258-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi zarur boʻlgan hollarda, oʻzining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi masala fraksiyalar, qoʻmitalar tashabbusiga koʻra Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunda fraksiyalar, qoʻmitalar tomonidan Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi va boshqa zarur materiallar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi. Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi qarorida masʼul qoʻmitaga hisobotni (axborotni) eshitishga tayyorgarlik koʻrilishini hamda uning oʻtkazilishini tashkil etish vazifasi belgilanadi.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining hisobotlarini eshitish toʻgʻrisidagi qarori oldindan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi qarori esa tegishli davlat organiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida masʼul qoʻmita sohada huquqiy jihatdan tartibga solinishi lozim boʻlgan muammoli masalalarni aniqlaydi hamda beriladigan savollarni, shuningdek qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar va takliflarni tayyorlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzosining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisoboti, davlat organi rahbarining axboroti toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi masʼul qoʻmita tomonidan tayyorlanadi.
