17-modda. Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Fuqarolar:
xavfsizlik choralariga rioya etishi, ishlab chiqarish intizomining va texnologik intizomning, ekologik xavfsizlik talablarining favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan buzilishlariga yoʻl qoʻymasligi;
favqulodda vaziyatlardan muhofazalanishning asosiy usullarini, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish yoʻllarini oʻrganishi hamda oʻz bilimlari va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirishi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan avariyalar, ofatlar, halokatlar va yongʻinlar xavfidan darak beruvchi aniqlangan alomatlar toʻgʻrisida tegishli organlarni xabardor qilishi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi sharoitlaridagi va favqulodda vaziyatlar roʻy bergan sharoitlardagi ogohlantirish signallarini, yurish-turish qoidalarini hamda harakat qilish tartibini, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish usullarini bilishi;
zarur boʻlganda, qutqaruv ishlarini va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirishga koʻmaklashishi shart.
Fuqarolarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
