Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining Toshkentdagi Oʻrta Osiyo respublikalari va Qozogʻiston uchun mintaqaviy vakolatxonasi toʻgʻrisida (153-son)
23.03.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi oʻrtasida Qoʻmitasining Oʻrta Osiyo respublikalari va Qozogʻiston uchun Oʻzbekiston hududidagi Mintaqaviy vakolatxonasini tuzish toʻgʻrisida 1993-yil 29-yanvardagi bitimga muvofiq, Vakolatxonaga insonparvarlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalqaro Qizil Xoch Mintaqaviy vakolatxonasiga Bitim va amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va immunitetlar, shuningdek, yashash va transportda yurish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlgan pul birligi bilan toʻlash huquqi berilsin.
2. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (oʻrtoq Azimov) Xalqaro qizil Xoch Qoʻmitasining Mintaqaviy vakolatxonasi uchun tegishli hisoblar ochsin.
3. Davlat bojxona qoʻmitasi (oʻrtoq Abdugʻaniyev) Xalqaro qizil Xoch Qoʻmitasining xayriya dasturlarini amalga oshirish uchun atalgan yuklarini va rasmiy (xizmat) foydalanishdagi buyumlarini bojxona boji hamda boshqa boj yigʻimlari toʻlashdan ozod qilsin, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali shunday yuklarni tranzit yoʻli bilan olib oʻtishda eng qulay sharoitlar yaratsin.
4. Toshkent shahar hokimligi (oʻrtoq Fozilbekov) bir oy muddat ichida belgilangan tartibda Vakolatxonaga 1-Ulyanov tor koʻchasi, 8-uydagi binoni, shu binoni egallab kelgan Respublika mehr-shafqat va salomatlik jamgʻarmasiga esa Furqat koʻchasi, quyidagi maʼmuriy korpusdan 3 ta xona ajratsin.
5. Aloqa vazirligi (oʻrtoq Rahimov) Vakolatxonani zarur aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasini samolyotda uchib oʻtish va qoʻnish yigʻimlaridan, shu jumladan, Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi dasturlarini bajarish, shuningdek, xizmat maqsadlari uchun buyumlar tashuvchi tranzit qatnovlar uchun yigʻimlardan ozod qilsin.
7. Tashqi ishlar vazirligi (oʻrtoq Safoyev):
Vakolatxona xodimlarini akkreditatsiya qilishni rasmiylashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan xodimlar uchun kvartiralar ajratish masalasini hal etsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 23-mart,
153-son
