Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasini tashkil qilish toʻgʻrisida (530-son)
27.09.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Alohida ekologik qimmatga ega boʻlgan tabiiy obyektlar va majmualarni, oʻsimliklar, hayvonlarning noyob turlari hamda irsiy fondini saqlab qolish, shuningdek, ularni qayta tiklash, inson faoliyatining tabiatga salbiy taʼsirining oldini olish va tabiiy jarayonlarni oʻrganish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining:
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga doimiy egalik huquqi asosida tegishli boʻlgan Qoʻngʻirot tumanidagi 142 965 gektar hamda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga doimiy egalik huquqi asosida tegishli boʻlgan 88 500 gektar yer maydonlarini zaxiraga qaytarish;
tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklida Qoʻngʻirot tumanida umumiy maydoni 280 000 gektar boʻlgan “Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasini (keyingi oʻrinlarda — buyurtma qoʻriqxonasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasiga ajratiladigan yer uchastkalarining maydoni 1-ilovaga muvofiq;
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonalari maydoni 2-ilovaga muvofiq;
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) buyurtma qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasidagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;
b) buyurtma qoʻriqxonasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tuzilmasiga kiradi;
v) buyurtma qoʻriqxonasi faoliyatini moliyalashtirish:
2022-yilda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti mablagʻlari, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
g) buyurtma qoʻriqxonasi hududidagi tabiiy majmualar va landshaftlar, shu jumladan, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan oʻsimlik va hayvonot turlari muhofazaga olinadigan asosiy obyektlar hisoblanadi.
4. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:
buyurtma qoʻriqxonasi va uning qoʻriqlanma zonasi toʻgʻrisidagi nizom ishlab chiqilishi, tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
buyurtma qoʻriqxonasining shtatlar jadvali tasdiqlanishini hamda malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
5. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisiga buyurtma qoʻriqxonasining ijro etuvchi apparati xodimlarining cheklangan umumiy soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida buyurtma qoʻriqxona shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi uch oy muddatda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda buyurtma qoʻriqxonasining ijro etuvchi apparati uchun Qoʻngʻirot tumani hududidan operativ boshqaruv huquqi asosida bepul bino ajratilishini;
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Kadastr agentligi bilan birgalikda:
ushbu qaror 1-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq yer maydonlarining belgilangan tartibda zaxiraga qaytarib olinishini;
ushbu qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan yer uchastkalari buyurtma qoʻriqxonasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilishini;
buyurtma qoʻriqxonasi uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkasi maydonlari tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilishini;
buyurtma qoʻriqxonasining yer uchastkalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N.N. Oblomurodov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi K.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
530-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 530-son qaroriga 1-ilova
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasiga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkalarining
MAYDONI
Hudud nomi Oldingi yerdan foydalanuvchilar Yer uchastkalari maydoni (ga) Yer toifalari Qoʻngʻirot tumani Qoʻngʻirot davlat oʻrmon-ov xoʻjaligi 31 270 Oʻrmonzor 28 772 Yaylov yerlari 2 800 Butazorlar 80 123 Boshqa yerlar Jami: 142 965 Qoʻngʻirot tumani Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi 88 500 Yaylov yerlari Jami: 88 500 Qoʻngʻirot tumani Qoʻngʻirot tumani hokimligi zaxira yerlari 48 535 Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan boshqa yerlar Jami: 48 535 Jami ajratilgan yerlar: 280 000
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 530-son qaroriga 2-ILOVA
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasi
MAYDONI
Hudud nomi Qoʻriqlanma zona belgilanadigan yer maydoni (ga) Qoʻngʻirot davlat oʻrmon-ov xoʻjaligi yerlari 24 743 Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi yerlari 6 555 Qoʻngʻirot tumani hokimligi zaxira yerlari 12 702 Jami: 44 000
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 530-son qaroriga 3-ILOVA
“Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Maslahatlashuv komissiyasi Direktor Direktor oʻrinbosari Bosh buxgalter — 1 Qoʻriqlash xodimlari (inspektorlar) — 16 Yuriskonsult — 1 Atrof-tabiiy muhit monitoringi va tabiiy majmualar kadastri boʻyicha mutaxassis — 1
Xodimlarining cheklangan soni — 21 nafar.
* Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.
