249-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Davlat organlarining mansabdor shaxslari parlament soʻroviga ogʻzaki javobni Qonunchilik palatasining majlisida palata belgilagan muddatda beradi.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari parlament soʻroviga yozma javobni, agar boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishi lozim. Parlament soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Parlament soʻroviga yozma javob, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Qonunchilik palatasining Spikeri parlament soʻroviga yozma javobni oʻqib eshittirishni parlament soʻrovining tashabbuskoriga, agar soʻrov bir nechta tashabbuskor tomonidan kiritilgan taqdirda, ulardan birining vakiliga, ushbu Reglament 247-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa masʼul qoʻmitaning vakiliga topshirishi mumkin. Yozma javobning nusxalari palata majlisida oʻqib eshittirilguniga qadar oldindan deputatlarga yuboriladi.
