261-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida milliy maʼruza (bundan buyon matnda Milliy maʼruza deb yuritiladi) tayyorlaydi, Milliy maʼruza Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining direktori tomonidan Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.
Fraksiyalar, qoʻmitalar Milliy maʼruzani dastlabki tarzda koʻrib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, fikrlar va takliflar Qonunchilik palatasining majlisida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinadi.
Milliy maʼruzani eshitish yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, unda Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar boʻlishi mumkin.
Milliy maʼruzani eshitish yakunlari boʻyicha qabul qilingan Qonunchilik palatasining qarori Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuboriladi.
