60-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Fraksiya:
1) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar hamda fikr-mulohazalar kiritadi;
2) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan har bir masala yuzasidan munozaralar chogʻida fraksiya vakiliga kafolatlangan tarzda soʻz berilishi huquqidan foydalanadi;
3) kelishuv komissiyasi va boshqa komissiyalar tuzish toʻgʻrisida masala qoʻyadi;
4) Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati organlarining va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etadi;
5) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan fraksiyaning fikrini deputatlar oʻrtasida tarqatadi;
6) Kengashning, qoʻmitalar va komissiyalarning ishida ishtirok etadi;
7) Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari, qonunchilik takliflari va qarorlar loyihalari yuzasidan oʻz fikrlari va takliflarini kiritadi;
8) Qonunchilik palatasi majlisida hukumat aʼzolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish toʻgʻrisida masala qoʻyadi;
9) fraksiyaning faoliyati uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni davlat organlaridan hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib oladi;
10) siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tartibini belgilaydi;
11) Kengash bilan birgalikda deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi uchun moʻljallangan vaqtni belgilaydi.
Fraksiya qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
