaydnoma raqami va kasr chizigʻi orqali ushbu qaydnoma varagʻining tartib raqami yoziladi.
Oʻtgan toʻlov oyida olinmagan pensiya va boshqa toʻlovlar summasi joriy toʻlov oyining qaydnomasiga kiritiladi.
Keyingi toʻlov oyiga qaydnomalar avvalgi toʻlov oyi qaydnomalardagi barcha pensiya oluvchilar boʻyicha toʻlangan (toʻlanmaganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga kelib tushganidan soʻng shakllantiriladi.
Qaydnomaning har bir varagʻida pensiya oluvchilarning soni, shuningdek, yetkazib berilishi (topshirilishi) kerak boʻlgan umumiy summa koʻrsatiladi.
Shakllantirilgan qaydnomalar Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan axborot tizimi orqali pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki filiallariga yuboriladi. Qabul qilingan qaydnomalar toʻgʻrisida maʼlumot pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filiali tomonidan Pensiya jamgʻarmasining boʻlimiga axborot tizimi orqali yuboriladi.
145. Qaydnomalar:
pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot uchun naqd pul koʻrinishida — har toʻlov oyining 2-sanasiga qadar shakllantiriladi va 3-sanasiga qadar taqdim etadi;
tijorat banklari filiallari uchun — har toʻlov oyining 3-kuniga qadar shakllantiriladi va 4-kuniga qadar axborot tizimi orqali taqdim etiladi.
Qaydnomalarni shakllantirish hamda taqdim etishning soʻnggi kuni dam olish yoki bayram (ish kuni boʻlmagan) kunlariga toʻgʻri kelgan hollarda keyingi ish kuni muddatning soʻnggi kuni deb hisoblanadi, shuningdek, pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanishi kerak boʻlgan oyning birinchi sanasi uzoq muddatli dam olish yoki bayram kunlariga toʻgʻri kelganida Iqtisodiyot va moliya vazirligining qaroriga asosan avvalgi oy yakuniga qadar muddatidan avval pensiya va boshqa toʻlovlarning toʻlov qaydnomalarini shakllantiradi, pensiya toʻlash vakolati yuklatilgan tashkilotga qaydnomalarni taqdim etadi va toʻlovlarni boshlash uchun yetarli mablagʻlarni moliyalashtiradi.
Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan qaydnomalar pensiya va boshqa toʻlovlarning quyidagi turlariga muvofiq alohida tuziladi:
pensiyalar, shu jumladan, faxriy unvonga sazovor boʻlgan pensionerlarga qoʻshimcha haq va 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga har oylik qoʻshimcha toʻlov;
uy-joy-kommunal xizmatlari toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlari;
avtobenzin sotib olish xarajatlari uchun pul kompensatsiya toʻlovlari;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari oʻrniga har oylik qoʻshimcha toʻlov;
boshqa toʻlovlar — Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan fuqarolarga va 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga har yili sanatoriylarda sogʻlomlashtirish kursini olish oʻrniga yoʻllanmaning oʻrtacha qiymatiga teng kompensatsiya pul toʻlovlari, Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan fuqarolarga va yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga yillik bir yoʻla moddiy yordam pullari, 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironligi boʻlgan shaxslarga yillik bir martalik pul mukofotlari, 1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar oʻrniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida toʻlanadigan kompensatsiya puli.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) sanasi har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kesimida belgilanadi va shu asosda pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib berish (topshirish) jadvali tasdiqlanadi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) jadvalini xar toʻlov oyining 3-sanasiga qadar axborot tizim orqali Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalariga elektron shaklda buyurtmanomalarni yuboradi. Bunda, ushbu jadvalda Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan toʻlov oyining xar kunlik toʻlanadigan pensiya, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarning qaydnoma turi boʻyicha yetkaziladigan (topshiriladigan) mablagʻlar aks ettiriladi.
Pensiya oluvchilarga pensiya va boshqa toʻlovlar summasi har oyda ularning yashash joyi boʻyicha yoki sayyor kassalarda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish davrida topshiriladi. Bu haqda pensiya oluvchiga birinchi marta pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib berilganda (topshirilganda) maʼlum qilinadi.
146. Tijorat banki filiallari har oyda pensionerlarning bank kartalariga va ijtimoiy kartalariga mablagʻlar oʻz vaqtida kirim qilinishini taʼminlashi lozim.
Pensionerning bank kartalariga yoki ijtimoiy kartasiga mablagʻlar kirim qilingan sana pensiya toʻlangan sana deb hisoblanadi.
Bunda pensioner vafot etgan oyda, jumladan pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanishi kerak boʻlgan oyning birinchi sanasi uzoq muddatli dam olish yoki bayram kunlariga toʻgʻri kelishi sababli kelgusi oy uchun muddatidan avval uning bank kartasiga yoki ijtimoiy kartasiga kirim qilingan mablagʻlar Pensiya jamgʻarmasiga qaytarilmaydi.
Pensionerning bank kartasiga yoki ijtimoiy kartasiga mablagʻlar pensioner vafot etgan oydan keyingi oylarda kirim qilingan hollarda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari mablagʻlarni Pensiya jamgʻarmasi hisobvaragʻiga vafot etgan pensionerning hisobvaragʻidagi qoldiq mablagʻlar hisobidan qaytarish toʻgʻrisida tegishli tijorat banklari filiallariga rasmiy xat yuborish orqali qaytarish choralarini koʻradi.
1461. Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparati pensiya va boshqa toʻlovlarni toʻlash uchun mablagʻlarni Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmalarining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmalari koʻrsatilgan mablagʻlarni talabnomalar asosida markazlashgan tartibda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish yuklangan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat bankining hududiy filiallarida ochilgan alohida hisobvaraqlarga oʻtkazib beradi hamda hisob-kitoblarni markazlashgan holda yuritadi.
Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmasi buyurtmanomada soʻralgan mablagʻlarni markazlashgan tartibda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat bankining hududiy filiallarida ochilgan alohida hisobvaraqlarga qaydnoma turi boʻyicha oʻtkazib beradi hamda hisob-kitoblarni markazlashgan holda yuritadi.
Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparati pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish yuklangan tashkilot yoki tijorat banklari filiallari tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlarini yetkazib berish (topshirish) boʻyicha xizmat haqi uchun mablagʻlarni Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari va pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotning yoki tijorat bankning hududiy filiallari oʻrtasida imzolangan solishtirma dalolatnomaga asosan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat bankining Bosh ofisida ochilgan tegishli hisobvaraqqa oʻtkazib beradi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) ularning har bir turi boʻyicha pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat bank filialining maxsus hisobvaragʻiga Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmasi tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlar uchun mablagʻlar moliyalashtirilganidan soʻng yetkazib berish (topshirish) davrida amalga oshiriladi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki tomonidan pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib (topshirish) davrida mazkur Nizomning 1466-bandida koʻrsatilgan sabablarsiz yetkazib berilmagan va ushbu Nizom talablariga zid ravishda toʻlovlar amalga oshirilgan taqdirda toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat bankidan shartnomaga muvofiq penyalar undiriladi.
1462. Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filiallarida pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanishini nazorat qilish Pensiya toʻlovlari bilan ishlash boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — masʼul boʻlim) hamda ichki nazorat va komplayens xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Masʼul boʻlim Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan qaydnomalarni qogʻozga chop etadi.
ichki nazorat va komplayens xizmati xodimlari quyidagi vazifalarni amalga oshiradilar:
pensiya va boshqa toʻlovlarni oluvchilarga pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanishini tekshirib borish;
masʼul boʻlim faoliyatini nazorat qilish va qaydnomalar toʻgʻri rasmiylashtirilganini tekshirib borish;
pensiya va boshqa toʻlovlar toʻlanishini elektron baza maʼlumotlari asosida kunlik monitoring qilib borish;
pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki filialida amaliyot kuni oxirida pensiya va boshqa toʻlovlari boʻyicha buxgalteriya va kassa hujjatlarini bajarilgan operatsiyalarga mosligini nazoratga olish hamda yigʻmajildlarga tikilgan hujjatlarni tekshirish;
sayyor kassalar tomonidan pensiyalar va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) jarayoni ustidan oʻrganishlar oʻtkazib turish;
oʻrganish natijalari boʻyicha doimiy ravishda tijorat banki boshqaruviga maʼlumotlar taqdim etib borish.
1463. Qaydnomaning har bir varagʻi pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki filialining boshqaruvchisi (BXM rahbari), bosh buxgalteri (shtat birligi mavjud boʻlsa) va masʼul boʻlim boshligʻi tomonidan imzolangan hamda muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Qaydnomalarni rasmiylashtirishda oʻchirishlar va tuzatishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qaydnomalar va ularga ilova qilingan hujjatlarni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kesimida sayyor kassalarga joʻnatishdan avval masʼul boʻlim boshligʻi qaydnomaning har bir varagʻi imzolanganini tekshirishi lozim.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) yetkazib berish uchastkasining joylashgan joyini hisobga olgan holda pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) jadvaliga muvofiq ularni yetkazib berish (topshirish) sanasida masʼul boʻlim qaydnomalar va ularning varaqlari raqamlarini qaydnomalarni hisobga olish maxsus kitobiga yozadi va tegishli sayyor kassa xodimiga ushbu kitobga imzo qoʻydirgan holda topshiradi.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish)da sayyor kassa xodimi pensiya oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) seriyasi va raqamini qaydnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan solishtiradi.
Pensiya oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) seriyasi va raqamining biri qaydnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan mos kelmagan holda, pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki filiali tomonidan Pensiya jamgʻarmasi tegishli boʻlimiga yozma yoki axborot tizimi orqali maʼlumot beriladi.
Pensiya oluvchi pensiya va boshqa toʻlovlarni olganda qaydnomada olgan sanasini koʻrsatadi va oʻz familiyasi, ismi va otasining ismi qarshisidagi qatorga imzo qoʻyadi.
Pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib berilmagan (topshirilmagan) hollarda sayyor kassa xodimi yetkazib berilmaganlik (topshirilmaganlik) sababi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi. Ushbu dalolatnomada pensiya oluvchining pensiyaga oid hujjatlar yigʻmajildining raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, pensiya va boshqa toʻlovlar qaysi oy uchun yetkazib berilmagani (topshirilmagani), shuningdek, yetkazib berilmaganlik (topshirilmaganlik) sababi koʻrsatiladi.
1464. Qaydnoma yoki uning ayrim varaqlari yoʻqotilgan hollarda, sayyor kassa xodimlari tomonidan uning sababini koʻrsatgan holda ikki nusxadagi dalolatnoma tuziladi va pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filialiga yuboriladi (beriladi).
Dalolatnoma asosida pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat bankining filiali yoʻqotilgan qaydnoma yoki uning varagʻi oʻrniga yangi qaydnoma yoki uning tegishli varagʻini beradi, uning old tomonida “dublikat” deb yozib qoʻyadi. Qaydnoma dublikatida qaydnoma raqami va kasr chizigʻi orqali yoʻqotilgan qaydnoma varagʻining tartib raqami koʻrsatiladi. Dublikat tijorat banki filialining rahbari, masʼul boʻlimi xodimi tomonidan imzolangan, shuningdek, muhr izi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
1465. Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot yoki tijorat banki filialida operatsiya kuni yakunlangandan soʻng masʼul boʻlim xodimi qaydnomalarning barcha varaqlarini koʻrib chiqadi, joriy operatsiya kunida yetkazib berilgan (topshirilgan) summalarni hisoblab chiqadi va qaydnoma varaqlarining hisob setkasidagi birinchi jamlama ustunini toʻldiradi. Bunda sana va operatsiya kuni davomida ushbu varaq boʻyicha yetkazib berilgan (topshirilgan) summa, shuningdek, ushbu qaydnomaning varagʻi boʻyicha toʻlov oyining boshidan beri yetkazib berilgan (topshirilgan) summa yoziladi. Operatsiya kunida barcha qaydnomalar boʻyicha yetkazib berilgan (topshirilgan) umumiy summa masʼul boʻlim xodimi tomonidan kassa hujjatlariga kiritiladi. Qaydnomalar hisob setkasining toʻgʻri rasmiylashtirilgani, yetkazib berilgan (topshirilgan) summalarning hisobi va ularning kassa hujjatlaridagi yozuvlarga mos kelishi masʼul boʻlim xodimi tomonidan kunlik tekshiriladi.
Joriy toʻlov oyi uchun pensiya va boshqa toʻlovlarni yetkazib berish (topshirish) tugaganda, sayyor kassa xodimi qaydnomalarni toʻldirishda quyidagilarni amalga oshiradi:
qaydnomaning har bir varagʻidagi “Yetkazib berish sanasi yoki yetkazib berilmaganlik sababi” ustunida yetkazib berilgan (topshirilgan) sana (kun, oy) yoki yetkazib berilmagan (topshirilmagan)lik sababi (kodi)ni raqamlar bilan koʻrsatish;
yetkazib berilmagan (topshirilmagan)lik sababi (kodi) ushbu Nizomning 1466-bandida nazarda tutilgan tartibda toʻldirish;
qaydnomaning pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib berilmagani (topshirilmagani) sababi (kodi) qoʻyilgan har bir varagʻida yetkazib berilmagan (topshirilmagan) pensiya va boshqa toʻlovlarning soni va ularning summasi hisoblab chiqish hamda ular sayyor kassa xodimlari imzosi va maxsus shtamp izi bilan tasdiqlash.
Qaydnomalar sayyor kassa xodimi tomonidan masʼul boʻlim boshligʻiga tekshirish va imzolash uchun topshiriladi.
1466. Pensiya va boshqa toʻlovlar yetkazib berilmagan (topshirilmagan) sabab (kod)lari quyidagilardan iborat:
1 — vafot etish;
2 — tuman (shahar) hududidan tashqariga doimiy yashash uchun koʻchib ketish;
3 — yashash joyida vaqtincha boʻlmaslik;
4 — boshqa sabablar.
Yetkazib berilmagani (topshirilmagani) sababi toʻgʻrisidagi dalolatnoma qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda qaydnoma bilan birga saqlanadi va yoʻq qilinadi.
1467. Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filialida qaydnomalar va hisobotlarni rasmiylashtirish masʼul boʻlim xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotining yoki tijorat banki filialida masʼul boʻlim xodimi quyidagilarni tekshiradi:
https://neolex.uz/uz/laws/law-6236070
