45-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qoʻmitalarning majlislari Qonunchilik palatasi majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Qoʻmita majlisini uning raisi oʻz tashabbusi bilan yoki qoʻmita aʼzolari umumiy sonidan kamida yarmining tashabbusi bilan chaqiradi.
Qoʻmita majlisi haqida uning raisi, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin qoʻmita aʼzolariga xabar beradi, shuningdek majlisning boshqa ishtirokchilarini oldindan xabardor qiladi.
Qoʻmitalarning majlislari, agar ularda qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatlidir.
Qoʻmita majlisini qoʻmita raisi olib boradi.
Qoʻmitalarning majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida, qoʻmitalar yopiq majlislar oʻtkazish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishi mumkin.
