Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (525-son)
27.09.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi PQ-5047-son qaroriga muvofiq, shuningdek, ilmiy laboratoriyalar uchun asbob-uskunalarni xarid qilish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining:
30-moddasiga muvofiq eng yaxshi takliflarni tanlash asosida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli amaliyotga joriy etilganligi;
56-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan davlat buyurtmachilariga tender oʻtkazmasdan xaridlarni amalga oshirish huquqi berilsa, xarid qilish tartib-taomili davlat xaridining qiymatidan qatʼi nazar, eng yaxshi takliflarni tanlash orqali amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy laboratoriyalarga xarid qilinadigan asbob-uskunalar respublikada ishlab chiqarilmasligi, texnik jihatdan murakkab tuzilishga egaligini inobatga olgan holda hamda xarid jarayoni talablarini soddalashtirish maqsadida qiymatidan qatʼiy nazar, ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarni eng yaxshi takliflarni tanlash asosida xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, ilmiy laboratoriyalarga xarid qilinadigan respublikada ishlab chiqariladigan asbob-uskunalar ilmiy tashkilotlar tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy ilmiy va yuqori texnologiyaga asoslangan asbob-uskunalar, zarur sarflash materiallari, butlovchi va ehtiyot qismlarni xarid qilish uchun buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash tartibi;
buyurtmalarni amalga oshirishda loyihalar portfelini qabul qilish hamda ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish;
loyihalar portfelini koʻrib chiqish va buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish hamda tasdiqlash;
buyurtmalarni moliyalashtirish, shartnomalar tuzish, yetkazib berish, davlat xaridlarini amalga oshirish hamda foydalanish tartibi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha xaridlarni tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-fevraldagi 63-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.A. Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
525-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 525-son qaroriga ILOVA
Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ilmiy tashkilotlar laboratoriyalarini respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar, shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlarni xarid qilishga ehtiyoji boʻlgan, respublika hududida joylashgan ilmiy tashkilotlar;
ekspert guruhi — buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish, maʼqullash yoki rad etish, shuningdek, buyurtmalardan foydalanish natijalari toʻgʻrisida xulosa berish vakolatiga ega boʻlgan Innovatsion rivojlanish vazirligida tuziladigan kollegial organ;
yuqori turuvchi organ — tizimida ilmiy tashkilotlar boʻlgan vazirlik yoki idora hisoblangan, tegishli ilmiy tashkilotlarning buyurtmalari boʻyicha loyihalar portfelini Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Innovatsion rivojlanish vazirligi) taqdim etuvchi tashkilot;
buyurtmalar — respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy ilmiy va yuqori texnologiyaga asoslangan asbob-uskunalar, shuningdek, bitta shartnomaga muvofiq birgalikda yetkazib beriladigan ushbu asbob-uskunalarning ajralmas qismi hisoblangan zarur sarflash materiallari, butlovchi va ehtiyot qismlar.
3. Buyurtmalar boʻyicha loyihalar portfeli har yili 1-noyabrga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuqori turuvchi organ tomonidan taqdim etiladi. Bunda 1-noyabrdan soʻng Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilgan loyihalar portfeli qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
4. Ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari, shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlarning boshlangʻich (dastlabki) narxini aniqlash, belgilash va taqdim etilgan maʼlumot (hujjat)larning ishonchliligi hamda haqqoniyligi yuzasidan javobgarlik buyurtma bergan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda topshiriqlari ijrosi yuzasidan xarid qilinishi nazarda tutilgan buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish va ularning davlat xaridi birinchi navbatda maqsadli tarzda amalga oshiriladi.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish, tasdiqlash, davlat xaridlarini amalga oshirish, shartnomalar tuzish, moliyalashtirish, yetkazib berish hamda foydalanish sxemasi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash tartibi
1-§. Buyurtmachilarga va loyihalar portfelini rasmiylashtirishga doir talablar
7. Buyurtmachi ehtiyojiga qarab, uch kalendar yilida bir marotaba 1-sentabrga qadar loyihalar portfelini yuqori turuvchi organga mazkur Nizom talablariga muvofiq taqdim etadi.
8. Zarur butlovchi buyumlar, sarflash materiallari va reaktivlar bilan taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlar boʻyicha alohida buyurtmalar roʻyxati mazkur Nizomga 2-3-ilovalarda keltirilgan shaklga muvofiq shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
Ilmiy laboratoriyalarga xarid qilinadigan respublikada ishlab chiqariladigan asbob-uskunalar ilmiy tashkilotlar tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Buyurtmachi quyidagi maʼlumot (hujjat)lardan iborat loyihalar portfelini tayyorlaydi:
buyurtmalar roʻyxati toʻgʻrisida buyurtmachining kollegial organi (ilmiy kengash, kengash, ilmiy-texnik kengash, ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash va boshqalar) qaroridan koʻchirma;
buyurtmalarning har bir turi boʻyicha belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va buyurtmachining rahbari tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriq;
buyurtmaning har bir turi boʻyicha olingan kamida ikkita dastlabki tijorat takliflari;
dastlabki tijorat takliflari asosida tuzilgan raqobat varaqasi;
ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakldagi roʻyxat;
buyurtmalar boʻyicha loyihalar portfelini tayyorlashga va xarid qilingandan soʻng, oʻrnatish hamda sozlashgacha boʻlgan jarayonga biriktirilgan, masʼul mutaxassislardan iborat tuzilgan ishchi guruh tarkibi toʻgʻrisida maʼlumot.
2-§. Loyihalar portfelini qabul qilish
10. Yuqori turuvchi organ taqdim etilgan loyihalar portfelini oʻn besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi. Bunda loyihalar portfeli mazkur Nizom talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan boʻlsa, kuzatuv xati orqali qogʻoz yoki elektron shaklda yuqori turuvchi organ tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.
11. Loyihalar portfeli belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan boʻlsa, buyurtmachiga oʻn besh ish kuni ichida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.
12. Buyurtmachi va uning yuqori turuvchi organi rahbari buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish jarayonining xolisligi va loyihalar portfelini mazkur Nizom talablariga muvofiq taqdim etilishi hamda maʼlumot (hujjat)larning haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
3-§. Ekspert guruhi faoliyatini tashkil etish
13. Innovatsion rivojlanish vazirligi loyihalar portfelini koʻrib chiqish, oʻrganish va asosli xulosalar olish uchun ekspert guruh(lar)ini har yili yanvar oyida tashkil qiladi.
Ekspert guruhining asosiy maqsadi mazkur Nizom va amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish va yetkazib berilgan buyurtmalardan foydalanish yuzasidan taqdim etilgan hisobotlarni qabul qilishdan iborat.
Ekspert guruhi Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrugʻi asosida har yili toq sonli aʼzolardan iborat tarkibda tuziladi.
14. Ekspert guruhi tarkibiga mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan va buyurtmalar texnik parametrini yuqori darajada biladigan vazirliklar, idoralar, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning malakali mutaxassislari kiritiladi.
15. Ekspert guruhi rahbari, zarur hollarda, qoʻshimcha (shu jumladan, xorijiy) mutaxassislarni ekspert sifatida (ovoz berish huquqi bilan) jalb qilishi mumkin.
16. Ekspert guruhi aʼzolari xolis boʻlishi va buyurtmalarni tanlab olishdan shaxsan manfaatdor boʻlmasligi zarur.
17. Ekspert guruhi ishini uning rahbari boshqaradi. Ekspert guruhi rahbari yoʻqligida, uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi. Ekspert guruhi rahbari guruh aʼzolarini yigʻilishlarga chaqiradi va yigʻilishlarni boshqaradi, kun tartibiga qoʻyilgan masalalarni koʻrib chiqib, ovozga qoʻyadi va qabul qilingan qarorlarni Innovatsion rivojlanish vazirligiga kiritadi.
18. Ekspert guruhi rahbari yigʻilishlarda ovoz berishda ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega emas.
Ekspert guruhi aʼzosi ovoz berishda yoqlab ovoz berishi, qarshi ovoz berishi yoki betaraf boʻlishi mumkin.
Ekspert guruhining faoliyatini ovoz berish huquqiga ega boʻlmagan masʼul kotib yuritadi.
19. Ekspert guruhi yigʻilishlari zaruratga koʻra sirtdan (soʻrov orqali) yoki onlayn rejimda videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilishi mumkin.
20. Ekspert guruhi yigʻilishini oʻtkazish uchun kvorum uning tarkibining uchdan ikki qismini tashkil etishi lozim. Ekspert guruhining qarori uning aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, ekspert guruhi rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
21. Ekspert guruhining barcha yigʻilishlari va qabul qilingan qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Ekspert guruhi bayonnomalari guruh rahbari tomonidan tasdiqlanadi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.
22. Innovatsion rivojlanish vazirligining ruxsati bilan ekspert guruhi yetkazib berilgan buyurtmalar toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumotlarini va buyurtmaning holatini joyiga chiqqan holda oʻrganish va taqdimot himoyasini oʻtkazish huquqiga ega. Bunda buyurtmachi ekspert guruhiga hisobot maʼlumotlarini va buyurtmaning holatini oʻrganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga masʼul.
23. Ekspert guruhining har bir aʼzosiga yil yakuni boʻyicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari doirasida bir martalik mukofot puli (barcha soliqlar ushlab qolingan holda) beriladi.
Mukofot puli Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining buyrugʻi asosida beriladi (tayinlanadi).
24. Ekspert guruhi qabul qilgan qarorlarining xolisligi va haqqoniyligi uchun javobgardir.
4-§. Loyihalar portfelini koʻrib chiqish va buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish hamda tasdiqlash
25. Loyihalar portfeli ekspert guruhining muhokamasiga Innovatsion rivojlanish vazirligining masʼul tegishli boʻlinmasi tomonidan kiritiladi.
26. Jamgʻarma Kuzatuv kengashi buyurtmachining yuqori turuvchi organining asoslantirilgan takliflariga binoan loyihalar portfelini ekspert guruhi muhokamasiga kiritmagan holda, buyurtmalar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli.
Bunda buyurtmaning tegishli tarmoq, soha ehtiyojlari va talablariga mosligiga hamda dolzarbligi yuzasidan bevosita buyurtmachining yuqori turuvchi organi rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
27. Loyihalar portfeli kamida oʻn ish kuni ichida Innovatsion rivojlanish vazirligining masʼul tegishli boʻlinmasi tomonidan umumlashtiriladi va koʻrib chiqish, oʻrganish hamda asosli xulosa olish uchun ekspert guruhiga kiritiladi.
28. Ekspert guruhi kiritilgan loyihalar portfeliga asosan kamida bir oy ichida ikki bosqichda buyurtmalarning roʻyxatini shakllantiradi.
Birinchi bosqichda loyihalar portfeli mazkur Nizomning 8-bandi talablariga muvofiq koʻrib chiqiladi. Birinchi bosqich yakunlari yuzasidan loyihalar portfeli ikkinchi bosqichga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Ushbu qaror Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda buyurtmachining masʼul vakil(lar)i loyihalar portfelining taqdimot koʻrinishida himoyasini oʻtkazadi(lar).
29. Buyurtmachining masʼul vakil(lar)i taqdimot himoyasiga puxta tayyorgarlik koʻrgan holda ishtirok etishlari talab etiladi.
Buyurtmachi masʼul vakil(lar)i loyihalar portfelining taqdimot himoyasida ishtirok etmagan (kelmagan) taqdirda, mazkur loyihalar portfeli ekspert guruhining qaroriga asosan rad etilishi yoki navbatdagi yigʻilish muhokamasiga qoldirilishi mumkin.
30. Loyihalar portfelining taqdimot himoyasini oʻtkazish uchun masʼul vakil(lar)ning ishtirokini taʼminlash buyurtmachi rahbari zimmasiga yuklanadi.
31. Ekspert guruhi ikkinchi bosqich taqdimot himoyasi natijalariga asosan buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish toʻgʻrisida yakuniy xulosa qabul qilishda quyidagi mezonlarga amal qiladi:
buyurtmalar prinsipial jihatdan yangi, zamonaviy, ilmiy va yuqori texnologik laboratoriya asbob-uskunalari hisoblanishiga;
buyurtmalar tegishli tarmoq yoki soha ehtiyojlari va talablariga mosligiga;
taqdimot himoyasida buyurtmalarning dolzarbligi, maqsad va vazifalari toʻliq yoritilganligiga;
taqdimot himoyasi tahliliy materiallar bilan boyitilishi hamda buyurtmachilar masʼul vakillarining buyurtmalarni qisqa, loʻnda va asoslangan holda yoritib berishiga.
32. Ekspert guruhi rahbari yakuniy xulosani ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda tuziladigan roʻyxatga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligiga kiritadi.
Oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur roʻyxatni kuzatuv xati bilan Jamgʻarma kuzatuv kengashida koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasiga kiritadi.
33. Ekspert guruhining ikkinchi bosqich yakuniy natijalari boʻyicha qabul qilingan qarori Jamgʻarma kuzatuv kengashi tomonidan buyurtmalar roʻyxati tasdiqlangandan soʻng besh ish kuni ichida Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Yuqori turuvchi organ yoki buyurtmachining murojaatiga koʻra yakuniy natijalar Innovatsion rivojlanish vazirligining kuzatuv xati bilan buyurtmachiga va uning yuqori turuvchi organiga maʼlum qilinishi mumkin.
34. Natijalar eʼlon qilingandan soʻng Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan keyingi kalendar yilidan boshlab buyurtmalar xarid qilinadi.
3-bob. Buyurtmalarni moliyalashtirish, shartnomalar tuzish va yetkazib berish tartibi
35. Buyurtmalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Moliyalashtirish, shartnoma tuzish va yetkazib berish hamda buyurtmachilar tomonidan buyurtmalarni mustaqil ravishda xarid qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi PQ-5047-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Mustaqil ravishda xarid qilinishi rejalashtirilgan buyurtmalar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagi tartibda moliyalashtiriladi:
buyurtmachining yuqori turuvchi organi buyurtmalarni mustaqil ravishda xarid qilish toʻgʻrisida Innovatsion rivojlanish vazirligiga murojaat etadi;
buyurtmalar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda buyurtmachi uchun tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi ochiladi, oʻtkazilgan savdolar yakuniga koʻra taraflar oʻrtasida shartnomalar tuziladi;
buyurtmachi tuzilgan shartnomalarni (zaruratga koʻra, keyinchalik tuzilgan qoʻshimcha kelishuvlarni) yuqori turuvchi organga taqdim etadi;
yuqori turuvchi organ shartnoma (qoʻshimcha kelishuv) qonunchilik talablari asosida tuzilganligini koʻrib chiqadi;
shartnoma (qoʻshimcha kelishuv) qonunchilik talablari asosida tuzilmagan boʻlsa, buyurtmachiga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi;
shartnoma (qoʻshimcha kelishuv) qonunchilik talablari asosida tuzilgan boʻlsa, yuqori turuvchi organ kuzatuv xati bilan Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasiga taqdim etadi yoki elektron shaklda pochta manziliga yuboradi.
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi taqdim etilgan shartnomaga (qoʻshimcha kelishuvga) asosan buyurtmachining tegishli hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻn ish kuni ichida oʻtkazadi.
37. Mustaqil ravishda amalga oshirilgan xaridlar belgilangan tartibda tashkil etilganligi va oʻtkazilganligi hamda mablagʻlardan maqsadli foydalanish, shuningdek, tuzilgan shartnomaning (qoʻshimcha kelishuv) haqiqiyligi uchun buyurtma bergan buyurtmachilar va ularning yuqori turuvchi organ rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
38. Innovatsion rivojlanish vazirligining davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul etib belgilangan xodimi Jamgʻarma shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimida davlat xaridlari toʻgʻrisida eʼlon joylashtiradi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi xorijiy yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilarni eng yaxshi takliflarni tanlash asosida ular bilan buyurtmalarni yetkazib berish (shu jumladan, zarurat boʻlganda, buyurtmalarni ilmiy tashkilotga yetkazib berish, ishga tushirish-sozlash va boshqa oʻziga xos ishlarni amalga oshirish) uchun tegishli shartnomalar tuzadi.
Tuziladigan shartnomalarda Innovatsion rivojlanish vazirligi “Buyurtmachi”, Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi “Moliyalashtiruvchi”, ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi “Yetkazib beruvchi” va tegishli ilmiy tashkilot “Qabul qiluvchi” (foyda koʻruvchi) taraflar sifatida qatnashadi.
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tuzilgan shartnomalarda belgilangan valyuta birligida Yetkazib beruvchi bilan hisob-kitoblar bevosita (Jamgʻarma oʻz nomidan Yetkazib beruvchilar nomiga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi hisobvaragʻidan akkreditiv ochish orqali va shartnomada belgilangan shartlarga muvofiq barcha moliyaviy operatsiyalar bilan bogʻliq toʻlovlar) toʻlab beriladi.
4-bob. Yetkazib berilgan buyurtmalardan foydalanish tartibi
39. Buyurtmachi buyurtmalar yetkazib berilgan yildan keyingi kalendar yilidan boshlab besh yil davomida har yili kamida bir marta buyurtmalardan foydalanish va erishilgan natijalar yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisobot taqdim etadi.
40. Buyurtmachining masʼul vakil(lar)i hisobotning ekspert guruhida taqdimot shaklida himoyasini oʻtkazadi(lar).
Taqdimotda buyurtmadan foydalanishning quyidagi jihatlari ochib berilishi lozim:
buyurtmaning toʻliq va funksional ishlashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar;
buyurtmadan bevosita foydalanuvchilar soni, shu jumladan, bevosita foydalanuvchi 40 yoshgacha boʻlgan yosh olimlar soni;
buyurtmadan bilvosita foydalanuvchilar soni, shu jumladan, bilvosta foydalanuvchi 40 yoshgacha boʻlgan yosh olimlar soni;
buyurtmadan foydalanish koʻlami: laboratoriya, institut (universitet) yoki respublika miqyosida (tegishli faktlar asosida);
hisobot yilida buyurtma yordamida olingan muhim natijalar va ularning chop etilishi toʻgʻrisida maʼlumot.
41. Innovatsion rivojlanish vazirligining ruxsatiga asosan ekspert guruhi hisobot maʼlumotlarini va buyurtma holatini oʻrganish maqsadida joyiga chiqqan holda, buyurtmachining taqdimot himoyasini oʻtkazishi mumkin.
42. Ekspert guruhining rahbari taqdimot himoyasi va oʻrganish natijalariga koʻra Innovatsion rivojlanish vazirligiga xulosa kiritadi. Xulosa kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kunida uni koʻrib chiqib, qaror qabul qiladi.
Buyurtmadan foydalanish natijalari mazkur Nizom talablariga muvofiq emas deb topilganda, buyurtmadan birinchi yil foydalanish natijalariga koʻra buyurtmachiga ogohlantirish beriladi hamda bu haqda buyurtmachining yuqori turuvchi organi va Vazirlar Mahkamasiga taqdimnoma kiritiladi.
Ogohlantirish berilgan buyurtmachilar ogohlantirish berilgan vaqtdan boshlab uch yil davomida buyurtma berish huquqiga ega boʻlmaydi.
43. Buyurtmachining rahbari buyurtmalardan maqsadli va samarali foydalanish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
44. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Jamgʻarma buyurtmachidan buyurtma toʻgʻrisidagi va hisobotlar yuzasidan kiritilgan maʼlumot (hujjat)lar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
45. Buyurtmalar boʻyicha texnik topshiriq va narx koʻrsatkichlari tegishli ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng buyurtmachilar tomonidan mazkur buyurtmalar xaridini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hollarda, ekspertizaga sarflangan xarajatlar Jamgʻarmaning tegishli hisobvaragʻiga buyurtmachilar tomonidan qaytarilishi shart.
46. Manfaatdor vazirlik va idoralar hamda buyurtmachilar ekspert guruhining qabul qilgan qarorlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
47. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan buyurtmalar roʻyxatini shakllantirish, tasdiqlash, davlat xaridlarini amalga oshirish, shartnomalar tuzish, moliyalashtirish, yetkazib berish hamda foydalanish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Amalga oshiriladigan tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Har bir buyurtmachi (ilmiy tashkilot) Loyihalar portfelini tayyorlaydi va yuqori turuvchi organga taqdim etadi 3 yilda bir marta 1-sentabrga qadar 2-bosqich Yuqori turuvchi organ (vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar) Loyihalar portfelini koʻrib chiqib, belgilangan tartibda kuzatuv xati orqali Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadi Oʻn besh ish kuni ichida har yili 1-noyabrga qadar 3-bosqich Innovatsion rivojlanish vazirligi (Vazirlik) 1. Ekspert guruh(lar)ini tuzadi. 2. Loyihalar portfelini kiritadi. 1. Har yili yanvar oyida 2. 1-noyabrdan soʻng kamida oʻn ish kunida 4-bosqich Ekspert guruhi, Vazirlik Loyihalar portfelini koʻrib chiqadi, buyurtmalar roʻyxatini shakllantiradi, yakuniy xulosani Vazirlikka taqdim etadi Loyihalar portfeli ekspert guruhiga kiritilgan kundan boshlab kamida bir oy ichida 5-bosqich Vazirlik, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) Buyurtmalar roʻyxatini tasdiqlash maqsadida Jamgʻarma Kuzatuv kengashining tegishli qarorini qabul qilish Vazirlik kuzatuv xati kiritilgandan soʻng kamida bir oy muddatda 6-bosqich Vazirlik Buyurtmalar boʻyicha natijalarni rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi Besh ish kuni ichida 7-bosqich Vazirlik, Ekspertiza tashkiloti, buyurtmachilar Davlat xaridlarini tashkil etadi va oʻtkazadi Moliya yili davomida 8-bosqich Vazirlik, Jamgʻarma, buyurtmachilar, yetkazib beruvchilar Buyurtmalar boʻyicha shartnomalar tuzadi, moliyalashtiradi va yetkazib beradi Tanlash savdolari yakunlariga koʻra shartnomada belgilangan muddatlarda 9-bosqich Buyurtmachilar, Vazirlik Yetkazib berilgan buyurtmalardan foydalanish yuzasidan hisobot taqdim etadi Keyingi kalendar yildan boshlab besh yil davomida har yili kamida bir marta 10-bosqich Ekspert guruhi, Vazirlik Buyurtmalardan foydalanish yuzasidan hisobot qabul qiladi, yakuniy xulosani Vazirlikka taqdim etadi Har yili sentabr oyi yakuniga qadar
Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
_________________________ uchun talab etilayotgan reaktivlar va sarflanuvchi materiallar buyurtmachining toʻliq nomi ROʻYXATI T/r Reaktivlar va sarflanuvchi materiallar nomi Tasnifi TIF TN kodi Oʻlchov birligi Soni Taklif etilayotgan xarid narxi (xarid qilish valyuta birligida) Jami talab etiladigan mablagʻ (xarid qilish valyuta birligida) Ishlatilish maqsadi … Izoh. 1. Buyurtmaning xarid narxini asoslantiruvchi hujjatlar ilova qilinadi. 2. Buyurtmaning TIF TN boʻyicha uzil-kesil kodlari bojxonada rasmiylashtirish vaqtida belgilanadi. Buyurtmachi rahbari (Imzo) F.I.O. M.Oʻ. Tuzilgan sanasi: 20__ yil “____” __________
Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
_________________________ uchun talab etilayotgan butlovchi qismlar buyurtmachining toʻliq nomi ROʻYXATI T/r Mavjud buyurtma rusumi va ishlab chiqaruvchi nomi Butlovchi qism nomi Texnik tasnifi TIF TN kodi Oʻlchov birligi Soni Taklif etilayotgan xarid narxi (xarid qilish valyuta birligida) Jami talab etiladigan mablagʻ (xarid qilish valyuta birligida) Ishlatilish maqsadi … Izoh. 1. Buyurtmaning xarid narxini asoslantiruvchi hujjatlar ilova qilinadi. 2. Buyurtmaning TIF TN boʻyicha uzil-kesil kodlari bojxonada rasmiylashtirish vaqtida belgilanadi. Buyurtmachi rahbari (Imzo) F.I.O. M.Oʻ. Tuzilgan sanasi: 20__ yil “____” __________
Ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), shuningdek, zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
_________________________ ga xarid qilinishi nazarda tutilgan buyurtmalar buyurtmachining toʻliq nomi ROʻYXATI T/r Yangi yoki mavjud laboratoriyaning nomi Buyurtma nomi Buyurtma TIF TN kodi Oʻlchov birligi Soni Taklif etilayotgan xarid narxi (xarid qilish valyuta birligida) Jami talab etiladigan mablagʻ (xarid qilish valyuta birligida) Buyurtmaning ilmiy, iqtisodiy samaradorligi va kutilayotgan natijalari ... Izoh. 1. Yangi yoki mavjud laboratoriyaning nomi, buyurtma nomi, soni, taklif etilayotgan xarid narxi va jami talab etiladigan mablagʻlar ustuni loyihalar portfelidagi boshqa maʼlumot (hujjat)lar bilan bir xilda ifodalanishi hamda mos boʻlishi shart. 2. Buyurtmaning taklif etilayotgan xarid narxi, jami talab etiladigan mablagʻlar ustuni belgilangan tartibda buxgalteriya hisobi va (yoki) moliya-iqtisod xodimlari tomonidan raqobat varagʻi tuzilgandan soʻng toʻldiriladi. 3. Buyurtmaning TIF TN boʻyicha uzil-kesil kodlari bojxonada rasmiylashtirish vaqtida belgilanadi. Buyurtmachi rahbari (Imzo) F.I.O. M.Oʻ. Tuzilgan sanasi: 20__ yil “____” __________
