168-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarining, shuningdek masʼul qoʻmitaning ushbu takliflar va fikrlar boʻyicha xulosasining muhokamasi tugaganidan keyin ushbu takliflar va fikrlarni hisobga olgan holda qonunni qabul qilish yoki bundan buyongi koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlari qonunni yanada maromiga yetkazishni taqozo etsa, Qonunchilik palatasi mazkur qonun ustidagi ishni qonun loyihasining ikkinchi oʻqish tartib-taomilidan boshlab davom ettirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarini inobatga olgan holda qabul qilingan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti takliflari va fikrlarining bir qismi maʼqullangan taqdirda, qonunni qabul qilish keyinga qoldiriladi. Masʼul qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullangan takliflari va fikrlarini hisobga olgan holda qonun matnini tayyorlash hamda qonunni Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun taqdim etish topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining loaqal bitta taklifi yoki fikri rad etilgan taqdirda, qonunni qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Masʼul qoʻmitaning taklifiga binoan qonunni Qonunchilik palatasi avval qabul qilgan tahririda maʼqullash toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilishi mumkin. Bunday holda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi va maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi qonunni bundan buyongi koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisida toʻxtamga kelsa, bu haqda qaror qabul qiladi, ushbu qaror maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qabul qilingan qonun qabul qilingan kunidan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan Senatga yuboriladi.
