260-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzani eshitadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzada qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash hollarining (bundan buyon matnda qiynoqqa solish hollari deb yuritiladi) oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar ham aks ettiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruza dastlabki tarzda fraksiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzani muhokama qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) chiqishi bilan boshlanadi, maʼruzadan soʻng fraksiyalarning vakillari soʻzga chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzani eshitish yakunlari boʻyicha Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) va Senatga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Qonunchilik palatasiga inson huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzani (bundan buyon matnda maxsus maʼruza deb yuritiladi) taqdim etishga haqli.
Maxsus maʼruza Qonunchilik palatasi, Kengash yoki qoʻmita majlisida koʻrib chiqilishi mumkin.
Kengash maxsus maʼruzani Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqish haqida toʻxtamga kelgan taqdirda, maxsus maʼruza mazkur moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
