148-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi majlisida masʼul qoʻmitaning birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifini koʻrib chiqish chogʻida muhokama masʼul qoʻmita vakilining maʼruzasi bilan boshlanadi. Bunda masʼul qoʻmitaning maʼruzachisi qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari, kelib tushgan fikrlar va takliflar, ularni koʻrib chiqish natijalari hamda birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifni kiritish sabablari haqidagi axborotni majburiy tartibda deputatlar eʼtiboriga yetkazadi.
Masʼul qoʻmitaning birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifini muhokama qilish natijalariga koʻra qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklif Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini toʻplagan boʻlsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi. Toʻxtam Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi. Rad etilgan qonun loyihasi bundan buyon koʻrib chiqilmaydi va qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
Agar ovoz berish yakunlariga koʻra masʼul qoʻmitaning birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifi ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi quyidagi takliflardan birini ovozga qoʻyadi:
qonun loyihasini maromiga yetkazish va ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish muddatini belgilagan holda masʼul qoʻmitaga qaytarish toʻgʻrisida;
ushbu Reglamentning 146-moddasida nazarda tutilgan tartibda moddama-modda ovoz berish oʻtkazgan holda, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqish toʻgʻrisida.
Qonun loyihasini maromiga yetkazish uchun masʼul qoʻmitaga qaytarish toʻgʻrisidagi toʻxtam uni maromiga yetkazish va Qonunchilik palatasiga ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun kiritish muddati belgilangan holda, Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
