265-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qoʻmitalar, shuningdek deputatlar davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalarini, statistika maʼlumotlarini va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin.
Qoʻmitalar yoki deputatlar tomonidan soʻralayotgan axborotni tegishli davlat organi, boshqa tashkilot, mansabdor shaxs murojaat olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
Qoʻmitalar oʻz ish rejalariga, Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlariga muvofiq oʻz majlislarida davlat organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi, Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlarining, qoʻmitalar qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish yakunlari boʻyicha qoʻmitalar qaror qabul qiladi, qaror tegishli davlat organiga yuboriladi.
Qoʻmitalar oʻz ish rejalariga muvofiq qonunlarning, Qonunchilik palatasi qarorlarining davlat organlari tomonidan ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib oʻrganadi.
Qoʻmitalar qonunlarning, Qonunchilik palatasi qarorlarining davlat organlari tomonidan ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganishi toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi Spikerini oldindan xabardor qiladi.
Qoʻmitalar qonunchilikning ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish yakunlari boʻyicha oʻz majlislarida davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishi, shuningdek oʻrganish natijalarini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmitalar yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Monitoringni amalga oshirish yakunlari Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining majlislarida koʻrib chiqilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining deputatlari navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi loyihasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan koʻrib chiqilish jarayonlarida ishtirok etishi mumkin.
