19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (bundan buyon matnda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi deb yuritiladi) tomonidan taʼminlanadi.
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida vakolatlarga ega boʻlgan yoki zimmasida majburiyatlar boʻlgan vazirliklarning, idoralarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar, shaharlar hokimliklarining hamda tashkilotlarning boshqaruv organlarini, kuchlari va vositalarini birlashtiradi.
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi hududiy, funksional va axborot-boshqaruv quyi tizimlaridan iborat, shuningdek respublika, mahalliy hamda obyekt darajalariga ega boʻladi.
Favqulodda vaziyatlar davlat tizimining tarkibi va faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
