36-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Kengash:
1) Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejasi loyihasini shakllantiradi;
2) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasini shakllantiradi va majlisni telekanallar, shuningdek Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi masalasini koʻrib chiqadi;
3) qoʻmitalarning ishini muvofiqlashtirib boradi;
4) qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish yoki uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish toʻgʻrisida qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun masʼul boʻlgan qoʻmitaning (bundan buyon matnda masʼul qoʻmita deb yuritiladi) xulosasiga koʻra qaror qabul qiladi;
41) qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan qonunchilik taklifini (bundan buyon matnda qonunchilik taklifi deb yuritiladi) Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish toʻgʻrisida masʼul qoʻmitaning xulosasiga koʻra qaror qabul qiladi;
5) Qonunchilik palatasi Spikerining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini lavozimiga tayinlash va ularni lavozimidan ozod qilishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;
6) Qonunchilik palatasi deputatining saylov okrugidagi ishini tashkil etishga koʻmaklashadi;
7) Kengash aʼzolarining taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida, ushbu shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatida boʻlish muddatini uzaytirish haqida taqdimnoma, shuningdek ushbu shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxatidan muddatidan ilgari chiqarish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritadi.
Kengash ushbu Reglamentga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi hamda Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqishi mumkin.
Kengash majlislari, agar ularda Kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi hozir boʻlsa, vakolatlidir.
