247-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Parlament soʻrovini yuborish haqidagi taklif qoʻmitalar, fraksiyalar, shuningdek deputatlar umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritiladi.
Parlament soʻrovi tashabbuskori parlament soʻrovi loyihasini va parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun Qonunchilik palatasi Devonining Yuridik boshqarmasiga, parlament soʻrovi loyihasidagi Davlat budjeti va iqtisodiy munosabatlar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan xulosa olish uchun esa Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasiga taqdim etishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Devonining Yuridik boshqarmasi hamda Davlat budjeti boshqarmasi parlament soʻrovi loyihasi va parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi yuzasidan ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma xulosa beradi.
Parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi soʻrov tashabbuskori tomonidan Qonunchilik palatasi Spikeriga masalani Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish uchun yuboriladi.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasiga parlament soʻrovi loyihasi, shuningdek boshqa zarur materiallar ilova qilinadi. Parlament soʻrovi loyihasida soʻrovga javob berishning shakli (ogʻzaki yoki yozma) haqidagi takliflar boʻlishi kerak.
Deputatlar umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan kiritilgan parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarorida parlament soʻroviga berilgan javobning Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinishi bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish uchun masʼul qoʻmita belgilanadi.
