132-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi devonining Yuridik boshqarmasi Kengashning yoki masʼul qoʻmitaning topshirigʻiga binoan ular belgilagan muddat ichida qonun loyihasining huquqiy ekspertizasini tashkil etadi.
Qonunchilik palatasi devonining Yuridik boshqarmasi qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi natijalari asosida xulosa tayyorlaydi, xulosada quyidagi savollarga javoblar berilishi kerak:
qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqmi yoki muvofiq emasmi? Agar xulosada qonun loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq emasligi aniqlangan boʻlsa, qonun loyihasining qaysi qonunga muvofiq emasligi va bu nomuvofiqlik nimada aks etishi koʻrsatilishi kerak;
qonun loyihasining ichki mantiqi buzilmaganmi, qonun loyihasining boʻlimlari, boblari, moddalari, shuningdek qismlari, bandlari, kichik bandlari va moddalarining xatboshilari oʻrtasida qarama-qarshiliklar mavjudmi? Agar bunday qarama-qarshiliklar mavjud boʻlsa, ular aniq koʻrsatilishi, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berilishi kerak;
yangi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonunchilik hujjatlarining toʻliq roʻyxati berilganmi?
Qonunchilik palatasi devoni Yuridik boshqarmasining xulosasi boshqarma rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan uning familiyasi va imzolash sanasi koʻrsatilgan holda imzolanishi kerak. Belgilangan muddatda xulosa berishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, bu muddat Qonunchilik palatasi devoni Yuridik boshqarmasining asoslantirilgan taklifiga binoan Kengash yoki masʼul qoʻmita tomonidan uzaytirilishi mumkin.
