50-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining komissiyalari (bundan buyon matnda parlament komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etilishi mumkin.
Parlament komissiyasi deputatlar va senatorlar orasidan parlament komissiyasi raisi, aʼzolari, zarurat boʻlgan hollarda esa, parlament komissiyasi raisining oʻrinbosaridan iborat tarkibda tuziladi.
Qonunchilik palatasida parlament komissiyasini tuzish haqidagi taklif Qonunchilik palatasining Spikeri, qoʻmitalar, shuningdek fraksiyalar tomonidan kiritilishi mumkin.
Parlament komissiyasi tarkibiga nomzodlar boʻyicha Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Parlament komissiyasi tuzilganligi toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qarori qabul qilinib, ushbu qaror Senatga yuboriladi.
Parlament komissiyasi tuzilganligi toʻgʻrisidagi qarorda parlament komissiyasining nomi, maqsadi va vazifalari, uning miqdoriy va shaxsiy tarkibi, parlament komissiyasining raisi, parlament komissiyasining faoliyat koʻrsatish muddati (oldindan belgilangan muddatga yoki muayyan vazifalarni bajarish muddatiga), parlament komissiyasining vakolatlari, parlament komissiyasi ishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar belgilangan boʻlishi kerak.
Parlament komissiyasi oʻz faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshiradi.
