Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotini tasdiqlash toʻgʻrisida (3383-son)
31.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 31-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3383]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Adliya vazirligi qaror qiladi:
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
2-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2022-yil 31-avgustdagi 2-son, Adliya vazirligining 2022-yil 31-avgustdagi 5-son qaroriga ILOVA
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash
USLUBIYOTI
Mazkur Uslubiyot davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning (bundan buyon matnda davlat tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat tashkilotlarining faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning maqsadlari quyidagilardan iborat:
davlat tashkilotining korrupsiyaviy xavf-xatarga eng koʻp duch keladigan vazifa va funksiyalarini aniqlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxatini shakllantirish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
2. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash quyidagilar ishlab chiqilishini nazarda tutadi:
korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur;
korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori boʻlgan lavozimlar roʻyxati;
korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri.
3. Ushbu Uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korrupsiyaviy xavf-xatar — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda mavjud sabab va sharoitlarda korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish ehtimoli;
korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi — davlat tashkiloti faoliyatida amalga oshiriladigan vazifa va funksiyalar (jarayonlar) bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy xavf-xatarning tavsifi va darajasi, funksiyalarni (jarayonlarni) tartibga soluvchi mexanizmlar, funksiyalarni (jarayonlarni) amalga oshirishga masʼul boʻlgan lavozim, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari, qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi, korrupsiyaviy xavf-xatarni bartaraf etish choralarini amalga oshirishga masʼul ijrochilarni oʻz ichiga olgan hujjat;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik — korrupsiya alomatlariga ega boʻlgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash — davlat tashkilotining faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) tahlil qilish, mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ushbu xavf-xatarlar darajasini baholash boʻyicha faoliyat;
qoldiq xavf-xatar — aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan choradan keyin saqlanib qoladigan xavf-xatar;
maxsus boʻlinma — davlat tashkilotidagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilma;
ishchi guruh — korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mavjud boʻlmagan davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uchun tuziladigan xodimlar tarkibi.
4. Davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash har yili 1-martga qadar amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish borasidagi faoliyatini takomillashtirish, ushbu yoʻnalishda kamchiliklarning oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar berilishi mumkin.
2-bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashni tashkil etish
6. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash davlat tashkiloti tizimiga kiruvchi barcha tarkibiy va hududiy boʻlinmalarni qamrab olishi lozim.
Bunda, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
7. Ishchi guruh aʼzolari davlat tashkilotining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Davlat tashkilotining birinchi rahbari tomonidan ishchi guruh tarkibi tasdiqlanadi hamda uning faoliyati muvofiqlashtiriladi.
8. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashda davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasi (ishchi guruh) tomonidan quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash boʻyicha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
davlat tashkilotining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini ishlab chiqish;
davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihasini ishlab chiqish;
davlat tashkilotining tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihalarini koʻrib chiqish va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar berish;
Agentlik va jamoatchilik tomonidan berilgan takliflar asosida davlat tashkilotining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihasini takomillashtirish.
9. Davlat tashkilotining tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar va uning hududiy boʻlinmalaridagi maxsus boʻlinma (ishchi guruh) quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlarini tashkil etish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihalarini ishlab chiqish.
3-bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibi
10. Maxsus boʻlinma (ishchi guruh) tomonidan davlat tashkiloti faoliyatining (vazifa va funksiyalarining) tavsifi ushbu Uslubiyotning 1-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
11. Davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanadi.
12. Ichki axborot manbalari quyidagilardan iborat:
davlat tashkiloti faoliyatining (vazifa va funksiyalarining) huquqiy asosi;
ichki tekshiruv materiallari, shu jumladan xizmat tekshiruvi materiallari;
odob-axloq komissiyasi majlislarining yigʻilish bayonnomalari;
korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining monitoring natijalari;
maxsus boʻlinma (ishchi guruh) tomonidan davlat tashkiloti faoliyati (vazifa va funksiyalari) yuzasidan oʻtkazilgan soʻrovnomalar, shu jumladan sotsiologik tadqiqotlar natijalari va boshqalar.
13. Tashqi axborot manbalari quyidagilardan iborat:
davlat tashkiloti faoliyati toʻgʻrisidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi murojaatlar (xabarlar) va statistik maʼlumotlar;
Agentlik yoki boshqa davlat tashkilotlari tomonidan davlat tashkiloti faoliyati (vazifa va funksiyalari) yuzasidan oʻtkazilgan soʻrovnomalar, shu jumladan sotsiologik tadqiqotlar natijalari;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan taqdim etilgan materiallar va boshqalar.
14. Maxsus boʻlinma (ishchi guruh) davlat tashkilotining faoliyatidagi (vazifa va funksiyalaridagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashda quyidagi holatlar tahlil qilinishi lozim:
davlat tashkilotining xodimi tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik;
davlat tashkiloti tomonidan faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun sunʼiy toʻsiqlarning mavjudligi;
oʻz vaqtida qaror qabul qilmaslik, asossiz tezkor tartibda qaror qabul qilish;
hujjatlar, elektron maʼlumotlar bazalariga bila turib yolgʻon maʼlumotlarning kiritilishi;
xizmat vakolatlarini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvi;
vakolatlarni amalga oshirishda mahalliychilik, homiylik, urugʻ-aymoqchilik kabi holatlarning mavjudligi.
15. Davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalaridagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi quyidagi oʻlchovlarda baholanadi:
past
oʻrta;
yuqori.
16. Maxsus boʻlinma (ishchi guruh) tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatar darajasiga baho berish mazkur Uslubiyotning 2-ilovasidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasini bartaraf etish choralari
17. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
normativ-huquqiy hujjatlar hamda ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
inson omilini qisqartirish va davlat tashkiloti faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) raqamlashtirish, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish;
davlat tashkiloti faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) tartibga solish choralarini koʻrish;
davlat tashkiloti xodimlari va jismoniy shaxslar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani maksimal darajada cheklash;
rasmiy veb-sayt va boshqa ommaviy axborot vositalarida davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish va tarqatish;
davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonini soddalashtirish, asossiz cheklovlarni, ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bekor qilish, byurokratik tartibga solish mexanizmlarini yoʻq qilish, taqdim etilgan hujjatlar soni va qaror qabul qilish muddatlarini qisqartirish;
davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirish, profilaktik suhbatlar oʻtkazish, ishonch telefonlari va aloqa kanallarida targʻibot ishlarini amalga oshirish;
xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha ichki hujjatlarga har kuni, oʻzaro va toʻliq rioya qilishlarini nazorat qilish.
Davlat tashkiloti korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa chora-tadbirlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha mazkur Uslubiyotning 16-bandida belgilangan choralardan kelib chiqib, qoldiq xavf-xatar darajasini baholash mazkur Uslubiyotning 2-ilovasidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi.
19. Davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasi (ishchi guruhi) tomonidan mazkur Uslubiyotning 3-ilovasiga muvofiq shaklda markaziy apparatning korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi loyihasi ishlab chiqiladi.
20. Davlat tashkilotining tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ushbu Uslubiyotning 3-ilovasiga muvofiq shaklda korrupsiyaviy xavf-xatarlar xarita loyihalari va mazkur Uslubiyotning 4-ilovasiga muvofiq shaklda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihalari ishlab chiqiladi.
Bunda, mazkur loyihalar davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasiga (ishchi guruhiga) umumlashtirish uchun taqdim qilinadi.
21. Davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasi (ishchi guruhi) tomonidan davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalaridagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari asosida davlat tashkilotining umumlashtirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqiladi va “E-anticor.uz” elektron platformasiga har yili 1-fevralga qadar kiritiladi.
22. Davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasi (ishchi guruhi) tomonidan “E-anticor.uz” elektron platformasida joylashtirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasiga asosan avtomatik ravishda quyidagi hujjatlar shakllantiriladi:
davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturi;
davlat tashkilotining korrupsiyaviy xavf-xatari yuqori boʻlgan lavozimlari roʻyxati.
5-bob. Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi
23. Agentlik tomonidan “E-anticor.uz” elektron platformasida joylashtirilgan davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xarita loyihalari asosida avtomatik ravishda korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri shakllantiriladi.
24. Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri loyihasi Agentlik tomonidan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun oʻn besh kundan kam boʻlmagan muddatga “Eanticor. uz” veb-saytiga joylashtiriladi.
25. Agentlik jamoatchilik muhokamasi natijalari boʻyicha umumlashtirilgan takliflarni muhokama yakunlangan kundan boshlab oʻn kun ichida “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali davlat tashkilotiga yuboradi.
26. Davlat tashkiloti markaziy apparatining maxsus boʻlinmasi (ishchi guruhi) Agentlik va jamoatchilik tomonidan berilgan takliflar asosida davlat tashkilotining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturi loyihalarini takomillashtiradi.
27. Davlat tashkilotining birinchi rahbari har yili 1-martga qadar korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturini “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali tasdiqlaydi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
28. Mazkur Uslubiyot talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga 1-ILOVA
Davlat tashkiloti faoliyatining (vazifa va funksiyalarining)
TAVSIFI
T/r Funksiya nomlanishi Funksiya doirasida bajariladigan jarayon Jarayonlarni amalga oshirish uchun javobgar shaxslar (uning F.I.O. hamda lavozimi) 1. Davlat tashkilotining nomi 1.1. Davlat tashkilotining tarkibiy boʻlinmasi 1.1.1.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga 2-ILOVA
Korrupsiyaviy xavf-xatar darajasiga baho berish boʻyicha
MEZONLAR
Korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi Mezonlar Yuqori* davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) avtomatlashtirilmagan davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) tartibga solinmagan nazoratsiz tartibda ish joyida jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa qilish imkoniyati mavjud davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiya) doirasida qarorni loyihasini tayyorlashda, koʻrib chiqishda va qabul qilishda bir shaxs ishtirok etishi davlat tashkilotining faoliyatini (vazifa va funksiyani) bajarishda korrupsiyaviy xatti-harakat sodir etilgan (jinoyat sodir etilganligi sud tomonidan tasdiqlangan) Oʻrta* davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) qisman avtomatlashtirilgan davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) qisman tartibga solingan nazorat tartibida ish joyida jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa qilish imkoniyati mavjud davlat tashkilotining faoliyatini (vazifa va funksiyani) doirasida qarorni loyihasini tayyorlashda, koʻrib chiqishda va qabul qilishda ikkita shaxs ishtirok etishi davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) bajarishda korrupsiyaviy xatti-harakat sodir etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud (jinoyat sodir etilganligi sud tomonidan tasdiqlanmagan) Past** davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) toʻliq avtomatlashtirilgan davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) toʻliq tartibga solingan jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa qilish imkoniyati mavjud emas davlat tashkilotining faoliyati (vazifa va funksiyasi) doirasida qarorni loyihasini tayyorlashda, koʻrib chiqishda va qabul qilishda uch va undan ortiq shaxs ishtirok etishi korrupsiyaviy xatti-harakat va korrupsiyaviy xatti-harakat sodir etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud emas
*Maxsus boʻlinma (ishchi guruh) tomonidan davlat tashkilotining faoliyatida (vazifa va funksiyasida) aniqlangan xavf-xatarning yuqori yoki oʻrta darajada deb baholash davlat tashkiloti rahbari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
**Davlat tashkilotining faoliyatida (vazifa va funksiyasida) aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatar darajasini baholashda, agarda past darajadagi mezonlarning biri mavjud boʻlsa, oʻsha korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi past darajada deb baholanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga 3-ILOVA
“TASDIQLAYMAN” Davlat tashkilotining rahbari __________________ F.I.O. “____” ______________ yil ______________________ning faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning XARITASI T/r Korrupsiyaviy xavf-xatarning tavsifi Korrupsiyaviy xavf-xatarning darajasi (past, oʻrta, yuqori) Funksiyalarni (jarayonlarni) amalga oshirishga masʼul boʻlgan lavozim Funksiyalarni (jarayonlarni) tartibga soluvchi mexanizm Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari Qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi (past, oʻrta, yuqori) Masʼul ijrochilar 1. Tarkibiy boʻlinmaning nomi* 1. 1. Davlat tashkiloti funksiyasi nomi 1. Funksiyaga oid munosabat nomi 1. Jarayon nomi 2. Jarayon nomi 2. Tarkibiy boʻlinmaning nomi* 2. 1. Davlat tashkiloti funksiyasi nomi 1. Funksiyaga oid munosabat nomi 1. Jarayon nomi 2. Jarayon nomi
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyotiga 4-ILOVA
Davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish
DASTURI
T/r Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish chora-tadbirlari Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddati Ijro uchun masʼullar
