233-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari va oʻziga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Odob komissiyasining raisi yoki uning topshirigʻiga binoan ushbu komissiya aʼzolaridan biri Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasini oʻqib eshittiradi va Odob komissiyasining ushbu taqdimnoma yuzasidan xulosasi haqida maʼlumot beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yoki uning oʻrinbosariga soʻzga chiqishi va deputatlarning savollariga javob berishi uchun soʻz navbati berilishi mumkin.
Oʻziga nisbatan daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ushbu masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida koʻrib chiqilayotganda tushuntirishlar berishga haqlidir.
