3-modda. Asosiy tushunchalar
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tabiiy ofatlar — iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq, shuningdek geologik (zilzila, yer va tosh koʻchkilari, oʻpirilishlar), meteorologik (kuchli shamol, kuchli jala, doʻl, qor koʻchkisi, qurgʻoqchilik) va gidrologik (sel, suv toshqinlari) ofatlar, tabiiy yongʻinlar (dasht va oʻrmon yongʻinlari);
tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar (bundan buyon matnda favqulodda vaziyatlar deb yuritiladi) — muayyan hududda odamlar qurbon boʻlishiga, odamlarning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoxud boshqa ofat natijasida, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatlar;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar zonalarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar majmui;
favqulodda vaziyat zonasi — favqulodda vaziyat manbai yuzaga kelganligi oqibatida odamlar qurbon boʻlishi, ularning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishi xavfi mavjud boʻlgan va (yoki) uning taʼsirida jiddiy moddiy talafotlar koʻrilgan, shuningdek odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilgan hudud;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar majmui, vositalar hamda usullar tizimi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui.
