Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (469-son)
22.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 17-martdagi PF-89-son Farmoniga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab:
mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda Mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida (keyingi oʻrinlarda — Yagona baza) saqlanishi;
Yagona bazani yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan muvofiqlashtirilishi;
obyektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtirilishi;
mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan obyektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga kiritilgandan soʻng uning saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Yagona bazani yuritish, mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) toʻgʻrisidagi maʼlumotni unga kiritish;
mualliflik huquqi obyektlari boʻlgan asarlarning elektron nusxalarini Yagona bazaga kiritish, tegishli maʼlumotlarga tuzatishlar kiritish va yangilash;
Yagona bazaga mualliflik huquqi obyektlari ularni saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtirilishini muvofiqlashtirish;
mualliflik huquqi obyektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan tegishli obyektlar saqlashga qabul qilinganligi toʻgʻrisida huquq egalariga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish, aholi va ijrochilarning intellektual mulk sohasidagi bilim va koʻnikmalarini doimiy ravishda oshirib borish, ushbu sohani rivojlantirishda xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning nufuzli ekspertlarini keng jalb qilish boʻyicha tizimli choralar koʻrib borsin.
4. Ushbu qaror 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-avgust,
469-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 469-son qaroriga ILOVA
Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga qabul qiluvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — depozitariylar) tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida (keyingi oʻrinlarda — Yagona baza) saqlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari notariuslar tomonidan mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash uchun tegishli maʼlumotlarni qabul qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Yagona bazani yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Operator) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Operator Yagona bazaning ishlashini, texnik kuzatuvini, axborot xavfsizligi va muntazam yangilanishini, joylashtirilgan maʼlumotlarning ochiqligini, shuningdek, mazkur bazaga ruxsat berilmagan tarzda kirishdan himoyani taʼminlaydi.
Operator tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonlari depozitariylarning Yagona bazadan foydalanishiga uslubiy koʻmaklashish orqali muvofiqlashtiriladi.
4. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mualliflik huquqi obyekti — ijodiy faoliyat natijasi boʻlgan obyektiv shaklga ega boʻlgan fan, adabiyot va sanʼat asarlari;
mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxasi — belgilangan tartibda Yagona bazaga kiritilgan fan, adabiyot va sanʼat asarlarining elektron nusxasi.
5. Depozitariylar tomonidan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq saqlashga qabul qilingan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda Yagona bazada saqlanadi.
Mualliflik huquqi obyektining depozitariyga saqlash uchun topshirilishi mualliflik huquqi obyektining elektron nusxasi Yagona bazaga kiritilishi uchun asos hisoblanadi.
6. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada saqlash mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada saqlash
7. Yagona bazada quyidagi mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari saqlanadi:
adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, oʻquv, publitsistik va boshqa asarlar);
drama va ssenariy asarlari;
matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;
musiqali drama asarlari;
xoreografiya asarlari va pantomimalar;
audiovizual asarlar;
rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy sanʼatning boshqa asarlari;
manzarali-amaliy va sahna bezagi sanʼati asarlari;
arxitektura, shaharsozlik va bogʻ-park barpo etish sanʼati asarlari;
fotografiya asarlari va fotografiyaga oʻxshash usullarda yaratilgan asarlar;
geografiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, geografiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
barcha turdagi elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar, shu jumladan, har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda, chunonchi, boshlangʻich matn hamda obyekt kodida ifodalanishi mumkin boʻlgan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan boshqa asarlar.
8. Mualliflik huquqi obyektining elektron nazorat nusxalari Yagona bazada muddatsiz saqlanadi.
9. Yagona bazada:
mualliflik huquqi obyektini saqlovga qabul qilgan depozitariy;
mualliflik huquqi obyektini saqlash uchun topshirgan huquq egasi;
asar muallifi;
mualliflik huquqi obyektining turi, nomi, yaratilgan sanasi;
saqlashga qabul qilingan mualliflik huquqi obyektining birinchi marta chop etilgan sanasi (agar u chop etilgan boʻlsa);
asardan foydalanish shartlari;
mualliflik huquqi obyektining Yagona bazada roʻyxatga olingan sanasi va raqami haqidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
Mualliflik huquqi obyektlarining Yagona bazaga kiritilganligi haqidagi maʼlumotlar tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
10. Yagona bazada roʻyxatga olingan mualliflik huquqi obyektlari haqidagi maʼlumotlarga tuzatishlar kiritilishi va mualliflik huquqi obyekti saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjatning bekor qilinishi depozitariylar tomonidan mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda Yagona bazada aks ettiriladi.
3-bob. Depozitariylarning Yagona bazadan roʻyxatdan oʻtishi
11. Depozitariylar Yagona bazadan foydalanish uchun avval Yagona bazadan roʻyxatdan oʻtadi.
Roʻyxatdan oʻtish uchun depozitariy tomonidan Yagona bazaga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa) va telefon raqami kiritiladi.
Yagona bazaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng depozitariy ularni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
12. Depozitariylarning Yagona bazadan foydalanishini tugatish ularning Yagona bazaga yoʻllagan xabarnomasiga koʻra, sudning qaroriga asosan yoki yuridik shaxs sifatida tugatilganda amalga oshiriladi.
4-bob. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga joylashtirish
13. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga depozitariylar tomonidan joylashtiriladi.
14. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish uchun depozitariy quyidagi materiallar va maʼlumotlarni biriktiradi:
saqlashga qabul qilinayotgan mualliflik huquqi obyektining muallifi va saqlash uchun topshirgan huquq egasini identifikatsiyalovchi maʼlumotlar (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) hamda yuridik shaxslar uchun — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR));
saqlashga qabul qilinayotgan mualliflik huquqi obyektining turi;
saqlashga qabul qilinayotgan mualliflik huquqi obyektining nomi;
saqlashga qabul qilinayotgan mualliflik huquqi obyektining yaratilgan sanasi;
saqlashga qabul qilinayotgan mualliflik huquqi obyektining birinchi marta chop etilgan sanasi (agar u chop etilgan boʻlsa, koʻrsatilishi lozim);
asardan foydalanish shartlari;
mualliflik huquqi obyektining elektron nusxasi (foto, video va boshqalar).
Yagona bazaga mualliflik huquqi obyekti va zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng depozitariy uni elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
15. Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga joylashtirish uchun depozitariylar tomonidan Operatorning hisobvaragʻiga toʻlov amalga oshiriladi.
Toʻlov miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanib, Yagona bazada mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini joylashtirishda texnik resurslardan foydalanilishi bilan bogʻliq Operatorning xarajatlaridan oshmasligi kerak.
16. Yagona bazaga maʼlumotlar kiritilgach tegishli mualliflik huquqi obyekti avtomatik tarzda Yagona bazada saqlashga qabul qilinadi va bu toʻgʻrisida depozitariyga shu vaqtning oʻzida bildirishnoma yuboriladi.
Bildirishnomada saqlashga qabul qilingan mualliflik huquqi obyektining turi, nomi, muallifi va saqlash uchun topshirgan huquq egasi, asar yaratilgan vaqt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda obyektning Yagona bazada roʻyxatga olingan sanasi va raqami koʻrsatiladi.
17. Depozitariylar tomonidan bildirishnoma olingandan soʻng asarni saqlash uchun topshirgan huquq egasiga mualliflik huquqi obyekti saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim qilinadi.
Mazkur hujjat bildirishnomada koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida shakllantiriladi.
18. Yagona bazani yuritish, texnik taʼminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan toʻlovlar Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Depozitariylar tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritmagan yoki mazkur Nizom 16-bandining ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan maʼlumotlarni aks ettirmagan holda asarni saqlash uchun topshirgan huquq egasi nomiga rasmiylashtirilgan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
20. Yagona bazaga kiritilgan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxasidan depozitariy va saqlash uchun topshirgan huquq egasi oʻrtasida tuzilgan shartnoma hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24 — 33-moddalarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
21. Operatorning Yagona bazani yuritish va texnik taʼminlash boʻyicha xatti-harakati (harakatsizligi) ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddatlari1-bosqichMualliflik huquqi obyektlarini hisobga olish va saqlash boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxs — DepozitariyYagona bazadan foydalanish uchun Yagona bazadan roʻyxatdan oʻtish: yagona bazaga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), elektron pochta manzili va telefon raqami kiritish;yagona bazaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng ularni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash.Avtomatik tarzda2-bosqichDepozitariyMualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga joylashtirishRoʻyxatdan oʻtganidan soʻng3-bosqichDepozitariyMualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga joylashtirganlik uchun toʻlovni amalga oshirishElektron nazorat nusxani Yagona bazaga joylashtirgandan soʻng4-bosqichIntellektual mulk markazi davlat muassasasi — OperatorYagona bazaga kiritilgan mualliflik huquqi obyektlarini saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborishAvtomatik tarzda5-bosqichDepozitariyAsarni saqlash uchun topshirgan huquq egasiga mualliflik huquqi obyekti saqlovga qabul qilinganligi toʻgʻrisida hujjat taqdim qilishBildirishnoma olinganidan soʻng
