102-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Yashirin ovoz berish byulletenlarini tarqatish bevosita ovoz berish boshlanishidan oldin amalga oshiriladi. Ovoz berishning boshlanish va tugash vaqti Qonunchilik palatasi tomonidan belgilanadi.
Har bir deputatga saylanayotgan organ yoki mansabdor shaxs saylovi boʻyicha yoxud Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilayotgan qaror loyihasi boʻyicha yashirin ovoz berish uchun bitta byulleten beriladi.
Yashirin ovoz berish byulletenlari deputatlarga sanoq komissiyasi tomonidan deputatlarning roʻyxatiga muvofiq, ular deputatlik guvohnomasini koʻrsatganidan keyin beriladi. Byulletenni olish vaqtida deputat roʻyxatda koʻrsatilgan oʻz familiyasi roʻparasiga imzo qoʻyadi.
Byulletenni toʻldirish deputat tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga belgi-krestik qoʻyish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni (qaror variantini) yoqlab ovoz berayotgan boʻlsa, “qarshiman” degan soʻzni oʻchirish, taklif etilayotgan qarorga qarshi ovoz berayotgan boʻlsa, “yoqlayman” degan soʻzni oʻchirish orqali amalga oshiriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni sanoq komissiyasi tomonidan muhrlangan maxsus qutiga tashlanadi.
