“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (480-son)
31.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kino sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2021-yil 7-apreldagi PF-6202-son Farmoni hamda “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va oʻtkazish toʻgʻrisida” 2021-yil 19-iyundagi PQ-5151-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Kinemotagrafiya agentligining buyurtmasiga asosan “Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. “Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-avgust,
480-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 480-son qaroriga 1-ILOVA
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish, badiiy va gʻoyaviy jihatdan yetuk filmlar yaratish, milliy filmlarni mahalliy va xorijiy kinobozorlarda keng targʻib qilish, sohada zamonaviy va jahon tajribasiga asoslangan ishlab chiqarish va boshqaruv tizimlarini joriy etish ishlariga munosib hissa qoʻshgan fuqarolar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
4. Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflarni har yili 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etadi.
Nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarga nomzod haqida maʼlumotnoma va uning soʻnggi uch yil davomida kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma ilova qilinadi.
5. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish uchun Agentlik bosh direktori tomonidan 5 nafardan iborat tarkibda komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuziladi.
Komissiya tarkibi va Komissiya toʻgʻrisidagi nizom Agentlik bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
6. Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 20-dekabrga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
7. Komissiya xulosasi asosida Agentlik bosh direktorining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 25-dekabrga qadar chiqariladi.
8. Koʻkrak nishoni har yili 28-dekabr — Xalqaro kino kuni arafasida Agentlik bosh direktori (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi (“Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita qarori bilan boshqa muddatlar belgilanishi mumkin).
9. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va esdalik sovgʻalari beriladi.
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti va esdalik sovgʻalari Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligining Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
10. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Agentlikning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
11. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
12. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Agentlik ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
14. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlar Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Kinematografiya agentligiga taqdim etadi Har yili 1-dekabrga qadar 2-bosqich Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlar haqidagi tegishli hujjatlarni oʻrganib chiqadi va xulosa qabul qiladi Har yili 20-dekabrga qadar 3-bosqich Kinematografiya agentligi bosh direktori Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida Kinematografiya agentligining buyrugʻini chiqaradi Har yili 25-dekabrga qadar 4-bosqich Kinematografiya agentligi bosh direktori (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) “Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlaydi Har yili 28-dekabr — Xalqaro kino kuni arafasida
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 480-son qaroriga 2-ILOVA
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) diametri 34 millimetrli sakkiz burchak shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining old tomoni markazida quyosh fonida kinokamera tasvirlangan.
Kinokamera ostida yarim oy shaklida balandligi 3 millimetr boʻlgan “KINEMATOGRAFIYA FIDOKORI” soʻzlari yozilgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining oʻng va chap taraflarida ikkita sakkiz qirrali yulduz joylashgan boʻlib, ularning yuqori qismida “MILLIY KINEMATOGRAFIYA RIVOJIGA” hamda pastki qismida “QOʼSNGAN NISSASI UCNUN” soʻzlari aylana boʻlib yozilgan. Harflarning balandligi 2 millimetr.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,2 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qabariq sakkiz qirra bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan boʻlib, qadagʻichning pastki qismida tilla rangida dafna yaproqlari tasviri oʻrnatilgan. Qadagʻichning yuqori qismi uch qirrali qavariq yoysimon koʻrinishida tasvirlangan.
Qadagʻichning eni — 25 millimetr, boʻyi — 40 millimetr. Qadagʻichning chap tomoni 10 millimetrli koʻk va oʻng tomoni 10 millimetrli yashil rangdagi shoyi mato bilan qoplangan. Matoning oʻrtasida eni 2 millimetrli oq rangli yoʻl vertikal holatda oʻtgan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-avgustdagi 480-son qaroriga 3-ILOVA
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni guvohnomasi (keyingi oʻrinlarda — guvohnoma) 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) koʻk rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida boʻlgan toʻq koʻk rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 3,5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “KINEMATOGRAFIYA”, ikkinchi satrda “FIDOKORI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda “GUVONNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzi yozilgan.
Yozuvlar toʻq koʻk rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda, koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda, “GUVONNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi hamda guvohnomaning tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVONNOMA” soʻzidan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 6 millimetr quyida, markazda, oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Kinematografiya agentligining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20___ u. “___” __________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “KINEMATOGRAFIYA”, ikkinchi satrda “FIDOKORI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda “Bosh direktor” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
“Kinematografiya fidokori” koʻkrak nishoni
