22-modda. Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi kundalik rejimining asosiy tadbirlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tomonidan kundalik rejimda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar quyidagilardan iborat:
atrof tabiiy muhitning holati, xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlardagi va ularga tutash hududlardagi vaziyat ustidan nazorat qilish hamda kuzatish, roʻy berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborotni toʻplash, tahlil qilish va almashish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha maqsadli va ilmiy-texnik dasturlar hamda tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish;
aholini, moddiy va madaniy boyliklarni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, evakuatsiya qilingan aholi vaqtincha joylashtirilgan joylarda ularning hayot faoliyatini taʼminlash boʻyicha tadbirlarni rejalashtirish, shuningdek tegishli tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga doir tadbirlarni rejalashtirish;
aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va muhofazalanish usullariga oʻrgatish;
aholiga xabar berishning va uni xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimi shayligini taʼminlash hamda nazorat qilish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish hamda ularning oʻrnini toʻldirib borish;
sugʻurtaning maqsadli turlarini amalga oshirish.
