5-modda. Elektron raqamli imzo vositalari va ulardan foydalanish
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Elektron raqamli imzo vositalari elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishini, elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanishini, elektron raqamli imzoning yopiq va ochiq kalitlari yaratilishini taʼminlaydigan texnik va dasturiy vositalar majmuidan iboratdir.
Elektron raqamli imzo vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda axborot xavfsizligi talablariga muvofiq sertifikatlashtirilishi kerak.
Davlat organlari oʻrtasidagi idoralararo elektron hamkorlik milliy standartlar asosida ishlab chiqilgan elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish chogʻida milliy va xalqaro (mintaqaviy) standartlar asosida ishlab chiqilgan elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatga olish markazlarining “bulutli texnologiyalarida” (ishonchli saqlash tizimida) elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanish kamida ikki omilli autentifikatsiya qilish tartib-taomilidan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
Tarqatilishi cheklangan axborotni oʻz ichiga olgan elektron hujjatlar uchun elektron raqamli imzo kalitiga nisbatan qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkin.
