11-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishini taʼminlaydi;
oʻz tasarrufidagi obyektlarda roʻy berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga, shu jumladan odamlarning hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soluvchi kasalliklarning keng tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi;
oʻz tasarrufidagi obyektlarning favqulodda vaziyatlar sharoitlarida harakat qilishga shayligini taʼminlaydi;
tarmoqning va oʻz tasarrufidagi obyektlarning favqulodda vaziyatlar sharoitlarida barqaror ishlashini oshirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
oʻz tasarrufidagi obyektlarda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi toʻgʻrisidagi yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berganligi haqidagi axborotni maxsus vakolatli davlat organiga tezkorlik bilan kiritadi;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejalarini, nizomlar, qoidalar va yoʻriqnomalarni kelishib olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;
oʻz tasarrufidagi obyektlarning xodimlarini favqulodda vaziyatlardagi muhofazalanish usullariga va harakatlarga oʻrgatadi;
oʻz tasarrufidagi xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlarda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berganligi haqida aholiga xabar berishning va aholini xabardor qilishning ichki hamda obyektga oid avtomatlashtirilgan tizimlarini yaratadi va ularni doimiy shay holatda saqlab turadi;
aholining va hududlarning muhofaza qilinganlik holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi, shuningdek aholiga va tarmoq xodimlariga favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida tezkorlik bilan xabar beradi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy va moliyaviy resurslar zaxiralarini yaratadi, ushbu maqsadlar uchun har yilgi ajratmalarni belgilaydi hamda markazlashtirilgan taʼminotni amalga oshiradi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir rejalarga muvofiq oʻz tasarrufidagi ishlab chiqarish obyektlarida va ijtimoiy obyektlarda, shuningdek ularga tutash hududlarda qutqaruv ishlarining hamda kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarning tashkil etilishi, moliyalashtirilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
