267-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Deputat oʻz okrugi saylovchilari, uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya bilan aloqa bogʻlab turadi, Qonunchilik palatasida ularning manfaatlarini ifoda etadi.
Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanadi.
Fraksiyalar har yili Kengash bilan birgalikda deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi uchun moʻljallangan vaqtni belgilaydi. Deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi uchun, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining sessiyalari davrida har oyning oxirgi haftasi ajratiladi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish chogʻida deputat:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, fraksiyaning faoliyati, uning mamlakatni sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning eng muhim masalalariga doir nuqtai nazari toʻgʻrisida saylovchilarga axborot beradi;
yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini saylovchilarga yetkazadi;
qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi holatini huquqning qoʻllanilish samaradorligini va qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini aniqlash maqsadida oʻrganadi;
oʻzi saylangan hududning kelgusi yil uchun moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladigan investitsiya loyihalarining shakllantirilishi yuzasidan tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining majlislaridagi muhokamalarda oʻz takliflari va tavsiyalari bilan ishtirok etadi;
fraksiya tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
