Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida (SQ-595-IV-son)
05.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi SQ-430-IV-sonli Qarori bilan yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javoblar Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan tahlil qilindi. Shuningdek, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tashkil etgan holda tarmoq korxonalarida qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazildi.
Hukumat tomonidan xotin-qizlar uchun sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ish beruvchilar oʻrtasida mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan va ijroga qaratilgan.
Respublika boʻyicha mehnat va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchilar va xodimlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida 800 dan ortiq seminar va davra suhbatlari oʻtkazilgan.
Toʻqimachilik sohasida paxtani yetishtirishdai tayyor mahsulotgacha boʻlgan ishlab chiqarish korxonalarida mehnatni muhofaza qilishni tashkil etish va uni boshqarish tizimi boʻyicha namunaviy hujjatlar toʻplami ishlab chiqilgan hamda toʻqimachilik korxonalariga yetkazib berilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatiga munosib ish haqi toʻlash, mehnatni muhofaza qilish, mehnat munosabatlari bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirishga doir tavsiyalar” ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida 450 mingga yaqin xodim band boʻlib, ularning 70 foizdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etadi.
Toʻqimachilik sohasida ilgʻor xorijiy tajriba asosida yuqori talabga ega boʻlgan oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar tayyorlashni tashkil etish va bunga xalqaro tashkilotlarning texnik hamda moliyaviy koʻmagini jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Sohada ishchi-xodimlar, shu jumladan, xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini belgilashga xizmat qiladigan xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, yengil sanoat va charm sanoati tarmoqlaridagi 1 400 ga yaqin korxonalar faoliyatiga BCI (5 SE markirovkasi (3 ta), OCS (2 ta), GRS (1 ta), “Oeko tex standard 100”ta), Sedex (12 ta), GOTS (3 ta), (50 ta) hamda ISO 9001/14001/18001/45001/50001 (1100 tadan ortiq) kabi xalqaro standartlar joriy qilingan.
Parlament soʻrovida belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, unda koʻtarilgan masalalar yuzasidan aniq choralar belgilanmagan, sohada qator kamchilik va muammolar hanuzgacha oʻz yechimini topmagan.
Jumladan, yengil sanoat va charm sanoati korxonalari faoliyatini tashkil etish, mazkur korxonalarda ishchi-xodimlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha amalda 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjud boʻlsa-da, ularni bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda xatlovdan oʻtkazib, takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilmagan.
Soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish yoʻlga qoʻyilmagan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament soʻroviga berilgan javobda xotin-qizlarning mehnatiga oid Mehnat kodeksining ayrim normalariga rioya qilmaslik holatlari yuzasidan koʻrilgan choralarga izoh berilmagan.
Yengil sanoat korxonalarida ayollar mehnat qiladigan ish oʻrinlarining 47,9 foizida, charm sanoati korxonalaridagi ish oʻrinlarining 66,6 foizida oʻrtacha oylik ish haqi miqdori 1,5 mln soʻmgacha boʻlib, 3 mln soʻm atrofida oylik oladigan ishchi-xodimlar soni oʻrganilgan tashkilotlarda 2,6 foizni tashkil etmoqda.
Yengil sanoat korxonalarida band boʻlgan ishchi-xodimlarning oʻrtacha oylik maoshlari iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan 3-4 barobar kam ekanligi maʼlum boʻldi.
Yengil sanoat hamda charm sanoati korxonalarida tanlov asosida oʻtkazilgan oʻrganishlarda kadrlar qoʻnimsizligi holati yuqoriligicha qolayotganligi kuzatilgan. Xususan, joriy yilning 6 oyi davomida ishga qabul qilingan xotin-qizlarning 60 foizi bilan imzolangan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Tarmoq korxonalarida oylik ish haqining kamligi tufayli kadrlar qoʻnimsizligi oʻrtacha 20 — 25 foizni tashkil qilmoqda, bahor va yoz oylarida xodimlarning qishloq hoʻjaligidagi kunlik ishlarga chiqib ketayotganligi oqibatida ushbu koʻrsatkichlar yuqoriligicha qolmoqda.
Aksariyat korxonalarda malakali ishchilarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish tizimi ham yoʻlga qoʻyilmagan.
Faoliyati oʻrganilgan ayrim korxonalarda Mehnat kodeksi bilan belgilangan “Ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslarga beriladigan qoʻshimcha kafolatlar” tatbiq etilmayapti.
Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida ish beruvchilar tomonidan ish oʻrinlarida mehnat sharoitlarini baholash, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini aniqlash borasida ishlar amalga oshirilmagan. Har bir korxonada ishlarni xavfsiz bajarish va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida yoʻriqnomalar ishlab chiqilmagan.
Charm sanoati korxonalarining 50 foizida, yengil sanoat korxonalarining 25 foizida mehnatni muhofaza qilish qoidalarini targʻib qiluvchi koʻrgazmali vositalar oʻrnatilmagan.
Korxonalar rahbarlari va xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha oʻquvdan oʻtishi, malaka oshirishi va bilimlarini tekshirish ishlari qoniqarsiz darajada qolmoqda.
Tanlov asosida oʻrganilgan 14 ta yengil sanoat korxonasida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xodimlarning bilimlari sinovdan oʻtkazilmagan (65 foizi).
Faoliyati oʻrganilgan 13 ta charm sanoati korxonasida ishlayotgan rahbar va mutaxassislar soni 234 nafarni tashkil qilib, ulardan bor-yoʻgʻi 1 ta korxonada 2 nafarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha malakasi oshirilgan, xolos. Yengil sanoat tarmogʻidagi korxonalarning 30 foizida birorta ham rahbar va mutaxassisning malakasi oshirilmagan.
Oʻrganilgan yengil sanoat va charm sanoati korxonalarining 63 foizida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha lavozim joriy etilmagan yoki korxona rahbarlarining biriga ushbu vazifalar yuklatilmagan.
Shuningdek, korxonalarning 25,9 foizida ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi jamoa shartnomasi tuzilmagan.
Yengil sanoat korxonalarining 70 foizida va charm sanoati korxonalarining 85 foizida xodimlarning ijtimoiy himoyasi bilan shugʻullanadigan kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilmagan.
Yengil sanoat korxonalari 8 va 10 xavflilik sinflariga, charm sanoati korxonalari 5, 6, 8, 10 va 13 xavflilik sinflariga mosligi aniqlangan boʻlsa-da, mehnat sharoitlarining normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini taʼminlashda ish beruvchilarning manfaatdorligini oshirish va mavjud ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish ishlari talab darajasida emas.
Respublika boʻyicha jami toʻqimachilik mahsulotlari, kiyim hamda teri va unga tegishli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi 11 109 ta korxona mavjud boʻlib, shundan “Oʻztoʻqimachiliksanoati” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalariga aʼzo boʻlgan 2 446 ta korxonadan faqat 105 tasida (4 foiz) ish oʻrinlari mehnat sharoitlari, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligi, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan, xolos.
Ayrim korxonalarda zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari taʼsirida ishlayotgan xotin-qizlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyoz va kafolatlar yetarli darajada tatbiq etilmagan.
Oʻrganilgan 27 korxonaning atigi 1 tasida mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlarida attestatsiya oʻtkazilgan. Charm sanoati korxonalarida xodimlarga noqulay mehnat sharoitlarida ishlagani uchun kafolatlar va imtiyozlar umuman belgilanmagan.
Mazkur tarmoqlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, texnologik jarayonlarning xususiyatini inobatga olib, ish oʻrinlarida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni boshqarish tizimini joriy qilish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan.
Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida yildan-yilga baxtsiz hodisalar soni oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Xususan, 2017-yilda 33 ta, 2018-yilda 50 ta, 2019-yilda 51 ta, 2020-yilda 105 ta, 2021-yilda 98 ta va 2022-yilning 6 oy davomida 17 ta baxtsiz hodisa sodir boʻlgan.
Mazkur baxtsiz hodisalarda jami 354 nafar xodim jarohat olgan, 41 nafar xodim vafot etgan.
Parlament soʻrovida yengil sanoat va charm sanoati korxonalari boʻyicha xavf-xatarlilik toifalari koʻrsatkich va tavsiflarini qayta koʻrib chiqish topshirigʻi belgilangan boʻlsa-da, mazkur sohada tegishli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilmagan.
Shuningdek, parlament soʻrovidagi xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish ishlarini doimiy monitoring qilib borishning onlayn tizimini yaratish boʻyicha topshiriq ijrosi taʼminlanmagan.
Yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish sohasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha samarali choralar koʻrilmagan.
Xususan, “Oʻztoʻqimachiliksanoati” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalariga aʼzo, tanlov asosida oʻrganilgan 27 ta toʻqimachilik va charm sanoati korxonasidan faqatgina 5 tasida (18 foiz) ish beruvchining fuqarolik javobgarligi boʻyicha majburiy sugʻurta polislari mavjud.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oliy Majlis Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi SQ-430-IV-sonli Qarori bilan yuborilgan parlament soʻrovida qoʻyilgan masalalar, belgilangan vazifalarning ijrosi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan tizimli nazoratga olinmaganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddatda parlament soʻrovida hamda mazkur Qarorda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishga oid qayd etilgan holatlarni chuqur tahlil qilib, xalqaro mehnat standartlaridan kelib chiqqan holda tarmoq korxonalarida xodimlar, xususan, xotin-qizlar uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilasin;
yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida mehnat qilayotgan xodimlar, xususan, xotin-qizlarning mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish, zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyasini taʼminlash va ragʻbatlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish choralarini koʻrsin;
joriy yilning sentyabr oyidan boshlab vakolatli davlat organlarining yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida mehnat, mehnatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligi hamda natijadorligini tanqidiy tahlil qilishni, majlislarda mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini eshitishni yoʻlga qoʻysin;
2022-yil 10-noyabrga qadar parlament soʻrovida aks ettirilgan barcha masalalarni chuqur oʻrganib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin va natijalari yuzasidan Senatga axborot kiritsin.
3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
bir oy muddatda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Oʻzcharmsanoat” va “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmalari bilan birgalikda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda tegishli mahsulotlarni ishlab chiqarish va qayta ishlashda mehnatni muhofaza qilish hamda texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazsin;
xatlov natijalariga koʻra xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish, mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Hukumatga kiritsin. Bunda:
korxonalarda mehnatni muhofaza qilish tizimini boshqarish toʻgʻrisida nizomni ishlab chiqish;
korxonalarda mehnat qilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat sharoitlariga minimal talablarni belgilash;
korxonalardagi ish oʻrinlarida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibini belgilash hamda xavf-xatarlarning tasnifi ishlab chiqish nazarda tutilsin.
4. “Oʻzcharmsanoat” va “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmalari:
Uyushmaga aʼzo korxonalarning ish beruvchilari ishtirokida parlament soʻrovida hamda mazkur Qarorda qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil qilsin hamda ularni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatib borsin;
korxonalarda xodimlar, xususan, xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilishi, ish beruvchilar hamda ularning vakillarini mehnat va mehnat muhofazasiga oid qonunchilik boʻyicha malakalarini oshirish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari taʼsirida mehnat qilayotgan xodimlarning imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi kasblar roʻyxatini qayta qoʻrib chiqsin va takliflarni Hukumatga kiritsin.
5. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga:
tarmoq korxonalarida mehnat qilayotgan xodimlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish maqsadida ularni kasaba uyushmalari aʼzoligiga jalb qilish hamda jamoa shartnomalari tuzilishiga koʻmaklashish;
yengil sanoat va charm sanoati tarmoqlari korxonalarida mehnatni muhofaza qilish holatini oʻrganib borish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha majburiyatlari bajarilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xodimlarning mehnat va mehnat muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlari boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini tashkil etish tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qaror ijrosi boʻyicha Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M. Kadirxanova 2022-yil 20-noyabrga qadar Senat Kengashiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
SQ-595-IV-son
