Ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda turistik guruhlar uchun viza jarayonlarini soddalashtirish toʻgʻrisida
14.09.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Kelishuv
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Eron Islom Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar oʻrtasida Tehron shahrida imzolangan 1992-yil 25-noyabrdagi Iqtisod, sanoat hamda fan va texnologiya sohalarida hamkorlik toʻgʻrisidagi davlatlararo oʻzaro Anglashuv memorandumi hamda 2003-yil 17-iyundagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitimning qoidalariga tayanib,
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga intilib,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga muvofiq,
savdo, iqtisodiyot, investitsiya, turizm hamda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻzarolik shartlarida hamda oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, Tomonlar davlatlarining ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari hamda turistik guruhlari uchun vizalar berishning soddalashtirilgan jarayonini joriy etadilar.
2-modda
Mazkur Kelishuv maqsadlarida quyidagi atamalardan foydalaniladi:
“Ishbilarmon doiralar vakillari” — bir Tomon davlati hududida investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini olib boruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolari;
“Ilmiy doiralar vakillari” — bir Tomon davlati hududida ilm-fan va ilmiy faoliyatni olib boruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolari;
“Turistik guruh” — 5 (besh) nafardan — 20 (yigirma) nafargacha kishi boʻlib sayohat qiluvchi va bir vaqtning oʻzida bir Tomon davlati hududiga turizm maqsadida kiruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolari.
“Vakolatli organlar” — mazkur Kelishuvni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Tomonlarning davlat organlari.
3-modda
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari, Tomonlar davlatlari qonunchiligiga talab qilingan tegishli hujjatlarni qabul qilinganidan soʻng, ularni 3 (uch) ish kunida (hujjat qabul qilingan kundan tashqari) koʻrib chiqadilar va maʼqullagan taqdirda, viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradilar.
Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari viza berish tasdiqnomasiga asosan quyidagilarni rasmiylashtiradilar:
bir Tomon davlatiga tadbirkorlik faoliyatni olib borish maqsadida tashrif buyuruvchi boshqa Tomon davlatining tadbirkorlik doiralari vakillari uchun 6 (olti) oygacha amal qiladigan koʻp martalik viza;
ilm-fan va ilmiy faoliyatni olib borish maqsadida tashrif buyuruvchi boshqa Tomon davlatining ilmiy doiralari vakillari uchun 1 (bir) oygacha amal qiladigan viza;
bir Tomon davlatiga turistlar guruhlari tarkibida, turist sifatida tashrif buyuruvchi boshqa Tomon davlatining fuqarolariga 30 (oʻttiz) kungacha turistik viza;
Istisno hollarda, qoʻshimcha koʻrib chiqish talab etilsa, vizani rasmiylashtirish 10 (oʻn) kundan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
4-modda
Mazkur Kelishuv qoidalarini amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;
Eron Islom Respublikasi nomidan — Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi.
Basharti mazkur vakolatli organlarning rasmiy nomi va funksiyalari oʻzgartirilsa, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birini oʻz vaqtida xabardor qiladilar.
5-modda
Mazkur Kelishuv Tomonlarning ular davlatlari tarafidan oʻz hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan boshqa Tomon davlati fuqarolarining Tomonlar davlati hududiga kirishini taqiqlash yoki u erda boʻlishini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
6-modda
Mazkur Kelishuvning 1-moddasida koʻrsatilgan Tomonlar davlatlari fuqarolari boshqa Tomon davlatining milliy qonunchiligi va qoidalarini, shu jumladan chet el fuqarolarining kirish, chiqish va boʻlish jarayonlarini hurmat qilishlari va ularga rioya qilishlari shart.
7-modda
Tomonlar mazkur Kelishuvni milliy xavfsizlik, jamoat tartibi va aholi salomatligi sabablariga koʻra vaqtincha, qisman yoki toʻliq toʻxtatib qoʻyish huquqini saqlab qoladilar.
Bunday choralarni koʻruvchi Tomon imkon qadar tezroq, ammo kamida 24 (yigirma toʻrt) soat oldin, diplomatik kanallar orqali ushbu choralarning koʻrilishi hamda tegishlicha uning bekor qilinishi toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
8-modda
Mazkur Kelishuv Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida mazkur Kelishuvga uning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va mazkur Kelishuvning 11-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Mazkur Kelishuv qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni ikki tomonlama muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
11-modda
Mazkur Kelishuv u imzolangan sanadan 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi va bir Tomon mazkur Kelishuvni bekor qilish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning rasmiy xabarnomasini olgan kundan boshlab 90 (toʻqson) kunga qadar amal qiladi.
Samarqand shahrida 2022-yil 14-sentabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Kelishuv qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ingliz tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)
