183-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzining Senat bilan birgalikdagi vakolatlariga kiritilgan quyidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish hamda uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida;
2) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
3) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini va uning oʻrinbosarini saylash;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
9) Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish;
10) parlament tekshiruvini oʻtkazish.
Ushbu modda birinchi qismining 1, 3 — 6, 9-bandlarida nazarda tutilgan masalalar oldin Qonunchilik palatasida, keyin Senatda koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir vaqtning oʻzida Qonunchilik palatasiga va Senatga kiritilgan farmonlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalar (ushbu modda birinchi qismining 7 va 8-bandlari) mazkur bobda nazarda tutilgan tartibda Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu masalalar boʻyicha qabul qilingan qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Ushbu modda birinchi qismining 2 va 10-bandlarida nazarda tutilgan masalalar, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlislarida ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
