144-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Masʼul qoʻmita qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash vaqtida qonun loyihasining moddama-modda muhokamasini oʻtkazadi, tushgan fikrlar hamda takliflarni oʻrganadi va umumlashtiradi, zarurat boʻlganda, qonun loyihasi boʻyicha tushgan fikrlar va takliflarning mustaqil ekspertizasini tashkil etadi.
Qonun loyihasining maromiga yetkazilgan matni fraksiyalarga beriladi, shuningdek qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga ularning qonun loyihasiga oid fikrlari va takliflarini olish uchun yuboriladi.
Maromiga yetkazilgan qonun loyihasiga oid fikrlar va takliflarni olganidan keyin masʼul qoʻmita qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakillari ishtirokida muhokama tashkil etadi. Muhokamalarga olimlar, mutaxassislar ham taklif etilishi mumkin.
Fraksiyalar oʻz dasturiy maqsadli vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihalarining joylarda fuqarolar ishtirokidagi muhokamasini hamda ular boʻyicha kelib tushgan takliflarni oʻrganishni siyosiy partiyalar tegishli tashkilotlarining xodimlarini jalb etgan holda tashkil etadi. Fraksiyalar oʻrganishlarning yakunlariga koʻra kelib tushgan fikrlar va takliflarni oʻz majlislarida muhokama qiladi, oʻz dasturiy maqsadli vazifalaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqadi, ular masʼul qoʻmitaga yuboriladi.
Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarga daxldor qonun loyihalarining muhokamalariga fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi shart.
Masʼul qoʻmita asosli deb topgan takliflar qonun loyihasining matniga kiritiladi.
Agar masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqish uchun tayyorlash jarayonida loyihaning nomi oʻzgarsa, u Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangi nomda kiritiladi, uning dastlabki nomi esa yangi nomining ostida qavslar ichida keltiriladi.
Agar tegishli qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini masʼul qoʻmita tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar qonun hujjatining faqat ayrim tarkibiy birliklari qisman saqlanib qolgan holda uning aksariyat tarkibiy birliklariga daxldor ekanligi aniqlansa, masʼul qoʻmita ushbu qonun hujjati matnining yangi tahririni tayyorlab, soʻngra uni Qonunchilik palatasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishi uchun kiritishga haqli.
