142-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorida qonun loyihasiga doir tuzatishlarni taqdim etish muddati belgilanishi mumkin. Bu muddat, qoida tariqasida, oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak. Agar deputatlarda qonun loyihasiga oid tuzatishlar berishning Qonunchilik palatasi qarori loyihasida belgilanganidan boshqacha muddatni belgilash toʻgʻrisida takliflar mavjud boʻlsa, qonun loyihasiga oid tuzatishlar berish muddati deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan qaror bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasining matni, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi, zarur boʻlgan hollarda esa, Qonunchilik palatasi qaroriga binoan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Bunda eng muhim ijtimoiy, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasining uni birinchi oʻqishda qabul qilish haqidagi qaroriga muvofiq qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida keng muhokamaga, shu jumladan joylarda fuqarolar ishtirokidagi keng muhokamaga chiqarilishi mumkin.
Qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan taqdirda Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno etgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyishi mumkin. Agar ushbu taklifga deputatlarda eʼtiroz boʻlsa, raislik qiluvchi ularning har biriga oʻz yondashuvlarini asoslash uchun 3 daqiqagacha vaqt beradi. Masʼul qoʻmita vakili har bir eʼtiroz boʻyicha masʼul qoʻmitaning fikrini bayon etishga yoki qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni qaytarib olishga haqli. Agar masʼul qoʻmita qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini qaytarib olmasa, raislik qiluvchi muhokama tugaganidan keyin ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyadi. Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi qonun qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan boʻlsa, u qabul qilingan hisoblanadi. Agar qaror qabul qilinmasa, qonun loyihasi ustidagi ish ushbu Reglamentda belgilangan tartibda davom ettiriladi.
