12-modda. Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali vakolatli davlat organiga beriladi.
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatiladi:
muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
roʻyxatga olish markazining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), maqsadi va vazifalari.
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
roʻyxatga olish markazi muassisining ustavi (nizomi);
arizachi-tashkilotning rahbari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
vakolatli davlat organi bilan hamkorlik qilish uchun tanlangan shaxsga nisbatan ishonch xati;
elektron raqamli imzoning ochiq kaliti (mavjud boʻlganda) va uning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Vakolatli davlat organi roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlarni va maʼlumotlarni axborot hamkorligi tizimi vositasida mustaqil ravishda oladi.
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi arizani berish chogʻida taqdim etilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, arizachi bu haqda vakolatli davlat organini Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali uch ish kuni ichida xabardor qilishi kerak.
