157-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasida bir nechta qonun loyihasini bitta jamlanma qonun loyihasiga birlashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish chogʻida jamlanma qonun loyihasi boʻyicha qoʻmitaning vakili maʼruza bilan soʻzga chiqadi. Maʼruzachi qoʻmitada qonun loyihalarini birlashtirish yakunlari, tushgan takliflar va ularni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi maʼruzachining maʼruzasi yakunlari boʻyicha bir nechta qonun loyihasini bitta jamlanma qonun loyihasiga yangi nom bilan birlashtirish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi.
Fraksiyalardan jamlanma qonun loyihasidan ikkinchi oʻqishda qabul qilingan bir yoki bir nechta qonun loyihasini chiqarib tashlash toʻgʻrisida takliflar tushgan taqdirda, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi quyidagi takliflardan birini ovozga qoʻyadi:
ikkinchi oʻqishda qabul qilingan bir yoki bir nechta qonun loyihasini ikkinchi oʻqish tartib-taomiliga qaytarish toʻgʻrisidagi;
ikkinchi oʻqishda qabul qilingan bir yoki bir nechta qonun loyihasini chiqarib tashlash va ularni ushbu Reglamentning 151-moddasida nazarda tutilgan tartibda mustaqil qonun loyihalari sifatida uchinchi oʻqishda koʻrib chiqish toʻgʻrisida.
Agar ikkinchi oʻqishda qabul qilingan jamlanma qonun loyihasidan bir yoki bir nechta qonun loyihasini chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi taklif deputatlarning koʻpchilik ovozini toʻplamagan boʻlsa, ikkinchi oʻqishda qabul qilingan bir yoki bir nechta qonun loyihasini qaytarish toʻgʻrisidagi taklif rad etilgan deb hisoblanadi.
Qonunchilik palatasining bir nechta qonun loyihasini bitta jamlanma qonun loyihasiga birlashtirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinganidan keyin Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi jamlanma qonun loyihasini uchinchi oʻqishda muhokama etmasdan toʻlaligicha qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Jamlanma qonun loyihasi uchinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotganda unga tuzatishlar kiritilishiga hamda qonun loyihasini toʻlaligicha yoki uning ayrim boʻlimlari, boblari, moddalarini muhokama qilish uchun qaytishga yoʻl qoʻyilmaydi.
