Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (KQ-406-IV-son)
20.09.2022
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Budjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tashabbusli budjet jarayonini hamda “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 22-apreldagi KQ-213-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Jamoatchilik fikri asosida shakllangan loyihalar ovoz berish jarayoni boshlanguniga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan tabiiy resurslar taʼminoti bilan bogʻliq ilgari surilgan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirishda yer maydoni ajratilishi talab etiladigan boʻlsa, mazkur loyiha uchun yer maydoni ajratish imkoniyatlarini koʻrib chiqib, Moliya vazirligiga xulosa taqdim etilishini taʼminlasin.
3. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 20-sentabr,
KQ-406-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 20-sentabrdagi KQ-406-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 22-apreldagi KQ-213-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Namunaviy nizom tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish, shuningdek, “Ochiq budjet” iortali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish tartibini belgilaydi”;
2) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jamoatchilik fikri — ushbu Nizomda belgilangan tartibda fuqarolar tomonidan tuman (shahar)da mavjud ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishga qaratilgan ishlarni (xizmatlarni) mazkur hudud mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish boʻyicha bildirilgan takliflar;
tashabbusli budjet jarayoni — “Ochiq budjet” axborot portalida (keyingi oʻrinlarda — Portal) jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, ularni saralash va ovoz berish jarayoni doirasida gʻolib loyihalarni aniqlash hamda tuman va shahar budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishni oʻz ichiga olgan jarayon;
gʻolib loyiha — Portalda ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra toʻplangan ovozlar soni asosida avtomatik tarzda tanlab olingan loyiha;
fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi — tuman (shahar) hokimliklarida budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari shaklida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi;
loyihalarni amalga oshirish xronologiyasi — tashabbusli budjet jarayoni doirasida gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarini Portal orqali bevosita fuqarolarga kuzatib borish imkoniyatini beruvchi maxsus boʻlim;
ishchi komissiya — jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish boʻyicha tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan komissiya;
onlayn murojaat — Portalda fuqarolar tomonidan savol, shikoyat, taklif yoki qonun buzilish holatlari yuzasidan xabar qoldirish imkoniyatini beruvchi maxsus sahifa”;
3) quyidagi mazmundagi 21, 22, 23, 24 va 25-boblar bilan toʻldirilsin:
“21-bob. “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish tartibi
324. Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari faqat Portal orqali gʻolib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun sarflanadi. Bunda loyihada nazarda tutilgan tadbirlardan tashqari ushbu tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan hujjatlar (tegishli tashkilotlarning xulosalari, yakuniy koʻrikdan oʻtkazish xarajatlari va boshqalar) uchun ham toʻlovlar moliyalashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
325. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori asosida amalga oshiriladi.
326. Loyihalarni koʻrib chiqish va amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi tashkilotlar mazkur Namunaviy nizomning 5-ilovasiga muvofiq tarzda belgilanadi.
327. Tashabbusli budjet jarayoni doirasida fuqarolar tomonidan kelib tushgan loyihalar Ishchi komissiya tomonidan Portalga kelib tushgan kundan boshlab 10 kun ichida mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq loyihaning mazmunan tegishliligi boʻyicha buyurtmachi korxonalarga (keyingi oʻrinlarda — buyurtmachi) yuboriladi.
328. Buyurtmachilar tomonidan loyihalar qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kunida qonun hujjatlarida belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan loyihalarni koʻrib chiqadi va Ishchi komissiyaga loyihalarni qabul qilish (loyihaning qiymati va amalga oshirish uchun talab etiladigan qoʻshimcha hujjatlar roʻyxatini ilova qilgan holda) yoki asoslantirilgan holda rad etish yuzasidan xulosa taqdim etadi.
329. Ishchi komissiya loyihalarni buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan xulosalar asosida ovoz berish bosqichiga oʻtkazadi.
3210. Ovoz berish bosqichi yakunlariga koʻra loyihalarga toʻplangan ovozlar sonidan kelib chiqib, Portal tomonidan avtomatik tarzda “gʻolib” loyihalar roʻyxati shakllanadi.
3211. Tashabbusli budjet jarayoni doirasida ovoz berish bosqichi yakunlangandan soʻng 7 kun muddatda “gʻolib” deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan Ishchi komissiya tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga qaror loyihasi kiritiladi.
3212. Qaror loyihasiga gʻolib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan “Manzilli roʻyxat” ilova qilinadi. Manzilli roʻyxat quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
gʻolib deb topilgan loyihaning Portaldagi xos “ID” raqami;
amalga oshiriladigan tadbirlarning aniq manzili yoki balansda saqlovchi korxonaning manzili va nomi;
loyihada nazarda tutilgan amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlarning qisqacha mazmuni;
tadbirni amalga oshirish uchun talab etiladigan dastlabki mablagʻ qiymati;
loyihani amalga oshirish uchun buyurtmachi etib belgilangan korxona;
loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan qoʻshimcha hujjatlar (binolarni qurish uchun ekspertiza hujjatlari, hokimning yer ajratish toʻgʻrisidagi tegishli qarori, loyiha-smeta hujjatlari va boshqalar);
agar tadbir bevosita tovar va moddiy qiymatliklar (xizmatlar)ni xarid qilish bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu loyihalar boʻyicha mazkur Namunaviy nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda xarid qilinadigan tovar (xizmatlar) reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) ilova qilinadi. Bunda reyestrda koʻzda tutilgan xaridlarning jami summasi Manzilli roʻyxatda tegishli loyihani moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻdan ortib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
xarid qilish tartib-taomili turi (elektron doʻkon, boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va boshqalar).
3213. Manzilli roʻyxat belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi, jumladan, buyurtmachi tashkilotlar toʻgʻri tanlanishi, Reyestr toʻgʻri shakllantirilishi, xarid qilish tartib-taomili turi va loyihani amalga oshirish aniq manzili kabi maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilishi uchun Ishchi komissiya masʼul hisoblanadi.
3214. Gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirish uchun yer va boshqa resurslar ajratilishi, shuningdek, tegishli soha inspeksiyalarining ekspertiza xulosalari talab etilgan hollarda, ushbu resurslarni ajratish boʻyicha qaror qabul qilish vakolatiga ega tashkilotlarga Manzilli roʻyxat tasdiqlangandan soʻng 1 ish kunida tuman (shahar) hokimligi tomonidan soʻrov yuboriladi.
3215. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan qaror va manzilli roʻyxat tasdiqlanganidan soʻng tuman (shahar) moliya boʻlimi tomonidan gʻolib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun buyurtmachi tashkilotlarga har bir loyiha uchun alohida Moliya vazirligi Gʻaznachiligida mablagʻlar manbasi “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” boʻlgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi.
3216. Ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga 3 ish kuni ichida Jamgʻarma hisobidan tuman (shahar) hokimligi tomonidan gʻolib deb topilgan loyihalar uchun Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi.
3217. Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazib berilgandan soʻng buyurtmachi tashkilotlar 3 ish kunida tovar-moddiy boyliklar (ishlar va xizmatlar) xarid qilish uchun taʼminotchi korxonalarni aniqlash, qurilish-taʼmirlash bilan bogʻliq tadbirlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini shakllantirish va loyihachi korxonalarni aniqlash boʻyicha davlat xaridlari elektron tizimiga eʼlon joylashtiradi.
3218. Qurilish va taʼmirlash bilan bogʻliq tadbirlar yuzasidan loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza xulosasi olingan kundan boshlab 1 ish kunida buyurtmachi tashkilotlar Manzilli roʻyxatda koʻrsatilgan xarid qilish tartib-taomili turi boʻyicha pudratchi korxonalarni aniqlash choralarini koʻradi.
3219. Gʻolib loyihalar amalga oshirish shakllariga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
tovar-moddiy boyliklar (xizmatlar) xarid qilish boʻyicha tadbirlar;
bino va inshootlarni joriy yoki kapital taʼmirlash (rekonstruksiya qilish) boʻyicha tadbirlar;
bino va inshootlar qurish (barpo etish) boʻyicha tadbirlar.
22-bob. Tovar-moddiy boyliklar (xizmatlar) xarid qilish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish
3220. Tovar-moddiy boyliklar (xizmatlar) xarid qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda buyurtmachi tashkilot davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq moddiy qiymatliklar (xizmatlar)ni yetkazib beruvchi yoki pudratchilarni aniqlash:
elektron doʻkon orqali;
boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion orqali;
eng yaxshi takliflarni tanlash orqali;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali davlat xaridlarini amalga oshiradi.
3221. Tovar-moddiy boyliklar (xizmatlar) xarid qilish 3220-bandda keltirilgan xarid qilish tartib-taomili turi orqali tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
3222. Ajratilgan mablagʻlar faqat Manzilli roʻyxatga ilova qilingan Reyestrda nazarda tutilgan tovar-moddiy qiymatliklar (xizmatlar)ni xarid qilish uchun sarflanadi. Bunda reyestrga kiritilgan tovar-moddiy boyliklar (xizmatlar) turi oʻzgartirilishiga yoki soni oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3223. Xarid qilinishi nazarda tutilgan tovar-moddiy qiymatliklarni haqiqiy bozor narxi gʻolib deb topilgan loyiha uchun nazarda tutilgan mablagʻdan ortiq boʻlsa, ushbu holatda Reyestrning jami summasiga aniqlik kiritilishi mumkin. Bunday hollarda yetishmagan mablagʻlar Jamgʻarma hisobidan ajratilishi uchun Manzilli roʻyxatga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori qabul qilinishi lozim.
3224. Xarid qilingan tovar-moddiy qiymatliklar buyurtmachi tashkilot balansiga kirim qilinadi va belgilangan tartibda buxgalteriya hisobotlarida aks ettiriladi.
3225. Buyurtmachi tashkilot xarid qilingan tovar-moddiy qiymatliklarni saqlab turish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish yuzasidan kelgusi moliya yili uchun budjet soʻrovida tegishli mablagʻlar koʻzda tutilishini taʼminlaydi.
3226. Umumfoydalanishda boʻlgan tabiiy resurslar bilan taʼminlash vositalari (transformator, quvurlar, uzellar va boshqa tabiiy resurslarni yetkazib berishda qoʻllaniladigan vositalar)dan foydalanishda buyurtmachi tashkilot mazkur vositalarni oʻz balansiga kirim qiladi hamda tomonlar oʻrtasida kelishuv asosida tegishli ekspluatatsiya korxonalariga foydalanish uchun beradi.
23-bob. Bino va inshootlarni joriy yoki kapital taʼmirlash (rekonstruksiya qilish) boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish
3227. Mavjud bino va inshootlarni joriy yoki kapital taʼmirlash (keyingi oʻrinlarda — taʼmirlash) boʻyicha tadbirlar buyurtmachi tashkilot tomonidan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq:
a) taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun Manzilli roʻyxatda koʻrsatilgan qoʻshimcha talab etiladigan hujjatlarni:
elektron doʻkon orqali;
eng yaxshi takliflarni tanlash orqali;
yagona yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shaklda;
b) taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi pudratchi tashkilotlarni:
eng yaxshi takliflarni tanlash orqali amalga oshiradi.
3228. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun pudratchilarni aniqlash 3227-bandda keltirilgan usullardan biri orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
3229. Ajratilgan mablagʻlar faqat Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish va ushbu tadbirlarni bajarish uchun qoʻshimcha talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlariga sarflanishi mumkin. Bunda Manzilli roʻyxatda koʻrsatilgan taʼmirlash ishlari hajmining oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3230. Taʼmirlash ishlarining haqiqiy bozor narxi Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻdan ortiq boʻlsa, ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda buyurtmachi korxonaning xulosasiga asosan loyihaning amalga oshirish yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi mumkin. Bunday hollarda qoʻshimcha talab etiladigan mablagʻlar Jamgʻarma hisobidan ajratilishi uchun Manzilli roʻyxatga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori qabul qilinishi lozim.
3231. Taʼmirlash ishlari uchun buyurtmachi etib, qoida tariqasida, balansda saqlovchi yoki budjet mablagʻi taqsimlovchi belgilanadi. Agar loyihaning amalga oshirish qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobaridan ortiq boʻlsa (ichki yoʻllarni taʼmirlash bundan mustasno), buyurtmachi etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUK buyurtmachi etib belgilanishi mumkin.
3232. Buyurtmachi korxona etib yagona buyurtmachi korxonalar belgilanganda ushbu korxona uchun tegishli tuman (shahar) darajasida maxsus gʻazna hisobvaraqlari ochilib, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”dan gʻolib loyihani amalga oshirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi.
3233. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun yagona buyurtmachi korxona va balansda saqlovchi oʻrtasida bitim imzolanadi. Bitimda loyihani amalga oshirish qiymati, amalga oshiriladigan ishlar, qabul qilib olish muddati va boshqa texnik koʻrsatkichlar aks ettiriladi.
3234. Yagona buyurtmachi korxonalar tomonidan loyihani amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pudratchi korxonalar bilan shartnomalar rasmiylashtiriladi.
3235. Taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng taʼmirlangan obyekt amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tegishli hujjat va xulosalar bilan birga balansda saqlovchiga topshiriladi.
3236. Taʼmirlash ishlari sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun javobgarlik buyurtmachi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
24-bob. Bino va inshootlar qurish (barpo etish) bilan bogʻliq tadbirlar
3237. Jamoatchilik ehtiyoji uchun fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladigan obyektlar, shu jumladan, bino va inshootlarni qurishda (keyingi oʻrinlarda — qurilish ishlari) buyurtmachi etib:
qurilish ishlarining amalga oshirish qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha boʻlsa, balansda saqlovchi korxona tomonidan (keyinchalik obyektni qabul qilib olishda tegishli mutaxassislarni yollagan holda ularning xulosasini olish sharti bilan);
qurilish ishlarining amalga oshirish qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan ortiq boʻlsa, yagona yetkazib beruvchi korxonalar belgilanadi.
3238. Balansda saqlovchilar buyurtmachi sifatida qurish ishlarini amalga oshirishda:
a) qurilish ishlarini amalga oshirish uchun Manzilli roʻyxatda koʻrsatilgan qoʻshimcha talab etiladigan hujjatlarni:
elektron doʻkon orqali;
auksion orqali;
eng yaxshi takliflarni tanlash orqali;
yagona yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shaklda;
b) qurilish ishlarini amalga oshiruvchi pudratchi tashkilotlarni:
eng yaxshi takliflarni tanlash orqali;
tender orqali aniqlagan holda amalga oshiradi.
3239. Ajratilgan mablagʻlar faqat Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan qurilish ishlarini amalga oshirish va ushbu tadbirlarni bajarish uchun qoʻshimcha talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlariga sarflanishi mumkin. Bunda Manzilli roʻyxatda koʻrsatilgan qurilish ishlari hajmi oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3240. Balansda saqlovchilar sifatida buyurtmachi belgilanib ishlar amalga oshirilganda qurilish ishlari yakunlariga koʻra bajarilgan ishlarni belgilangan texnik mezonlarga muvofiqligi yuzasidan mutaxassislar jalb etilgan holda obyektlar qabul qilib olinishi va foydalanishga topshirilishi lozim.
3241. Qurilish ishlarining haqiqiy bozor narxi Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻdan ortiq boʻlsa, ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda buyurtmachining xulosasiga asosan qurilish ishlarining yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi mumkin. Bunday hollarda yetishmagan mablagʻlar Jamgʻarma hisobidan ajratilishi uchun Manzilli roʻyxatga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori qabul qilinishi lozim.
3242. Buyurtmachi korxona etib yagona buyurtmachi korxonalar belgilanganda ushbu korxona uchun tegishli tuman (shahar) darajasida maxsus gʻazna hisobvaraqlari ochilib, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”dan gʻolib loyihani amalga oshirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi.
3243. Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun yagona buyurtmachi korxona va balansda saqlovchi oʻrtasida bitim imzolanadi. Bitimda loyihani amalga oshirish qiymati, amalga oshiriladigan ishlar, qabul qilib olish muddati va boshqa texnik koʻrsatkichlar aks ettiriladi.
3244. Yagona buyurtmachi korxonalar tomonidan loyihani amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pudratchi korxonalar bilan shartnomalar rasmiylashtiriladi.
3245. Qurilish ishlari yakunlangandan soʻng Yagona buyurtmachi korxona tomonidan yangi qurilgan obyektlar tegishli hujjat va foydalanishga loyiq ekanligi yuzasidan texnik xulosalar bilan birga balansda saqlovchiga topshiriladi.
3246. Qurilish ishlari sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun javobgarlik buyurtmachi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
25-bob. Loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik nazoratining oʻrnatilishi
3247. Tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan Ishchi komissiya tomonidan tashabbusli budjet jarayonlari ijrosi yuzasidan har chorak yakunlariga koʻra hisobotlar hokimlikning rasmiy veb-sayti hamda Portal orqali jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
3248. Gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlari fuqarolar uchun ochiqligini va ular tomonidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishini taʼminlash maqsadida Portalda “loyihalarni amalga oshirish xronologiyasi” yuritib boriladi.
3249. Ishchi komissiya loyihalarni amalga oshirish xronologiyasida tegishli maʼlumotlar belgilangan muddatlarda kiritilishiga va yangilab borilishiga masʼul hisoblanadi.
3250. Loyihalarni amalga oshirish xronologiyasi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
buyurtmachi tashkilot nomi;
loyiha uchun ochilgan hisobvaraq;
loyiha uchun ajratilgan mablagʻ miqdori;
loyiha-smeta va ekspertiza hujjatlari;
“Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq oʻtkazilgan tanlovlar;
pudratchi korxona toʻgʻrisida maʼlumotlar;
amalga oshirilgan xarajatlar va rasmiylashtirilgan shartnomalar.
3251. Gʻolib deb topilgan loyihalar mualliflari tomonidan tadbirlarni amalga oshirishning barcha bosqichlarini kuzatish hamda bajarilgan ishlarni real-vaqt koʻrinishida baholab borish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda jamoatchilik nazorati doirasida fuqarolar tadbirlarni kuzatib borish orqali qonun buzilishi holatlari yoki kamchiliklar kuzatilganda shikoyat tarzida vakolatli organlarga yoki Portal orqali “onlayn murojaat” sahifasiga murojaat qilishlari mumkin.
3252. Gʻolib deb topilgan loyiha tashabbuskorlari tomonidan loyihani amalga oshirishda boshqa koʻrinishdagi aralashuvlarga (pudratchi korxonani aniqlash yoki ishlarni ularning oʻzlari tomonidan amalga oshirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va shu kabilarga) yoʻl qoʻyilmaydi.
3253. Loyihalar amalga oshirilgandan soʻng gʻolib deb topilgan loyihalar tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar Portalda “Jamoatchilik nazorati” boʻlimi orqali baholanadi va bajarilgan ishlar yuzasidan kamchiliklar kuzatilganda izohlar bildirish hamda foto yoki video materiallar ilova qilish imkoniyati yaratiladi.
3254. Loyihalarni amalga oshirish davomida yoki ishlar yakunlangandan soʻng bajarilgan ishlar natijalariga koʻra ortiqcha toʻlovlar yoki kamomad aniqlangan hollarda, aniqlangan kamomad mablagʻlari tegishliligi boʻyicha jamgʻarmaga toʻliq qayta tiklanishi taʼminlanadi”;
4) 5 va 6-ilovalar bilan toʻldirilsin.
“Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga 5-ILOVA
Tashabbusli budjet jarayoni yakunlariga koʻra gʻolib boʻlgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi tashkilotlar
roʻyxati
T/r Loyihaning qisqacha nomi Balansda saqlovchi Buyurtmachi korxona xarid tadbirlari taʼmirlash tadbirlari* qurish tadbirlari* 1. Avtomobil yoʻllarini (piyodalar yoʻlakchasi, yoʻl oʻtkazgichlar) taʼmirlash bilan bogʻliq tadbirlar tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi x tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi Umumfoydalanishdagi yoʻllar x Mintaqaviy yoʻllarni taʼmirlash jamgʻarmasi Mintaqaviy yoʻllarni taʼmirlash jamgʻarmasi 2. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Maktabgacha taʼlim boʻlimi Maktabgacha taʼlim boʻlimi Maktabgacha taʼlim boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona Maktabgacha taʼlim boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona 3. Koʻcha chiroqlarini oʻrnatish yoki taʼmirlash (simyogʻoch oʻrnatish) tadbirlari tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi 4. Umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Xalq taʼlimi boʻlimi Xalq taʼlimi boʻlimi Xalq taʼlimi boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona Xalq taʼlimi boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona 5. Bolalar maydonchalarini (oʻyingohlarini) barpo etish yoki taʼmirlash bilan bogʻliq tadbirlar Mahalla fuqarolar yigʻini Mahalla fuqarolar yigʻini Mahalla fuqarolar yigʻini Mahalla fuqarolar yigʻini/yagona buyurtmachi korxona Koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatish shirkatlari Hokimlik Hokimlik Hokimlik/yagona buyurtmachi korxona 6. Koʻp qavatli uylarni taʼmirlash tadbirlari Koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatish shirkatlari x Hokimlik Hokimlik/yagona buyurtmachi korxona 7. Sport muassasalari yoki sogʻlomlashtirish markazlarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish Barcha hollarda Sportni rivojlantirish boʻlimi Sportni rivojlantirish boʻlimi Sportni rivojlantirish boʻlimi 8. Sogʻliqni saqlash muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Tibbiyot birlashmasi Tibbiyot birlashmasi Tibbiyot birlashmasi/yagona buyurtmachi korxona Tibbiyot birlashmasi/yagona buyurtmachi korxona 9. Mahalla guzari (mahallada umumfoydalanishda boʻlgan boshqa obyektlar)ni taʼmirlash-tiklash bilan bogʻliq xarajatlar Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona 10. Drenaj va ariq (zovur)larni tartibga keltirish bilan bogʻliq tadbirlar Irrigatsiya boʻlimi x Irrigatsiya boʻlimi Irrigatsiya boʻlimi 11. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish (tuman yoki shahar qiyofasini oʻzgartirish) bilan bogʻliq tadbirlar Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi 12. Qabristonlarni tartibga keltirish tadbirlari Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi Obodonlashtirish boshqarmasi 13. Aholi dam olish maskanlarini taʼmirlash yoki moddiy-texnik bazasini rivojlantirish bilan bogʻliq tadbirlar Barcha hollarda Madaniyat boʻlimi Madaniyat boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona Madaniyat boʻlimi/yagona buyurtmachi korxona 14. Tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq loyihalar Tuman gaz taʼminoti x Tuman hokimligi Tuman hokimligi 15. Elektr taʼminoti, transformator oʻrnatish va taʼmirlash tadbirlari Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Tuman hokimligi Tuman hokimligi Tuman hokimligi 16. Ichimlik suvi va oqava suv tizimini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlar Suv taʼminoti korxonasi x Tuman hokimligi Tuman hokimligi 17. Musiqa tashkilotlarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Musiqa maktablari Musiqa maktablari Musiqa maktablari/yagona buyurtmachi korxona Musiqa maktablari/yagona buyurtmachi korxona 18. Boshqa taʼlim muassasalarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Budjet mablagʻlarini taqsimlovchisi Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi/yagona buyurtmachi korxona Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi/yagona buyurtmachi korxona 19. Oliy oʻquv yurtlarini taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari Oliy oʻquv yurti Oliy oʻquv yurti Oliy oʻquv yurti/yagona buyurtmachi korxona Oliy oʻquv yurti/yagona buyurtmachi korxona 20. Boshqalar x Tuman hokimligi Tuman hokimligi Tuman hokimligi
Izoh: Ushbu roʻyxatda koʻrsatib oʻtilmagan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachilarni belgilash xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga6-ILOVA
____________ tuman (shahar) boʻyicha oʻtkazilgan tashabbusli budjet jarayoni yakunlariga koʻra gʻolib boʻlgan ID ____________ loyihani amalga oshirish boʻyicha xarid qilinadigan tovar (xizmatlar)
Reyestri
Ming.soʻm T/r Tovar (xizmat) nomi soni bozor narxi Summasi 1. 2. 3. 4. 5. ... Loyihaning amalga oshirish jami qiymati*
* Manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻdan ortib ketishi mumkin emas.”.
