139-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida uni qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar hamda moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi masala muhokama qilinadi. Birinchi oʻqishdagi qonun loyihasi yuzasidan maʼruza bilan, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili, keyingi oʻqishlarda esa masʼul qoʻmita vakili soʻzga chiqadi.
Masʼul qoʻmita birinchi hamda keyingi oʻqishlarda fraksiyalarning fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazishi shart.
Fraksiyalarning qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflari majburiy tarzda hamda har tomonlama muhokama qilinishi lozim.
Qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan deputatlarning qonun loyihasi mohiyati boʻyicha savollariga javob qaytarish uchun vaqt ajratilishi mumkin, shundan keyin fraksiyalarning, deputatlarning, muhokamada ishtirok etish uchun taklif etilgan boshqa shaxslarning takliflari va fikrlari eshitiladi.
