Buxoro viloyati hokimining turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar boʻyicha hisoboti toʻgʻrisida (SQ-598-IV-son)
05.08.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Buxoro viloyati hokimining hisobotini eshitib, turizm sohasini yanada rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5781-sonli Farmoni hamda 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-sonli qaroriga asosan “Buxoro” xalqaro aeroportida beshinchi havo erkinligini nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan.
Shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 184-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “2022 — 2026-yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Soʻnggi ikki yil davomida Buxoro viloyatiga jami 2 mln 501 ming nafar turist (shundan qariyb 62 ming nafari xorijlik), 2022-yilning I choragida esa 763,5 ming nafar turist (65 ming nafardan ortiq chet ellik) tashrif buyurgan.
Pandemiyadan keyin viloyatga tashrif buyuruvchi turistlar sonining keskin ortishi kuzatilgan. Mahalliy sayyohlar soni 2020-yilga nisbatan 9,3 barobarga, xorijiy sayyohlar soni esa 3,6 barobarga oshgan.
2021-yildan buyon 28 ta yangi mehmonxona, 29 ta xostel, 45 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, joylashtirish vositalari soni 431 taga, ulardagi oʻrinlar soni esa qariyb 11 mingtaga yetkazilgan.
2021-yil va 2022-yilning I choragida jami 2 trln 330 mlrd soʻmlik turizm xizmatlari (mehmonxona, ovqatlanish, madaniy koʻngilochar, savdo kabi xizmatlar) koʻrsatilgan.
Viloyatda 829 ta moddiy madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan, 2021-yilda 7 ta madaniy meros obyekti Islom olamining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkilotining (AYSESKO) Islom Olami Merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Joriy yilning I choragi yakunida viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni 31,5 mingtani tashkil etib, ularning 20,4 mingtasi (64,8 foizi) xizmatlar sohasiga toʻgʻri kelgan. Xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2021-yil yakuniga koʻra 29,7 foizni (11 trln soʻm) tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil I choragida 41,5 foizga (2,9 trln soʻm) yetgan.
Xizmat koʻrsatish sohasida 330 mingdan ortiq fuqarolar bandligi taʼminlangan boʻlib, ushbu koʻrsatkich jami band aholining 42,5 foizini tashkil etadi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolgan.
Xususan, “Buxoro” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimidan toʻliq foydalanilmagan, yangi avia yoʻnalishlarni ochish boʻyicha ishlar yetarli darajada olib borilmagan. Jumladan, “Buxoro” xalqaro aeroportidan qatnovchi xalqaro avia yoʻnalishlar soni 10 tani tashkil etsa-da, shundan 9 tasi Rossiya Federatsiyasi hisobiga toʻgʻri keladi.
Turoperatorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Buxoro shahriga Dubay (BAA), Jakarta (Indoneziya), Kuala-Lumpur (Malayziya), Lahor (Pokiston), Dushanbe (Tojikiston) shaharlaridan toʻgʻridan toʻgʻri doimiy va charter reyslarga talab yuqori boʻlsa-da, mazkur yoʻnalishlarda aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilmagan.
Shuningdek, Buxoro shahrida turistlar tashrifini koʻpaytirish maqsadida Buxoro aeroportida joriy qilingan “Ochiq osmon” rejimidan foydalanish uchun xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga eʼtibor qaratilmagan.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan aksariyat mehmonxonalarda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmagan. Jumladan, qonunchilikda belgilangan talablar asosida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratilmagan (kamida bitta xonani oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanmagan, eshitish va koʻrish boʻyicha eʼlonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilmagan).
Hukumatning 2020-yil 10-iyuldagi 433-son qaroriga muvofiq yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi”, “Turizm ovuli” maqomini berish boʻyicha ishlar yetarli darajada olib borilmagan. Jumladan, shu kunga qadar Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlogʻi hamda Gʻijduvon tumanidagi “Qoʻrgʻon” mahallasida bu borada ishlar boshlangan boʻlsa-da, yakuniga yetkazilmagan.
Bundan tashqari, Hukumatning 2020-yil 23-maydagi 325-sonli qarori muvofiq 2020-yil 1-avgustgacha “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasida chiptalarni sotib olish, chiqarish, qaytarish, almashtirish, bronlashtirish, tiklash, bekor qilish boʻyicha “Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi” orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ammo yagona elektron tizimga ulash ishlari yakunlanmagan.
Viloyatda turizm salohiyatidan, jumladan, mavjud madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha ishlar yetarli darajada olib borilmagan. Jumladan, viloyatdagi 829 ta madaniy meros obyektidan 139 tasi (17 foiz) turistik marshrutga kiritilgan, xolos. Shu sababli madaniy meros obyektlarini turizm marshrutiga kiritish masalasiga alohida ahamiyat qaratish talab etiladi.
Turistik marshrutlardagi ayrim avtomobil yoʻllari taʼmirtalab ahvolda qolgan. Xoʻja Mahmud Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohiga borish (M-37 “Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi” avtomobil yoʻlining 235-240 km.lari oraligʻi), Konimex tumanidan Abduholiq Gʻijduvoniy ziyoratgohiga va “Yangi Oʻzbekiston” massiviga borish (4R48 “Zarafshon trakti” avtomobil yoʻlining 255-270 km.lari oraligʻi) yoʻllari shular jumlasidandir.
Viloyatning turistik salohiyatini oshirishda xorijiy davlatlardagi elchixonalarga yuklatilgan vazifalar ijrosi ham talab darajasida emas. Xususan, Isroil, Eron, Belgiyadagi elchixonalar tomonidan Buxoro viloyatida oʻzlari ilgari surgan turizm sohasida birorta ham investitsiya loyihasini amalga oshirmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4539-sonli qaroriga muvofiq Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasiga Gʻijduvon tumani biriktirilgan boʻlib, shu kunga qadar hunarmandchilik yoʻnalishi boʻyicha xorijiy davlatlarda targʻibot va tashviqot ishlari amalga oshirilmagan, donorlik yordami va grant mablagʻlari jalb etilmagan.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan Buxoro viloyatiga joriy yilning I yarim yilligida 85 mlrd soʻm mablagʻ ajratish belgilangan boʻlib, ushbu mablagʻlar hisobidan Buxoro viloyatida 82 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha takliflar shakllantirilgan.
Ammo bugungi kunga qadar mazkur topshiriq ijrosi uchun Buxoro viloyatiga masʼul etib biriktirilgan ATB “Mikrokreditbank”ning talabnomasi asosida “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan rejadagi 85 mlrd soʻm oʻrniga 10 mlrd soʻm resurs ajratib berilgan.
ATB “Mikrokreditbank” tomonidan ushbu mablagʻlarning bor-yoʻgʻi 3,5 mlrd soʻmi xizmatlar sohasidagi 10 ta loyihani moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilgan, qolgan loyihalar shu kunga qadar moliyalashtirilmagan.
Buxoro viloyatining Kogon va Romitan tumanlaridagi turizmga ixtisoslashtirish belgilangan hududlarda tegishli loyihalarni amalga oshirish uchun 40 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan, biroq shu kunga qadar shakllantirilgan loyihalar istiqbolsiz deb topilganligi sababli ushbu mablagʻ ajratilmagan.
Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq viloyatga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va qulayliklar yaratish maqsadida namunaviy loyihalar asosida koʻchma sanitariya-gigiyena shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan.
“Buxoro tarixiy markazi” va uning bufer zonasida joylashgan madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish boʻyicha loyihalarni YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishish jarayonlari 6 — 8 oygacha choʻzilib ketmoqda. Natijada bu obyektlardagi restavratsiya ishlarining sifatiga salbiy taʼsir qilmoqda.
Qayd etish joizki, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisida konvensiyaga asosan “Buxoro tarixiy markazi” va uning bufer zonasining (jami 555 gektar) tarixiy-madaniy koʻrinishini YUNESKO talablari asosida asl holatda saqlash muhim masala hisoblanadi.
Biroq “Buxoro tarixiy markazi”ning bufer zonasida joylashgan Milliy roʻyxatiga kiritilgan uy-joylarning ayrimlari avariya holatiga kelib qolgan.
Oʻrganish natijalari xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining sessiyasida muhokama etilib, aniqlangan muammoli masalalar hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.
Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 102-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Buxoro viloyati hokimi B. Zaripovning turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan viloyatda olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi T. Madumarovning Buxoro viloyatidagi oʻrganish yakunlari yuzasidan axboroti (ilova qilinadi) maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Buxoro viloyatida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish borasidagi ishlarni oʻrganish yakunlari muhokamasiga bagʻishlangan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi oʻtkazilganligi hamda tegishli qaror qabul qilinganligi inobatga olinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
“Buxoro” xalqaro aeroportiga chet el davlatlar bilan avia qatnovlar xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilgan holda yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;
“Buxoro tarixiy markazi” va uning bufer zonasining tarixiy-madaniy koʻrinishini YUNESKO talablari asosida asl holatda saqlash maqsadida ushbu hududda yashovchi kam taʼminlangan aholining avariya holatidagi xususiy uy-joylarini namunaviy loyihalar asosida taʼmirlash uchun subsidiyalar ajratish masalasini oʻrganib chiqsin;
2023-2024-yillar uchun tasdiqlanadigan manzilli dasturlarga Buxoro viloyatining turistik salohiyati yuqori boʻlgan hududlarida yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar kiritilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
ushbu Qaror bilan yuklatilgan vazifalar vazirlik va idoralar tomonidan ijro etilishini nazorat qilib borsin, kiritilgan takliflar oʻrganib chiqilishini hamda tegishli choralar koʻrilishini taʼminlasin;
mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan axborotni 2022-yil 15-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etsin.
4. Buxoro viloyati hokimligi (B. Zaripov):
ikki oy muddatda Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlogʻida va Gʻijduvon tumanidagi “Qoʻrgʻon” mahallasida turizm qishlogʻi va turizm mahallasini tashkil etish ishlarini yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda “Buxoro” xalqaro aeroporti va temir yoʻl vokzalidan “Buxoro tarixiy markazi”gacha boʻlgan yoʻllarda obodonlashtirish ishlari olib borilishini, Kogon temir yoʻl vokzalidan Buxoro shahrigacha yoʻlda zamonaviy tungi yoritish vositalari oʻrnatilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda viloyatga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va qulayliklar yaratish maqsadida namunaviy loyihalar asosida koʻchma sanitariya-gigiyena shoxobchalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 2022-yilning 1-noyabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tahliliy axborot taqdim etsin.
5. Turizm va madaniy meros vazirligi (A. Abduxakimov):
bir oy muddatda Buxoro viloyati hokimligi (B.Zaripov) bilan birgalikda mavjud joylashtirish vositalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning yashashi va ularga xizmat koʻrsatilishi boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrgansin hamda oʻrganish natijalariga koʻra mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni koʻrsin;
eng yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlarida “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi”, “Turizm ovuli” faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha alohida manzilli choralarni belgilasin hamda amalga oshirsin;
ikki oy muddatda Buxoro viloyatidagi turizm namoyishi va madaniy meros obyektlarini oʻrgangan holda, salohiyati yuqori boʻlgan obyektlarning turistik marshrutlarga kiritilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda madaniy meros obyektlari, muzey va boshqa namoyish obyektlarida kirish biletlarining oldindan sotib olishni nazarda tutuvchi yagona markazlashgan elektron tizimiga Buxoro viloyatidagi salohiyatli madaniy meros obyektlarini integratsiya qilish choralarini koʻrsin;
uch oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish loyihalarini kelishish va xulosalar olish jarayonini tezlashtirish maqsadida Buxoro shahrida YUNESKOning Umumjahon merosi markazi va uning maslahat Kengashi hisoblangan Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) vakolatxonasini ochish masalasini oʻrganib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
doimiy ravishda madaniy meros obyektlari, xususan, “Buxoro tarixiy markazi”ning bufer zonasida joylashgan xususiy uy-joylarda oʻzboshimchalik bilan tarixiy qimmatligiga shikast yetkazuvchi qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy nazorat ishlarini amalga oshirsin;
ikki hafta muddatda Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish boʻyicha loyihalarni shakllantirsin hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etsin.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A. Voitov), tijorat banklari Buxoro viloyatidagi zamonaviy suzish havzalarini barpo etish boʻyicha Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan taqdim etilgan loyihalarni oʻrganib chiqib, istiqbolli loyihalar uchun mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
7. Transport vazirligi (I. Maxkamov) turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida bir oy muddatda:
“Buxoro” xalqaro aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan toʻlaqonli foydalanish maqsadida xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilgan holda Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Tojikiston kabi davlatlardan toʻgʻridan toʻgʻri doimiy va charter aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar tayyorlasin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Urganch, Samarqand, Toshkent shaharlaridan Buxoro shahriga avtobuslar qatnovi sonini oshirish boʻyicha tegishli choralarni amalga oshirsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi (V. Norov) ikki oy muddatda:
Oʻzbekistonning Isroil, Eron, Belgiya davlatlaridagi elchixonalari bilan birgalikda Buxoro viloyatining tashqi iqtisodiy hamda turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini jalb etish boʻyicha aniq choralarni belgilasin hamda amalga oshirilishini taʼminlasin;
hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotish uchun koʻmaklashish maqsadida Buxoro viloyatiga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari (XXR, Isroil, Indoneziya) faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan holda, hunarmandchilik salohiyati boʻyicha xorijiy davlatlarda keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, shuningdek, ushbu sohani qoʻllab-quvvatlash maqsadida donorlik yordami va grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha aniq choralar koʻrsin.
9. “Oʻzmilliybank” (A. Mirsoatov), tijorat banklari Buxoro viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun belgilangan kredit mablagʻining ajratib berilishini taʼminlasin.
10. Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga viloyatda oʻrganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” ijrosini har chorak yakunida tahliliy va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida belgilangan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari ushbu Qarorda belgilangan vazifalarning tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ijro etilishini nazorat qilib borsin.
13. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
SQ-598-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 5-avgustdagi SQ-598-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Buxoro viloyatida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni kompleks oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
AXBOROT
2022-yilning 15 — 19-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida turizm hamda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Viloyatda turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish borasida muayyan ishlar olib borilgan. Jumladan:
Turizm sohasini rivojlantirish borasida
Viloyatda 2021-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 38,7 trln soʻmni, aholi jon boshiga nisbatan 19,7 mln soʻmni, 2022-yilning I choragida esa yalpi hududiy mahsulot hajmi 7 trln soʻmni, aholi jon boshiga nisbatan 3,5 mln soʻmni tashkil etgan.
Viloyatda turizm sohasi yildan yilga rivojlanib, koʻlami kengayib bormoqda. 2021-yil va 2022-yilning I choragida viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlardan budjetga joylashtirish vositalari xizmatidan 615 mlrd soʻm (26,3%), ovqatlanish xizmatlaridan 272 mlrd soʻm (11,6%), madaniy koʻngilochar xizmatlardan 55 mlrd soʻm (2,3%), savdo va maishiy xizmat koʻrsatishdan 460 mlrd soʻm (19,7%), boshqa xizmatlardan (hunarmand, transport, gid kabi) 928 mlrd soʻm (39,8%) — jami 2 trln 330 mlrd soʻm mablagʻ tushgan.
Mamlakatimizning “ochiqlik siyosati”ni amalga oshirish natijasida xorijiy davlatlar fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish boʻyicha davlatlar soni 10 barobarga ortib, 90 taga yetkazildi. Buning natijasida 2021-yil davomida viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 mln 265 ming 389 nafarni (shundan, mahalliy sayyohlar 2 mln 216 ming 465 nafar, xorijiy sayyohlar 48 ming 924 nafar) tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning I choragida jami 763,5 ming nafar (shundan, 698,2 ming nafar mahalliy, 65,3 ming nafar xorijiy) sayyoh tashrif buyurgan.
Viloyatda 2021-yilda sayyohlarning tashrifi hisobiga joylashtirish vositalarining nomerlar fondining bandlik koeffitsiyenti 32,6 foizni tashkil yetgan boʻlsa, 2022-yilning I choragi mobaynida ushbu koʻrsatkich 78,2 foizga yetkazilgan.
Xorijiy sayyohlarning 68 foizi (8 132 nafar) MDH davlatlaridan, 16,7 foizi (1 992 nafar) Osiyo qitʼasidan, 12 foizi (1 400 nafar) Yevropa davlatlaridan, 3 foizi (379 nafar) Amerika qitʼasidan, 0,3 foizi (31 nafar) boshqa davlatlardan tashrif buyurgan.
Pandemiyadan soʻng turistlar sonining ortishi kuzatilgan, xususan, mahalliy sayyohlar soni 2020-yilga nisbatan 9,3 barobarga, xorijiy sayyohlar soni esa 3,6 barobarga oshishi kuzatilgan.
Viloyatda 2021-yildan bugungi kunga qadar 28 ta yangi mehmonxona (xonalar soni 593 ta, oʻrinlar soni 1 273 ta), 29 ta xostel (xonalar soni 251 ta, oʻrinlar soni 872 ta), 45 ta oilaviy mehmon uyi (xonalar soni 189 ta, oʻrinlar soni 445 ta) faoliyati yoʻlga qoʻyilib, jami joylashtirish vositalari soni 431 taga, oʻrinlar soni esa 10 ming 862 taga yetkazilgan.
Sayyohlar uchun xizmat koʻrsatuvchi 2 ta yangi turistik tashkilot faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida bugungi kunda ularning umumiy soni 121 tani tashkil etmoqda. Turistik obyektlarda internet tarmogʻiga ulanish uchun Wi-Fi nuqtalari tashkil etilib, ularning umumiy soni 470 taga yetkazilgan.
Shuningdek, turizm infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yoʻlovchi sayyohlarning koʻzlangan manzil boʻylab toʻgʻri harakatlanishini taʼminlash boʻyicha jami 136 ta turistik yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatilgan.
2021-yil davomida turistlar tashrif buyuradigan obyektlar, barcha turdagi avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari, yoʻl boʻylari va aholi gavjum joylarda jami 79 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi qurilgan, mavjud 22 tasi taʼmirlangan.
Xorijiy aviakompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “Buxoro” xalqaro aeroportiga mahalliy va toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlardan tashqari Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston hamda Yevropaning bir qator mamlakatlardan jami 871 ta charter reyslari amalga oshirilgan.
2022-yilning iyun oyidan boshlab “Turkish Airlines” kompaniyasi tomonidan “Buxoro — Istanbul — Buxoro” yoʻnalishida toʻgʻridan toʻgʻri muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishiga erishilgan.
Bugungi kunda viloyatning tarixiy qismi hududida 15 ta bankomat oʻrnatilgan, shundan 5 tasi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomati, 10 tasi xalqaro toʻlov kartalarini (Master Card, VISA, UnionPay, MIR, NUMO va boshqalar) qabul qilib, milliy valyuta olish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Milliy bank, Xalq banki, “Kapitalbank”ning valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 2022-2023-yillarda turizm sohasida mehmonxona, motel, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ekoturizm, turistik transport vositalaridan iborat umumiy qiymati 483,9 mlrd soʻmni tashkil etuvchi 52 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar 9 tasi ishga tushirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 256,5 mlrd soʻm boʻlgan 21 ta mehmonxona loyihasi qurilishi amalga oshirilmoqda, xorijiy investitsiya asosida umumiy qiymati 28 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi 3 ta yirik mehmonxona qurish ishlari davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Hindiston (“Metric Ventures”) hamda Buyuk Britaniya (“Wide Tent System”) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan 5 va 4 yulduzli mehmonxonalarni qurish ishlari yakunlanishi rejalashtirilgan.
2021-yilda viloyatdagi turizm sohasida faoliyat olib borayotgan 142 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 22,2 mlrd soʻmlik imtiyoz va preferensiyalardan foydalanilgan. 30 ta tadbirkorlik subyektiga berilgan 79,4 mlrd soʻm kredit mablagʻlaridan 18,6 mlrd soʻm qismining toʻlov muddati 6 oydan 2 yilgacha uzaytirilgan.
Sohadagi 27 ta tadbirkorlik subyekti uchun 1,6 mlrd soʻm (shundan, 3 ta turoperatorga 41 mln soʻm, 24 ta mehmonxonaga 1 mlrd 604 mln soʻm) miqdorida ssuda ajratilgan, yangi turizm yoʻnalishlarini oʻzlashtirish va joriy etish maqsadida 2 ta sayyohlik tashkilotiga va 6 ta gid-ekskursovodga jami 40 mln soʻmlik grantlar ajratilgan.
Viloyatdagi “Etti pir” majmuiga kiruvchi ziyoratgohlarda toʻliq obodonlashtirish ishlari olib borilgan, klaster koʻrinishidagi, yaʼni barcha xizmatlarni (mehmonxona, umumiy ovqatlanish, hunarmandlar rastalari, kitob va suvenirlar doʻkoni, turizm axborot markazi, qushxona, xudoyixona) oʻz ichiga qamrab olgan qulay infratuzilma tashkil etilgan.
Zamonaviy elektron tabloli infokiosklarda har bir ziyoratgoh haqida maʼlumot beruvchi audio, videofayllar, xarita, buklet va broshyuralarni oʻzida mujassamlashtirgan “Tariqatning yetti piri” nomli multimedia dasturi namoyishi yoʻlga qoʻyilgan.
Ziyorat turizmi salohiyatini xorijda keng targʻib qilish orqali tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini oshirish maqsadida xorijlik targʻibot guruhi tomonidan “Etti pir” ziyoratgohlari, ularning boy ilmiy merosi, ushbu hududlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari toʻgʻrisida hujjatli film tayyorlanib, internet tarmoqlarida onlayn translatsiya qilingan.
Viloyatda yangi turizm marshrutlarini tashkil etish maqsadida Romitan tumanida 25 turdagi xizmat koʻrsatuvchi va 500 nafargacha sayyohni qabul qila olish imkoniyatiga ega “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion turizm klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
“Toʻdakoʻl” suv omborining sohilboʻyi hududida (15 gektar) 10 dan ortiq xizmatlarni koʻrsatuvchi umumiy qiymati 6 mln AQSh dollariga boʻlgan “Silk Road Family Resort” plyaj, dam olish va sogʻlomlashtirish maskani barpo etilgan.
Shuningdek, hunarmandchilik yoʻnalishida Buxoro miniatyurasini rivojlantirish maqsadida “Buxoro ipak qogʻozi” hunarmandchilik markazi, Buxoro shahrining “Arabon” koʻchasida joylashgan XVI asrga tegishli qadimiy obyekt negizida umumiy qiymati 1,5 mlrd soʻm boʻlgan “Usto-shogird” miniatyura markazi tashkil etilgan.
Ekoturizm (Jayron, Qoraqir, Ogʻitma), Gastronomik turizm (Milliy taomlar, shirinliklar), Agroturizm (Romitan, Buxoro, Gʻijduvon, Vobkent tumanlari), Etnoturizm (hunarmandlar, mehmon uylari), Madaniy turizm (teatrlashgan tomoshalar), Plyaj (Quyi-mozor, Toʻdakoʻl) kabi yangi turistik marshrutlar va xizmatlar turlari oʻzlashtirilgan.
Viloyatda turizmni yanada rivojlantirish doirasida 2019-yilning 21 — 23-fevral kunlari Buxoro shahrida I xalqaro “Ziyorat turizm” forumi oʻtkazilgan. Mazkur tadbirda dunyoning 34 ta davlatidan islom dunyosidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, sayyohlik uyushmalari, ziyorat turizmi sohasi kompaniyalari vakillari va din ulamolaridan iborat jami 130 dan ortiq mehmonlar tashrif buyurgan. Forum tadbirlari dunyoning 14 mamlakatidan kelgan 20 dan ortiq ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib, tadbir yakunida Oʻzbekistonni ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan.
Viloyatda turizmni yanada rivojlantirish doirasida 2019-yilning 21 — 23-fevral kunlari Buxoro shahrida I xalqaro “Ziyorat turizm” forumi oʻtkazilgan. Mazkur tadbirda dunyoning 34 ta davlatidan islom dunyosidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, sayyohlik uyushmalari, ziyorat turizmi sohasi kompaniyalari vakillari va din ulamolaridan iborat jami 130 dan ortiq mehmonlar tashrif buyurgan. Forum tadbirlari dunyoning 14 mamlakatidan kelgan 20 dan ortiq ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib, tadbir yakunida Oʻzbekistonni ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish toʻgʻrisidagi “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan.
Musulmon olamida “Qubbatul Islom”, “Gumbazi Islom” deb sifatlanuvchi Buxoro shahri Islom Hamkorligi Tashkiloti (IHT)ga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 9-anjumani qaroriga koʻra, 2020-yilda “Islom madaniyati poytaxti” sifatida tasdiqlangan. Buxoro shahridagi Poyi Kalon ansambli — “ShHTning 8-moʻʼjizasi” sifatida eʼtirof etilgan.
Ichki va ziyorat turizmi yoʻnalishida 2022-yilning fevral oyida Buxoro shahrining tarixiy qismidagi “Nodir Devonbegi” madrasasida “Ichki va ziyorat turizmi” yarmarkasi va uning doirasida “Usmon mushafi” nomli maxsus suvenirlar kolleksiyasi namoyishi oʻtkazilgan.
Gastronomik turizm yoʻnalishida 2022-yil aprel oyida “Sharq taomlari” festivali, uning doirasida konsert dasturlari va ommaviy sayllar tashkil etilgan.
2022-yilning 21 — 25-may kunlari Buxoro shahrida 58 ta davlatdan tashrif buyurgan 220 nafar xorijiy mehmon ishtirokida “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik” festivali oʻtkazilgan, festival doirasida Butunjahon Hunarmandchilik Kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Butun jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilgan.
2022-yil 3-4-iyun kunlari Buxoro shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining “IV Yosh liderlar” forumi doirasida Buxoro shahri 2022-yilda “Turkiy dunyoning yoshlar poytaxti” deb eʼlon qilingan.
Xorijiy sayyohlarni jalb qilish hamda viloyatning turizm salohiyatini yanada kengroq targʻib etish maqsadida Tel-Aviv shahrida (Isroil) joriy yilning 29-30-mart kunlari tashkil etilgan “IMTM-2022” xalqaro turizm koʻrgazmasida 31 ta turistik tashkilot mutasaddilari bilan uchrashuvlar tashkil etilgan va ular oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolangan.
2022-yil Ramazon oyida Buxoroning Turizm elchisi, shoir Serdar Tunjer ishtirokida Turkiyaning TRT1 telekanalida Buxoroda suratga olingan “Saharlik barakati” rukni ostida “Etti pir” ziyoratgohlari boʻyicha turkum koʻrsatuvlar namoyishi tashkil qilingan.
Taʼlim va ilmiy turizm yoʻnalishida Buxoro davlat universiteti va “VATEL” Mehmonxona va turizm biznesi maktabi (Fransiya) hamkorligida, Indoneziyaning Gunadarma va Fransiyaning Ruan Normandiya universitetlari bilan hamkorlikda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
2021-yil 30-sentabrda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi hamda Ruan Normandiya universiteti oʻrtasida turizm sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash yuzasidan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Memorandum doirasida 2022-yilning aprel va may oylarida Ruan Normandiya universitetining professor-oʻqituvchilari Buxoro turizm va madaniy meros texnikumiga tashrif buyurib, Ruan Normandiya universitetida oʻqishni davom ettirish istagidagi talabalardan saralash imtihonini oʻtkazgan va yuqori ball toʻplagan 7 nafar texnikum talabasiga universitetga oʻqishga qabul qilish boʻyicha tavsiyanomalar berilgan.
Hamkorlik doirasida 2022-yil 25-may kuni Evreux texnologiyalar instituti oʻqituvchilari (Leblond Carole Veronique, Lemaitre Laurence Virginie Janine) texnikum oʻqituvchilari bilan birgalikda tanlovdan oʻtgan oʻquvchilarga mehmondoʻstlik, umumiy ovqatlanish, turizm sohasida amaliyot oʻtash boʻyicha oʻzlarining 10 soatlik darslarini olib borishgan. Ruan Normandiya universitetining talabalari (Briere Maelys Anais, Leroux Maxence Andre Nubert, Nguyen Alexandre Thong Alain Victor) Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida amaliyot ishlarini olib borgan.
Bu hamkorlik orqali Oʻzbekistonda analogi boʻlmagan taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, dunyoning nufuzli Ruan Normandiya universiteti va Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi oʻrtasida qisqa muddatda turizm sohasida kadrlar tayyorlash nazarda tutilgan. 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab texnikumda “Madaniy meros obyektlarini taʼmirlash boʻyicha usta” yoʻnalishi boʻyicha 50 nafar talabani oʻqishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Turizm sohasining rivojlanishi, turistlar oqimining ortishi barobarida xavfsiz turizmni taʼminlash borasida ham tizimli ishlar olib borilgan. Natijada 2021-yil hamda 2022-yilning 1 choragi davomida xorijiy va mahalliy sayyohlarga nisbatan jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari sodir etilmagan.
2021-yilda 23 ta xorijiy davlat va 12 ta xalqaro tashkilotdan jami 1 ming 46 kishidan iborat tarkibdagi 63 ta delegatsiya, 2022-yilning I choragida 8 ta xorijiy davlat va 4 ta xalqaro tashkilotdan jami 117 kishidan iborat tarkibdagi 12 ta delegatsiya kutib olinib, ularning xavfsizligi toʻliq taʼminlangan.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida sayyohlarning viloyatda qolish vaqti 2 kundan 3 kungacha uzaygan, har 8 nafar sayyohdan bittasi oʻzi yashab qolgan mehmonxonaga qayta tashrif buyurishini bildirgan.
Madaniy merosni asrash
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 846-sonli qaroriga muvofiq viloyatdagi 829 ta moddiy madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan.
Ulardan 287 tasi arxeologiya yodgorligi, 507 tasi arxitektura yodgorligi (shu jumladan, 31 ta madrasa, 105 ta masjid, 14 ta maqbara, 133 ta arxitektura ansambli, 15 ta karvonsaroy, 4 ta tim va toq, 122 ta qadimiy uy-joy, 83 ta boshqa turdagi), 18 tasi diqqatga sazovor joy, 17 tasi monumental yodgorlik.
Viloyat hokimligining 2020-yil 15-dekabrdagi 303-f-sonli farmoyishi asosida tuzilgan ishchi guruh tomonidan alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan obyektlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, restavratsiya va taʼmirlash talab etiladigan 175 ta obyektning manzilli roʻyxati shakllantirilgan.
Shundan, birinchi navbatda taʼmirlanishi zarur boʻlgan oʻta muhim madaniy meros obyektlari soni 40 tani, joriy taʼmirlash zarur boʻlgan obyektlar soni 117 tani hamda tadqiqot va konservatsiya, obodonlashtirish ishlari olib borish talab etiladigan obyektlar soni 18 tani tashkil etgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-martdagi 110-sonli qarori (12 ta obyekt va 1 ta loyiha) hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022-yil 4-martda tasdiqlangan manzilli roʻyxatga (17 ta) asosan 2022-yilda 29 ta madaniy meros obyektida restavratsiya va konservatsiya ishlarini olib borish hamda tarixiy koʻchalarda sopoldan peshtaxtalar oʻrnatish uchun jami 57,5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.
Soʻnggi 5 yilda respublika ilmiy ekspert Kengashi va tegishliligi boʻyicha YUNESKOdan ijobiy xulosalar olingan holda, viloyatdagi jami 123 ta madaniy meros obyektida 75,4 mlrd soʻm (davlat budjetidan 31,9 mlrd soʻm, mahalliy budjetdan 12,2 mlrd soʻm, investorlar (shuningdek ijarachilar) hisobidan 31,3 mlrd soʻm) hajmdagi restavratsiya va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Jumladan:
2017-yilda 13 ta madaniy meros obyektida 6,7 mlrd soʻmlik;
2018-yilda 6 ta madaniy meros obyektida 6 mlrd soʻmlik;
2019-yilda 16 ta madaniy meros obyektida 18,5 mlrd soʻmlik;
2020-yilda 43 ta madaniy meros obyektida 26,2 mlrd soʻmlik;
2021-yilda 45 ta madaniy meros obyektida 18 mlrd soʻmlik taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan.
Buxoro shahrining tarixiy markazi YUNESKOning 1993-yilda Kartaxena shahrida (Kolumbiya) oʻtkazilgan 17-sessiyasida “Buxoro tarixiy markazi” (216 gektar va uning muhofaza zonasi 339 gektar — jami 555 gektar, 280 ta moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyekti joylashgan) nomi bilan Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
“Buxoro tarixiy markazi”dagi madaniy meros obyektlarining saqlanish holatini baholash hamda obyektlarda taʼmirlash-tiklash va asrashga doir konservatsiya ishlarini amalga oshirishda bir qator xalqaro ekspertlar (Tim Vilyams (Buyuk Britaniya), Sara Linde (Niderlandiya), Erik Xoybrexts, Piyer Triko (Fransiya), Kristina Iamandi (Ruminiya), (Ona Vileikis (Kolumbiya), Dmitriy Voyakin, Lyudmila Dubrovskaya (Qozogʻiston)ning xulosa va tavsiyalariga asosan ishlar olib borilmoqda.
2021-yilning 15 — 31-iyul kunlari Fujou shahrida (Xitoy) oʻtkazilgan YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasining 44-sessiyasida Jahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun taklif etiladigan nomzod obyektlar roʻyxatiga Buxoro viloyatidan 7 ta madaniy meros obyekti (Poykent, Varaxsha, Vardonze, Chor Bakr va Bahovuddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Chashmai Ayub xazirasi) kiritilishiga, shuningdek, “Buxoro tarixiy markazi”ning saqlanish holati boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinishiga erishilgan.
2021-yilning 15 — 31-iyul kunlari Fujou shahrida (Xitoy) oʻtkazilgan YUNESKO Umumjahon merosi qoʻmitasining 44-sessiyasida Jahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun taklif etiladigan nomzod obyektlar roʻyxatiga Buxoro viloyatidan 7 ta madaniy meros obyekti (Poykent, Varaxsha, Vardonze, Chor Bakr va Bahovuddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Chashmai Ayub xazirasi) kiritilishiga, shuningdek, “Buxoro tarixiy markazi”ning saqlanish holati boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinishiga erishilgan.
2021-yilda Buxorodagi 7 ta (Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Bakr, Bahovuddin Naqshband majmualari, Magʻoki Attor masjidi, Poi-Kalon ansambli, Qadimgi Poykent shahri qoldiqlari, Toshsaroy madrasasi) madaniy meros obyekti Islom olamining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (AYSESKO)ning Islom Olami Merosi roʻyxatiga kiritilgan.
2022-yilda viloyatda olib borilgan xatlov davomida jami 31 ta, shundan, Buxoro shahrida 3 ta, Jondor tumanida 9 ta, Vobkent tumanida 5 ta, Buxoro tumanida 4 ta, Qorakoʻl tumanida 3 ta, Romitan tumanida 2 ta, Peshkoʻ tumanida 2 ta, Gʻijduvon tumanida 2 ta, Olot tumanida 1 ta madaniy, tarixiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan obyekt aniqlangan. Bugungi kunda mazkur obyektlarni moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Milliy roʻyxatiga kiritish maqsadida Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashi tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Shuningdek, 2021-yilda Buxoro viloyati hokimligi va Janubiy Koreyaning “EGIS” va “New Layer” kompaniyalari oʻrtasida tuzilgan madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish va ularning raqamli egizagi (analogi)ni yaratish boʻyicha imzolangan memorandumga asosan Buxoro shahridagi Ismoil Somoniy maqbarasining raqamli nusxasini yaratish uchun 150 ming AQSh dollari miqdorida grant mablagʻi ajratilgan.
Bugungi kunda “Buxoro tarixiy markazi”dagi barcha obidalarni raqamlashtirish uchun xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qiymati 6 mln. AQSh dollariga teng boʻlgan grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qarori bilan tasdiqlangan 2021-2023-yillarda moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlariga koʻra, viloyatda 2021-yil yakuniga qadar 80 ta obyektning tegralari belgilanishi koʻzda tutilgan boʻlib, amalda 124 ta obyektning muhofaza tegralari belgilangan.
Viloyatdagi roʻyxatga olingan 829 ta moddiy madaniy meros obyektining toʻliq maʼlumotlari va pasportlari Madaniy meros elektron portaliga (http://uzheritage.org) kiritilgan.
2019-yilga qadar viloyatdagi madaniy meros obyektlarining bor-yoʻgʻi 10 foizida kadastr hujjati mavjud boʻlgan, natijada kadastr hujjati boʻlmagan madaniy meros obyektlari egasiz va himoyasiz holda qolgan. Viloyat hokimligi saʼy-harakatlari bilan barcha madaniy meros obyektlarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, madaniy meros obyektlarining davlat kadastrlari yagona elektron tizimiga joylashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qarori asosida Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi hamda uning 7 ta hududda, shu jumladan, Buxoro shahrida ham Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi markazi tashkil etilib, endilikda madaniy meros obyektlarida restavratsiya va taʼmirlash ishlari toʻgʻridan toʻgʻri ushbu direksiya va uning hududiy markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va taʼmirlash masalalarida xorijlik (Eron, Turkiya, Xitoy, Fransiya, Niderlandiya, Ruminiya, Angliya) ekspertlar jalb qilinmoqda.
Madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish talablari va taʼmirlash yondashuvlari, infratuzilmani oʻrnatish, yangi obyektlar qurish, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish talablarini oʻz ichiga olgan yoʻriqnoma ishlab chiqilib, Butunjahon merosi obyektlari va ularning muhofaza zonalarida hamda ularning yaqinida yashovchi aholi vakillari, tadbirkorlik subyektlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga taqdim etilgan.
Xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish
Iqtisodiyotning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan xizmat koʻrsatish sohasini yanada rivojlantirish, aholiga zamonaviy va sifatli xizmat turlarini koʻrsatish, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, aholi, ayniqsa, qishloq joylarda bandlik masalasini hal etishda muhim rol oʻynamoqda.
2022-yil I chorak yakuniga koʻra viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni 31,5 mingtani tashkil etib, ularning 20,4 mingtasi (64,7%) xizmatlar sohasiga toʻgʻri kelgan. Jumladan, savdo xizmatlarida 8 898 ta (43,8%), tashish va saqlash xizmatlarida 1 864 ta (9,2%), yashash va ovqatlanish xizmatlarida 2 420 ta (11,9%), axborot va aloqa xizmatlarida 342 ta (1,7%), sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda 799 ta (3,9%), boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida 6 012 ta (29,6%) korxona faoliyat yuritmoqda.
Aholi tomonidan tadbirkorlikning xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari, jumladan, maishiy xizmat koʻrsatish, savdo, yashash va ovqatlanish, taʼlim, sogʻliqni saqlash yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatishga katta qiziqish bildirilmoqda. Birgina, joriy yil I choragida 2 055 ta yangi kichik biznes subyekti (YTTlardan tashqari) tashkil etilgan boʻlsa, shundan 1 022 tasi (50%) xizmat koʻrsatish korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2021-yil yakuniga koʻra 29,7 foizni (1 1052,2 mlrd soʻm) tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil I chorakda 41,5 foizga (2 907,7 mlrd soʻm) yetgan. Bugungi kunda viloyatda xizmat koʻrsatish sohasida 330 mingdan ortiq fuqarolar bandligi taʼminlangan boʻlib, jami band aholining 42,5 foizini tashkil etmoqda.
Viloyatda 2022-yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga asosan xizmatlar hajmini 19,1 trln soʻmga yetkazib, 2021-yil yakuniga nisbatan 149,3 foizga oʻsishni taʼminlash belgilab olingan.
Xususan, umumiy qiymati 6,9 trln soʻmlik (shundan, bank krediti 1,9 trln soʻm) 6 823 ta loyihani ishga tushirish hamda 48,2 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan boʻlib, joriy yilning I choragi davomida 3 571 ta loyiha ishga tushirilgan (reja 2 519 ta) hamda 48 383 ta yangi ish oʻrni (reja 17 683 ta) yaratilgan.
Jumladan, tashkil etilgan 3 571 ta xizmat koʻrsatish obyektida 7 777 ta (shundan, qishloq xoʻjaligi xizmatlarida 83 ta, mehmonxona va turizm xizmatlarida 165 ta, nodavlat taʼlim va tibbiyot muassasalarida 603 ta, yirik va chakana savdo obyektlarida 3 066 ta, umumiy ovqatlanish obyektlarida 432 ta, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida 706 ta, boshqa xizmat koʻrsatish obyektlarida 2 722 ta) norasmiy ish oʻrinlarini rasmiy sektorga oʻtkazish orqali 3 336 ta hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishida oʻzini oʻzi band qilishga oʻtkazish orqali 37 270 ta ish oʻrni yaratilgan.
Viloyatda tijorat banklari tomonidan xizmat koʻrsatish sohalarida 2021-yil davomida 2 ming 874 ta tadbirkorlik subyektiga 1 trln 982 mlrd 703 mln soʻm, joriy yilning I choragida 811 ta tadbirkorlik subyektiga 379 mlrd 974 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
2021-yil yakuniga koʻra, viloyatda xizmat koʻrsatish hajmi 12,7 trln soʻm yoki oʻsish surʼati 119,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich joriy yilning yanvar-mart oylarida 3,4 trln soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 115,9 foizni tashkil etgan. Xizmatlar hajmi tarkibida tarmoqlarning ulushi:
savdo xizmatlari 33 foizni (1120 mlrd soʻm),
transport xizmatlari 20,5 foizni (696,9 mlrd soʻm),
moliyaviy xizmatlar 19 foizni (643,0 mlrd soʻm),
taʼlim sohasidagi xizmatlar 5,2 foizni (175,3 mlrd soʻm),
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 4,1 foizni (140 mlrd soʻm),
yashash va ovqatlanish xizmatlari 4 foizni (136,7 mlrd soʻm)
boshqa xizmatlar 14,2 foizni (480,1 mlrd soʻm) tashkil etgan.
Viloyatdagi barcha tuman (shahar)larning markaziy koʻchalarini (13 ta koʻcha) savdo, gastronomik turizm va sanʼat yoʻnalishlarida ixtisoslashgan maxsus koʻchalarga aylantirish belgilangan boʻlib, mazkur koʻchalarda amalga oshiriladigan 626 ta loyihaning manzilli roʻyxati shakllantirilgan.
Ushbu koʻchalarni zamonaviy qiyofaga keltirish va aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar mazkur koʻchalardagi 15 km yoʻllar taʼmirlangan, 793 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilgan, 25 km piyodalar yoʻlagi tashkil etilgan, 244 ta xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirilib, 594 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Viloyat hududidan oʻtuvchi A-380 va M-37 xalqaro avtomagistral yoʻllarining oraliq masofasida xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish imkoniyati yuqori. Shu bois 2022-yilda yoʻl boʻyida umumiy qiymati 885 mlrd soʻm boʻlgan 408 ta xizmat koʻrsatish loyihasini ishga tushirish va 1,8 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish belgilangan, joriy yilning I choragida 74 ta loyiha ishga tushirilib, 320 ga yaqin ish oʻrinlari yaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 104-son qaroriga asosan, mehmonxona, savdo, umumiy ovqatlanish, koʻngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladigan 6 ta turizm hududi (Romitan tumanidagi “Marziya”, “Samosiy”, “Azizon”, “Xosa”, Kogon tumanidagi “Niyoz Hoji”, “Choloki”) tanlangan va 2022-yil 19-aprelda xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlangan.
Shu bilan birga, oʻrganish davomida Buxoro viloyatida turizmni yana rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, xizmat koʻrsatishni yaxshilash borasida bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi ham kuzatildi. Jumladan:
Turizm va madaniy meros yoʻnalishida
1. Bugungi kunda viloyatdagi 829 ta madaniy meros obyektidan 139 tasi (17%) turistik marshrutga kiritilgan, xolos, shu bois madaniy meros obyektlarini turizm marshrutiga kiritish orqali turistlarning sonini oshirishga alohida ahamiyat qaratish talab etiladi.
2. “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunning 25-moddasida mehmonxonalarning mulkdorlari umumiy xonalar fondining kamida bitta xonasini oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlashi shartligi belgilangan. Biroq, viloyatdagi aksariyat joylashtirish vositalari mazkur talablarga javob bermaydi, xususan, tanlov asosida oʻrganilgan “Aziya Buxara”, “An-Nur”, “Aziya Hotel”, “Hotel Munis”, “Rangrez” mehmonxonalarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sharoitlar yaratilmagan.
3. Madaniy meros obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslarga inklyuzivlik talablarini hisobga olgan holda, obyektlar va ularga tutash hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish talab etiladi. Xususan, ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish toʻgʻrisida” PQ-3920-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi “2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi muzeylarining inklyuzivligi dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 945-son qarori qabul qilingan.
Biroq eng nufuzli “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasida hid, tovush, musiqa orqali ongli va verbal tavsiflash mumkin boʻlgan biror-bir eksponatlar koʻrgazmalarini tashkil etish va boshqa inklyuziv talablar (radonishonlar, muzey va unga tutash hududlardagi tegishli uchastkalarda maxsus sirgʻalmaydigan qoplamali, jarohat yetkazmaydigan ushlagich oʻrnatish kabilar) toʻliq tatbiq etilmagan.
4. Turizm namoyish obyektlaridagi valyuta ayirboshlash bankomatlarining barqaror ishlashi boʻyicha nazorat talab darajasida emas. Masalan, oʻrganish davomida “Buxoro tarixiy markazi” hududidagi “Milliy bank”, “Turon” bank, “Kapital bank” tasarrufidagi valyuta ayriboshlash bankomatlarining vaqtinchalik faoliyat yuritmayotganligi kuzatildi.
5. Bugungi kunda jamoat va xususiy transport vositalarining koʻpayib borayotganligi, piyodalar yoʻlaklaridagi tirbandliklar tashrif buyuruvchi sayyohlar va mahalliy aholining erkin harakatlanishi uchun noqulayliklar tugʻdirmoqda.
Bu esa, oʻz navbatida, tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish, aholi va transport vositalari tirbandligining oldini olish maqsadida Buxoro shahridagi serqatnov yoʻllarda tez-tez foydalaniladigan yer osti yoki yer usti oʻtish yoʻllari qurishni talab etadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5781-sonli Farmonida 2020-yil 1-yanvardan eng yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlarida “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi”, “Turizm ovuli” faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan. Bugungi kunga qadar viloyatda birorta ham fuqarolar yigʻini “Turizm qishlogʻi”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomini olmagan.
Shu kunga qadar Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlogʻi hamda Gʻijduvon tumanidagi “Qoʻrgʻon” mahallasida bu borada ishlar boshlangan boʻlsa-da, yakuniga yetkazilmagan. Xususan, “Shirin” qishlogʻida avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash, qoʻshimcha oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, “Qoʻrgʻon” mahallasida kirish darvozalarini milliy ruhda qurish, piyodalar yoʻlaklarini taʼmirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini tartibga keltirish kabi ishlar talab darajasida emas.
7. Turistlarga xizmat koʻrsatish sifati yetarli darajada emasligi sababli transport tashkilotlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxona xoʻjaligi xodimlari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslar tashkil etish maqsadga muvofiq. Bu borada tegishli oliy taʼlim muassasalarining imkoniyatlaridan unumli foydalanish talab etiladi.
8. “Buxoro” xalqaro aeroporti va temir yoʻl vokzallaridagi yoʻnalishsiz taksilar faoliyati tartibga solinmagan, shuningdek aksariyat yoʻllarga sunʼiy notekisliklar oʻrnatilgan boʻlib, ular “Sunʼiy notekisliklar. Umumiy texnik talablar. Qoʻllash tartibi” davlat standarti talablariga toʻliq javob bermaydi, bu esa transport vositalarining harakatiga xalal berish bilan birga, turistlarning eʼtirozlariga ham sabab boʻlmoqda.
9. Turistlarni jalb etishda hududning koʻp yillik tarixiy va anʼanaviy hunarmandchilik imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayapti. Masalan, ming yillik tarixga ega va butun jahonda mashhur “Zandanicha” matolarini ishlab chiqarish yoʻqolib bormoqda. “Buxoro tarixiy markazi”dagi Ark qoʻrgʻoni va qadimiy Shahriston bozori orasidagi maydonda “Zandanicha” matolarini ishlab chiqarish ustaxonalarini tashkil qilish zarur.
10. “Buxoro” xalqaro aeroporti va temir yoʻl vokzalidan “Buxoro tarixiy markazi”gacha boʻlgan yoʻllarda obodonlashtirish ishlari, Kogon temir yoʻl vokzalidan Buxoro shahrigacha boʻlgan yoʻlda tungi yoritish vositalari talab darajasida emas.
11. Viloyatdagi turizm namoyishi va madaniy meros obyektlarida bor-yoʻgʻi 17 ta turizm axborot markazi mavjud boʻlib, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida ular koʻp tashrif buyuradigan obyektlar atrofida bunday axborot markazlari soni yetishmaydi. Viloyatga har yili oʻrtacha 40-50 ming xorijiy turist tashrif buyurishini inobatga olgan holda, bunday axborot markazlari sonini oshirish talab etiladi.
12. Viloyatga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida namunaviy loyihalar asosida tashkil etilgan sanitariya-gigiyena shoxobchalari soni yetishmaydi, madaniy meros obyektlari, hatto, Buxoro tarixiy markazi hududida birorta ham koʻchma sanitariya-gigiyena shoxobchasi (biohojatxona) faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan, bu borada ijtimoiy tarmoqlarda ham eʼtirozlar bildirilmoqda.
13. Sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan diniy obyektlar, jumladan, masjidlar, madrasalar va ziyoratgohlarda ziyorat va kiyinish odobi toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi peshtaxtalar mavjud boʻlsa-da, ayrim tashrif buyuruvchilar tarixiy va muqaddas qadamjolarga ochiq-sochiq kiyimlarda kirishi holatlari ham kuzatilmoqda.
Bu turdagi turizm obyektlariga kirish joylarida maxsus kiyimlar (roʻmol, yopinish kiyimi va boshqalar) tarqatilib, obyektdan chiqib ketishda qaytarib olish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan. Mazkur xizmatlarning yoʻlga qoʻyilishi tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish bilan birga, turistlar sonining ortishiga ham xizmat qiladi.
14. “Buxoro” xalqaro aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan toʻliq foydalanish, yangi avia yoʻnalishlar ochish taqozo etilmoqda. Xususan, bugungi kunda “Buxoro” xalqaro aeroportidan qatnovchi xalqaro avia yoʻnalishlar soni 10 tani tashkil etmoqda, mahalliy darajada faqatgina “Toshkent — Buxoro — Toshkent” yoʻnalishi yoʻlga qoʻyilgan.
Buxoroga ichki turizm oqimini yanada oshirish maqsadida Fargʻona, Termiz, Nukus shaharlaridan aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilmagan, Urganch, Samarqand, Toshkent shaharlaridan avtobus qatnovlari soni yetishmaydi. Xalqaro yoʻnalishda Dubay, Jakarta, Vladivostok, Kuala-Lumpur, Lahor, Dushanbe shaharlaridan Buxoroga toʻgʻridan toʻgʻri va charter reyslarga talab yuqori boʻlsa-da, mazkur yoʻnalishlarda aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilmagan.
15. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida muzey va teatrlarning marketing faoliyati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 325-son qarorining 4-bandiga muvofiq, 2020-yil 1-avgustdan boshlab “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasida chiptalarni sotish blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda, Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan boʻlsa-da, shu kunga qadar yagona elektron tizimga ulash ishlari yakunlanmagan.
16. Viloyatdagi turistik marshrutlardagi ayrim avtomobil yoʻllari taʼmirtalab ahvolda. Xususan:
M-37 “Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi” avtomobil yoʻlining 235 — 240 km.lari oraligʻi (Xoʻja Mahmud Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohiga borish);
4R48 “Zarafshon trakti” avtomobil yoʻlining 306 — 320 km.lari oraligʻi (Xoʻja Peshkoʻ va Xoʻja Arif Revgariy ziyoratgohlariga borish);
4R48 “Zarafshon trakti” avtomobil yoʻlining 321 — 326 va 326 — 330 km.lari oraligʻi (“Afshona” majmuasi, Xoʻja Ali Romitaniy va Bobo Samosiy ziyoratgohlariga borish);
4K145 “Adoq q. — Yovojin q. — Uzalon q. — Uba q. — Urganji q.” Avtomobil yoʻlining 0 — 8 km.lari oraligʻi (Sadriddin Ayniy muzeyiga borish);
4K146 “Gʻijduvon q. — Qarahoni q. — Qayragʻoch q. — Markush q. — Qarshiyon q.” avtombil yoʻlining 0 — 4 km.lari oraligʻi (Xoʻja Langar Ato ziyoratgohiga borish);
4K149 “Novxar q. — Xonobod q. — Labirud q. — Jangari q. — Yangirabot q.” avtomobil yoʻlining 5 — 9 km.lari oraligʻi (Xoʻja Mahmud Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohiga borish);
4K212 “Romitan sh. — Xargush q. — Xayrobod q.” avtomobil yoʻlining 9 — 26 km.lari oraligʻi (Chashmai Ayyub ziyoratgohiga borish);
4N216 “Yangibozor q. — Bogʻimuso fermerlar uyushmasi — 4K159 avtoyoʻli” avtomobil yoʻlining 0 — 9 km.lari oraligʻi (Xoʻja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoʻja Peshkoʻ va Joʻja Arif Revgariy ziyoratgohlariga borish);
4R66 “Azizobod q. — Vobkent sh. — Aliyor q. — Xoʻja Porso q. A380 avtoyoʻli” avtomobil yoʻlining 38 — 45 km.lari oraligʻi (Xoʻja Ubbon ziyoratgohiga borish);
4R65 “4R63 avtoyoʻli (49 km) Azizobod q. — Kogon sh.” avtomobil yoʻlining 40 — 43 km.lari oraligʻi (Said Amir Kulol va Bahovuddin Naqshband ziyoratgohlariga borish);
4R72 “a” “Varaxsha tarixiy shaharchasiga” 0 — 8 km.lari oraligʻi (“Qizbibi” arxitektura ansambliga borish);
4R68 “Gʻallaosiyo q. — Romitan sh. — A380 avtoyoʻli” avtomobil yoʻlining 18 — 30 km.lari oraligʻi (Xoʻja Ali Romitaniy va Bobo Samosiy, Xoʻja Zafaron ziyoratgohlariga borish).
17. Buxoro viloyatining ziyorat turizmi salohiyatini xorijiy davlatlarda manzilli targʻib qilish ishlari ham samarali yoʻlga qoʻyilmagan. Xususan, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Hindiston kabi davlatlarda sayyohlik yarmarkasi tashkil etish orqali yirik tarmoqli mehmonxona majmualari, xususiy uy-mehmonxonalar, sanatoriylar, avtotransport kompaniyalari, temir yoʻllar va aviatashuvchilar, turoperatorlar, turagentlar, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlari, muzeylar hamda teatrlarning xizmatlarini namoyish etish, reklama bannerlarini oʻrnatish, madaniy meros obyektlari salohiyatini keng targʻib qilish va yoritib berishga qaratilgan qisqa metrajli videoroliklarni mazkur davlatlarning ommaviy axborot vositalari joylashtirish ishlari sust darajada qolmoqda.
Shuningdek, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Turkiya, Misr, Rossiya, Afgʻoniston mamlakatlarida “Naqshbandiya tariqati” hamda “Hadis imomlari” yoʻnalishida, Eron, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Xitoy, Yaponiya Koreya, Tailand davlatlarida “Islomiy meʼmorchilik” yoʻnalishlarida targʻibot tadbirlarini olib borish talab etiladi.
18. Umumjahon merosi madaniy va tabiiy merosi konvensiyasiga asosan “Buxoro tarixiy markazi” va uning bufer zonasi (jami 555 gektar)ning tarixiy-madaniy koʻrinishini YUNESKO talablari asosida asl holatda saqlash muhim masala hisoblanadi. Biroq ushbu hududda joylashgan, madaniy meros obyektlarining Milliy roʻyxatiga kiritilgan xususiy qadimiy uy-joylarni belgilangan talablar asosida saqlash uchun hamda kam taʼminlangan aholi tomonidan oʻzi yashab turgan uy-joylar shaharning tarixiy koʻrinishiga moslashtirilmagan holda taʼmirlash uchun mulk egalarida yetarlicha mablagʻlar mavjud emas.
Ushbu masalani ijobiy hal qilish maqsadida madaniy meros obyektlarining Milliy roʻyxatiga kiritilgan uy-joylarni yaxshi holatda saqlash hamda kam taʼminlangan oilalarning avariya holatidagi uy-joylarini tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida taʼmirlash va qayta qurish uchun ssuda ajratish masalasini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq.
19. “Buxoro tarixiy markazi” va uning bufer zonasida joylashgan madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish loyihalari YUNESKOning Umumjahon merosi markazi va uning maslahat Kengashi hisoblangan Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) bilan kelishilishi talab etiladi.
Loyihalarni diplomatik kanallar orqali xalqaro tashkilotlarga yuborish va ularni kelishish jarayoni baʼzi hollarda 6 — 8 oylarga choʻzilib ketishi mumkin. 2022 — 2026-yillarda restavratsiya va konservatsiya qilinishi rejalashtirilgan 175 ta madaniy meros obyektining loyihalarini hamda “Buxoro tarixiy markazi”ni rivojlantirish bilan bogʻliq loyihalarni YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishish jarayoni choʻzilishi obyektlardagi restavratsiya ishlarining muddatlari va sifatiga salbiy taʼsir oʻtkazadi.
Loyihalarni qisqa muddatlarda kelishish hamda hujjatlashtirish ishlarini soddalashtirish, loyihalarga ijobiy xulosalar olishni tezlashtirish maqsadida Buxoro shahrida IKOMOSning vakolatxonasini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqish taklif etiladi.
Xizmat koʻrsatish yoʻnalishida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-sonli qarorning 7-ilovasiga muvofiq bir oy muddatda nodavlat umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish sharti bilan tuman (shahar)larda yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish belgilangan.
Xususan, viloyatning Buxoro shahri, Olot, Peshku, Qorakoʻl tumanlarida boʻsh yer maydonlarini aniqlab, 11 ta nodavlat umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasasini qurish sharti bilan yer uchastkalarini onlayn-auksion savdosiga chiqarish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilmagan.
2. Ushbu qarorning 10-ilova 20-bandiga muvofiq 2022-yil 1-martga qadar yengil konstruksiyali obyektlarni joylashtirgan holda, koʻchma savdo faoliyatini amalga oshirish uchun hududlarda kamida 100 tadan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga chiqarish belgilangan. Buxoro viloyatida 2022-yil I choragida jami 342 ta (5,8 ming kv metr) maydon aniqlangan, ammo auksion savdolariga chiqarilmagan.
3. Mazkur qarorning 11.3-ilovasiga muvofiq Buxoro viloyatining maqsadli parametrlari belgilangan boʻlib, 2022-yil I chorak yakuniga koʻra, 1 926 ta xizmat koʻrsatish obyekti tashkil etilgan boʻlib, belgilangan yillik reja (6 823 ta) 28 foizga bajarilgan.
Ammo belgilangan reja ijrosi Gʻijduvon tumanida 9,7 foizga, Qorovulbozor tumanida 13,2 foizga, Jondor tumanida 14,2 foizga, Kogon tumanida 14,4 foizga, Peshku tumanida 17,7 foizga, Qorakoʻl tumanida 18,3 foizga bajarilgan.
4. Viloyatda 2022-yil I chorakda 3 725 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatish yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 127,5 foiz oʻsish surʼati belgilangan boʻlib, amalda 3 392 mlrd soʻmlik xizmat koʻrsatilgan (rejaga nisbatan 333 mlrd soʻmga yoki 11,6 foizga kam).
Hududlar kesimida belgilangan rejaga nisbatan Kogon shahrida 16,9 foizga, Buxoro shahrida 14,4 foizga, Kogon tumanida 28,2 foizga, Gʻijduvon tumanida 20 foizga, Olot tumanida 14,4 foizga kam bajarilgan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi PQ-104-son qarorining 9-ilovasiga muvofiq, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 200 mln AQSh dollari miqdorida mablagʻ tijorat banklari kesimida taqsimlangan. Ushbu mablagʻ hisobidan Buxoro viloyatiga joriy yilning I yarim yilligida 85 mlrd soʻm mablagʻ ajratish belgilangan.
Viloyat hokimligi tomonidan umumiy qiymati 152,4 mlrd soʻm boʻlgan jami 82 ta loyihaning manzilli roʻyxati shakllantirilgan, ammo 85 mlrd soʻm mablagʻ bugungi kunga qadar ajratib berilmagan.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-apreldagi “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-212-son qarorida turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish uchun 50 mln AQSh dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirish belgilangan.
Ushbu mablagʻ hisobidan Buxoro viloyatining Kogon va Romitan tumanlaridagi turizmga ixtisoslashtirish belgilangan hududlar uchun 40 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Mazkur hududlarda amalga oshirish uchun jami 23 ta loyihaning roʻyxati shakllantirilgan, ammo bugungi kunga qadar rejalashtirilgan 40 mlrd soʻm mablagʻ ajratilmagan.
7. Viloyat hududidan oʻtuvchi xalqaro ahamiyatdagi yoʻl yoqalarida jami 154,8 gektar, shundan unumdorligi past boʻlgan 116,2 gektar ekin yer maydonlari mavjud boʻlib, ushbu yer maydonlarida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish orqali xizmat koʻrsatishni rivojlantirish hamda aholi bandligini taʼminlash choralarini koʻrish maqsadga muvofiq.
Unumdorligi past boʻlgan ushbu yer maydonlarining toifasini oʻzgartirish masalalari shu kunga qadar hal etilmaganligi sababli ushbu yoʻnalishdagi ishlar boshlanmagan.
Mazkur yer maydonlarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 500 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish hamda 5 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyati mavjud.
