64-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning majlislaridir.
Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yil iyun oyining oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri chaqiradi va ularda raislik qiladi. Qonunchilik palatasining majlislariga rahbarlikni amalga oshirishda raislik qiluvchi bilan birgalikda Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari (ishchi Rayosat) ishtirok etadi. Qonunchilik palatasi Spikeri majlisda hozir boʻlmaganda uning oʻrinbosarlaridan biri majlisda raislik qiladi.
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari, qoida tariqasida, seshanba kunlari oʻtkaziladi.
Kengash va fraksiyalarning majlislari, qoida tariqasida, dushanba kunlari oʻtkaziladi.
Qoʻmitalar, qoida tariqasida, chorshanba, payshanba va juma kunlari majlis oʻtkazadi.
Qonunchilik palatasining majlislari vaqtida qoʻmitalar, komissiyalar, fraksiyalarning majlislari oʻtkazilmaydi, shuningdek deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlari amalga oshirilmaydi.
