“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida (2409-IV-son)
12.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari) “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni keng koʻlamda amalga oshirish, umumxalq muhokamasi jarayonida fuqarolarning oʻz fikrlari va takliflarini erkin bildirishi uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrildi.
Xususan, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 24-iyundagi qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deb yuritiladi) dastlab 2022-yilning 25-iyunidan 5-iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qoʻyildi.
Konstitutsiyaviy islohotlarga xalqimiz va jamoatchilikning katta qiziqish bilan qaraganligi hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan talab va istaklardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarorlariga muvofiq Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati ikki marotaba uzaytirilib, 2022-yil 1-avgustga qadar davom ettirildi.
Oʻtgan davr mobaynida umumxalq muhokamalari barcha hududlarda, aholining hamma qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiq-oshkoralik prinsiplari asosida tashkil qilindi.
Deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va tashkilotlarda qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasining borishi jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish choralari koʻrildi.
Aholining xabardorlik darajasi oshib, oʻzining fuqarolik pozitsiyasini bildirish istagi yuqori boʻlgani tufayli takliflar soni muttasil ravishda ortib bordi. Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 150 mingdan ortiq taklif hamda fikr-mulohaza kelib tushdi.
Bu ham umumxalq muhokamasi har tomonlama toʻgʻri tashkil etilganligini, aholi konstitutsiyaviy islohotlar haqida yetarlicha xabardor qilinganligini, fuqarolar ushbu jarayonlarning tashabbuskori va faol ishtirokchisi boʻlishga intilayotganligini, eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlarni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatmoqda.
Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya bilan birgalikda fuqarolarning takliflari hamda fikrlarini umumlashtirish, oʻrganib chiqish va tahlil etish borasidagi ishlarni olib bormoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, takliflarda fuqarolar inson huquqlarini taʼminlash, qadr-qimmatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, ekologik huquqlar va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Tegishli qoʻmitalar qoʻshma majlisida va siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari va uni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari tomonidan yetuk mutaxassislar va ekspertlarni jalb etgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasi jarayonida keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida maromiga yetkazish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek bugungi kunda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha fuqarolardan kelayotgan takliflar va fikr-mulohazalar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J. Shirinovning “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish hamda tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiyaga Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha fuqarolarning takliflari va fikrlarini umumlashtirish, oʻrganib chiqish va tahlil qilishda Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalariga koʻmaklashish ishlarini davom ettirish tavsiya etilsin.
3. Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari:
umumxalq muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar va mulohazalarni, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qoʻmitalarning fikrlarini har tomonlama eʼtiborga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini maromiga yetkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya bilan birgalikda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha bundan buyon kelib tushadigan takliflarning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqilishini taʼminlasin;
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonini ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etish choralarini koʻrsin;
maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-avgust,
2409-IV-son
